1447 yil 18 zulhijja2026 yil 4 iyun, payshanba

Munofiqun surasi

Madinada nozil bo'lgan.

28-juz,63-sura,11 oyatdan iborat

1.Ey Muhammad, munofiqlar yoningizga kelib: “Guvohlik beramizki, siz, albatta, Allohning payg‘ambarisiz”, – deydilar. Alloh albatta, siz Uning payg‘ambari ekanligingizni biladi. Lekin Alloh munofiqlarning haqiqatan yolg‘onchi ekanliklariga ham guvohlik beradi.

2.Ular oʻzlarining musulmon ekanliklari haqida ichgan yolg‘on qasamlarini qalqon qilib olib, odamlarni Alloh yoʻlidan toʻsdilar. Ularning qilib yurgan amallari naqadar yomondir!

3.Bunga sabab ular oldin tillarida iymon keltirib, soʻngra dillarida kufr keltirganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qoʻyildi. Endi ular haqiqatni anglay olmaydilar.

4.Agarda ularni koʻrsangiz, jismlari sizni ajablantiradi, soʻzlaganlarida esa soʻzlariga beixtiyor quloq solasiz. Ular goʻyo devorga suyab qoʻyilgan chirik yog‘ochlarga oʻxshaydilar. Ular har bir qichqiriq ovozni ustilariga tushayotgan balo va ofat deb gumon qiladilar. Ular moʻminlarga dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot boʻling! Alloh ularni laʼnatlasin! Oʻzi qayoqqa og‘ib ketmoqdalar?!

5.Qachonki, ularga: “Kelinglar, Allohning payg‘ambari sizlar uchun mag‘firat soʻrasin!” – deyilsa, albatta, ular boshlarini burib ketadilar va ularni kibrlangan hollarida yuz oʻgirishlarini koʻrarsiz.

6.Ey Muhammad, siz ular uchun mag‘firat soʻradingizmi yoki mag‘firat soʻramadingizmi ularga baribir. Alloh ularni aslo mag‘firat qilmaydi. Albatta, Alloh fosiqlar qavmini hidoyat qilmaydi.

7.Munofiqlar oʻzlarining ergashuvchilariga: “Allohning payg‘ambari huzuridagi kishilarga ehson qilmanglar, toki ular tarqalib ketsinlar”, – deydigan kimsalardir. Holbuki, osmonlar va Yer xazinalari faqat Allohnikidir. Lekin munofiqlar buni anglamaydilar.

8.Ular: “Qasam boʻlsinki, agar Madinaga qaytsak, albatta, kuchlilar kuchsizlarni u yerdan quvib chiqaradi”, – deydilar. Holbuki, kuch-qudrat faqat Allohniki, Uning payg‘ambariniki va moʻminlarnikidir. Lekin munofiqlar buni bilmaydilar.

9.Ey moʻminlar, mol-dunyolaringiz ham farzandlaringiz ham sizlarni Allohning zikridan va Unga ibodat qilishdan chalg‘itib qoʻymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana oʻshalar ziyon koʻruvchi kimsalardir.

10.Sizlardan biringizga oʻlim oni kelganda: “Ey Robbim, meni ozgina hayotda qoldirsang, men sadaqa qilib, solih bandalardan boʻlsam”, – deb aytib qolishidan oldin, Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilinglar!

11.Alloh biror jonni ajali kelganida ortga surmaydi. Alloh barcha qilayotgan amallaringizdan xabardordir.