17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура Anbiyo

Ниспослана в Makka.

17-й джуз,21-я сура,112 аятов

1.Odamlar uchun qiyomat kunidagi hisoblari yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g‘aflatda boʻlib, iymondan yuz oʻgiruvchi boʻlgan holdalar.

2.Qachonki ularga Robbilaridan biror yangi eslatma kelsa, uni oʻyin qilib tinglaydilar.

3.Ularning qalblari esa g‘ofildir. Zolimlar: “Axir bu Muhammad oʻzingizga oʻxshagan bir odam-ku! Koʻrib turib, aldanish uchun bu sehrga quloq tutib kelaverasizlarmi?!” – deya pinhona pichirlashadilar.

4.Shunda Muhammad ularga: “Robbim osmon va Yerdagi barcha soʻzni biladi. U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir”, – dedi.

5.Ular: “Muhammad vahiy deb daʼvo qilayotgan soʻzlar, balki, alg‘ov-dalg‘ov tushlardir, balki, uni oʻzi toʻqib olgandir, balki, u shoirdir. Bas, u ham avvalgi yuborilgan payg‘ambarlar kabi bizga biror moʻʼjiza keltirsin!” – dedilar.

6.Ulardan oldin Biz halok qilgan biror shahar aholisi iymon keltirmagan edi. Endi, ular iymon keltirarmidilar?!

7.Ey Muhammad, Biz sizdan ilgari ham faqat erkaklarni oʻzimiz vahiy qilgan holda payg‘ambar qilib yuborganmiz. Bas, ey Makka ahli, agar bilmaydigan boʻlsangizlar, Tavrot va Injilni biladigan zikr ahlidan soʻranglar.

8.Biz u payg‘ambarlarni taom yemaydigan bir jasad qilmadik ular ham insonlardek yeb-ichadilar. Hamda ular abadiy hayot kechiruvchi ham emas edilar.

9.Soʻngra ularga bergan vaʼdaga sodiq qolib, Oʻzimiz xohlagan iymonli kishilar bilan birga payg‘ambarlarga najot berganmiz va haddan oshganlarni esa halok qilganmiz.

10.Darhaqiqat, sizlarga kitobni nozil qildik. Unda sizlarning ibratli zikringiz bor. Axir, aql ishlatmaysizlarmi?!

11.Oldin qanchalab zolim qishloq ahllarini halok qildik va ularning ketidan boshqa qavmlarni paydo qildik.

12.Bas, qachonki, azobimiz kelishini his qilishganda, ular birdaniga u joydan qochib qolmoqchi boʻlar edilar.

13.Shunda farishtalar: “Qochmanglar, maishatga shoʻng‘igan undagi oʻz maskanlaringizga qaytinglar, ehtimol soʻroq qilinasizlar”, – dedilar.

14.Ular bir-birlariga: “Eh, holimizga voy boʻlsin! Darhaqiqat, bizlar zolimlardan boʻlgan edik”, – dedilar.

15.Bas, Biz ularni oʻt-oʻlan kabi oʻrilgan, oʻtin kabi oʻchib halok boʻlgan holga keltirgunimizcha ularning ana oʻsha dod-faryodlari davom etdi.

16.Biz osmon va Yerni hamda ularning orasidagilarni oʻynab bekorga yaratmaganmiz.

17.Iymonu, koʻngilxushlik qilishni xohlaganimizda edi, Biz uni Oʻz tomonimizdan qilgan boʻlar edik.

18.Yoʻq, Biz unday aybu nuqsondan pokdirmiz va haqni botil ustiga tashlaymiz. Bas, haq uni ezib tashlagach, birdan botil yoʻq boʻlib qoluvchidir. Ey mushriklar, Allohni bunday sifatlayotganingiz uchun sizlarga voy boʻlsin!

19.Osmonlar va Yerdagi barcha narsa Unikidir. Uning huzuridagi zotlar Unga qullik qilishdan kibrlanmaydilar va ibodatda toliqmaydilar.

20.Farishtalar tunu kun toʻxtamasdan Allohga tasbeh aytadilar.

21.Yoki mushriklar yerdan oʻzlariga oʻliklarni tiriltira oladigan soxta ilohlarni yasab oldilarmi?!

22.Agar Yer va osmonning ikkisida Allohdan oʻzga ilohlar boʻlganida edi, ixtiloflar tufayli ikkalasi ham buzilib ketgan boʻlar edi. Subhanalloh, Arsh Robbisi boʻlgan Alloh ular sifatlayotgan sheriklardan pokdir.

23.Alloh Oʻzi qiladigan biror narsasidan soʻralmaydi, aksincha, u bandalar qilgan ishlaridan soʻraladilar.

24.Yoki mushriklar Undan boshqa soxta ilohlarni qilib oldilarmi?! Ey Rasulim ularga: “Unday boʻlsa, dalilingizni keltiringiz! Mana bu men bilan birga boʻlgan moʻminlarning eslatmasi Qurʼondir va mendan oldingilarning eslatmalari esa Tavrot va Injildir”, – deb ayting. Yoʻq, ularning koʻpchiligi haqiqatni bilmay turib, undan yuz oʻgiruvchilardir.

25.Ey Muhammad, sizdan oldin Biz yuborgan payg‘ambarlarga ham: “Mendan boshqa iloh yoʻq, bas, faqat Menga ibodat qilinglar”, – deb vahiy qilar edik.

26.Mushriklar: “Rahmonning farishtalardan bolasi bor”, – deydilar. U esa bundan mutlaqo pokdir! Aksincha, farishtalar aslo Allohning bolalari emas, balki ular azizu mukarram bandalardir.

27.Farishtalar Undan oldin biror soʻz aytmaydilar. Ular Allohning amri bilan ish qiladilar.

28.Alloh bandalarining oldilaridagi va orqalaridagi barcha ishlarini biladi. Ular qiyomat kunida faqat Alloh Oʻzi rozi boʻlgan kishilarga shafoat qiladilar. Unday zotlar Uning qoʻrquvidan titrab turuvchilardir.

29.Ulardan biron kimsa: “Men ham Allohdan oʻzga bir ilohman”,– deb aytsa, bas, uni jahannam bilan jazolaymiz. Biz zolimlarni ana shunday jazolaymiz.

30.Kufr keltirgan kimsalar osmonlar va Yer avvalda bitishgan holda boʻlganini, keyin Biz u ikkisining orasini yorib yuborganimizni koʻrmadilarmi?! Shuningdek, suvdan barcha tirik narsalarni paydo qildik, hali ham iymon keltirmaydilarmi?!

31.Yer kurrasidagi mavjudotlarni tebratib yubormasligi uchun unda ulkan tog‘larni yaratdik. Hamda u yerda odamlar manzillariga toʻg‘ri borishlari uchun keng yoʻllarni paydo qildik.

32.Osmonni qattiq muhofaza qilingan tom qilib qoʻydik. Lekin ular Allohning oyatlaridan yuz oʻgiruvchilardir.

33.U kecha va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan Zotdir. Barcha sayyoralar falakda doimiy suzib yuradilar.

34.Ey Muhammad, Biz sizdan avval biror odamzotga hayotida abadiylik bermaganmiz. Nima, siz oʻlsangiz, ular abadiy qoluvchimilar?!

35.Har bir jon egasi oʻlimni totuvchidir. Biz sizlarni sabringizni sinash yomonlik bilan ham, shukr qilishingizni bilish uchun yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilamiz. Keyin, albatta, Bizning huzurimizga qaytarilasizlar.

36.Ey Muhammad, qachonki kufr keltirganlar sizni koʻrib qolsalar bir-birlariga: “Ilohlaringizni ayblab tilga oladigan odam shumi?” – deb masxara qiladilar. Vaholanki, ular Rahmonning zikrini inkor qiluvchilardir.

37.Inson shoshqaloq tabiatda yaratilgan. Yaqinda sizlarga vaʼda qilgan alomatlarimni koʻrsataman. Bas, Meni bu borada shoshiltirmanglar.

38.Ular: “Agar rostgoʻylardan boʻlsangiz, bu vaʼda qachon boʻladi?” – deydilar.

39.Agar kufr keltirgan kimsalar yuzlari va orqalaridan doʻzax olovini toʻsa olmaydigan va ularga qiyomatda hech qanday yordam berilmaydigan dahshatli onni bilganlarida edi, bu gapni aytmagan boʻlar edilar.

40.Yoʻq, qiyomat toʻsatdan kelib qoladi va ularni lol qilib qoʻyadi. Bas, uni qaytarishga kuchlari yetmaydi va ularga tavba qilish uchun muhlat ham berilmaydi.

41.Ey Muhammad, aniqki, sizdan oldingi payg‘ambarlar ham masxara qilingan. Natijada, ularning ustidan kulgan kimsalarni esa oʻzlari masxara qilgan narsalari oʻrab azobga soldi.

42.Ey Muhammad ularga: “Kechasi va kunduzi sizlarni Rahmonning azobidan kim saqlay oladi?!” – deb ayting. Yoʻq, ular Robbilarining zikridan yuz oʻgiruvchilardir.

43.Yoki ularda Bizdan boshqa himoya qiladiganilohlarbormi?! Axir u butlarning oʻzlariga yordam berishga ham kuchlari yetmaydiku! Shuningdek, ular Biz tomondan himoya ham qilinmaydilar.

44.Aksincha, Biz anavi kofirlarni va ota-bobolarini dunyo matolaridan shunday bahramand qilib qoʻydikki, hatto ularga umr hech tugamaydigandek uzoq boʻlib koʻrindi. Axir, ular kufr dunyosi qisqarib, Biz yerni atrofidan kamaytirib kelayotganimizni koʻrmayaptilarmi?! Yoki ular har narsada ustunmilar?!

45.Ey Rasulim, ularga: “Men sizlarni faqat vahiy bilan ogohlantiraman. Lekin qulog‘i maʼnan karlar ogohlantirilayotgan vaqtlarida daʼvatni eshitmaydilar”, – deb ayting.

46.Qasam boʻlsinki, agar ularga Robbingizning azobidan ozgina yetsa, albatta, ular: “Holimizga voy boʻlsin, chindan ham bizlar oʻzimizga zolim ekanmiz”, – deb aytadilar.

47.Biz qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qoʻyamiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmaydi. Agar amallar xardal oʻsimligi donasining og‘irligicha boʻlsa ham, oʻshani keltiramiz! Hisob koʻruvchi sifatida Oʻzimiz kifoya qilamiz.

48.Darhaqiqat, Biz Muso va Horunga haq bilan botilni ayiruvchi Tavrotni taqvodorlar uchun ziyo va eslatma qilib berdik.

49.Ular Robbilaridan g‘oyibona qoʻrqadilar va qiyomat soatidan ham titrab turuvchidirlar.

50.Bu Qurʼon Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Hali sizlar uni inkor qiluvchimisizlar?!

51.Darhaqiqat, Musodan oldin Ibrohimga toʻg‘ri yoʻlni berdik. Biz uni solih ekanini bilar edik.

52.Oʻshanda Ibrohim otasi va qavmiga qarata: “Sizlar berilib sig‘inadigan bu haykallar nimadir?!” – dedi.

53.Ular Ibrohimga: “Ota-bobolarimizni ularga sig‘ingan holda topganmiz”, – dedilar.

54.Ibrohim: “Haqiqatan, sizlar ham, ota-bobolaringiz ham ochiq-oydin zalolatda boʻlgansizlar”, – dedi.

55.Ular yana Ibrohimga: “Bizga haq narsani keltirdingmi yoki sen oʻyin qiluvchilardanmisan?” – dedilar.

56.Ibrohim ularga: “Sizlarning Robbingiz mana bu haykallar emas, balki osmonlar va Yerning Robbidir. U ularni yoʻqdan bor qilgan Zotdir. Men bunga guvohlik beruvchilardanman”, – dedi.

57.Alloh nomiga qasamki, sizlar bu yerdan ortingizga qarab ketganingizdan keyin butlaringizga bir nayrang qilaman.

58.Odamlar ketishgach, Ibrohim butlarni parcha-parcha qilib tashladi. Faqat ularning eng kattasini sindirmay, balki unga murojaat qiladilar deb oʻz holida qoldirdi.

59.Ular qaytib kelib: “Bizning ilohlarimizni kim bunday qildi? Kim boʻlsa ham u zolimlardan ekan”, – dedilar.

60.Ularning ayrimlari: “Butlarni ayblab gapirib yuradigan bir yigitni eshitdik, uni Ibrohim deyishardi”, – dedilar.

61.Shunda ularning kattalari: “Uni odamlarning oldiga olib kelinglar shoyad, ular Ibrohimning ishlariga guvoh boʻlishar”, – dedilar.

62.Ibrohimni olib kelishgach unga: “Ey Ibrohim, ilohlarimizni sen shunday qildingmi?” deb soʻradilar.

63.Ibrohim ularga: “Yoʻq, bu ishni ularning mana bu kattalari qildi. Qani, agar gapira olsalar ulardan soʻrab koʻringlar-chi!” – dedi.

64.Shunda mushriklar biroz oʻzlariga kelib bir-birlariga: “Sizlar oʻzingiz zolimsizlar”, – dedilar.

65.Soʻngra, yana boshlari aylanib: “Axir sen ularning gapirmasliklarini yaxshi bilasanku!” – deyishdi.

66.Ibrohim ularga: “Nahotki, Allohni qoʻyib, sizlarga biror foyda ham, zarar ham keltira olmaydigan narsalarga sig‘inasizlarmi?!” – dedi.

67.Sizlarga ham, Allohni qoʻyib sig‘inayotgan butlaringizga ham suf boʻlsin. Hali ham aql ishlatmaysizlarmi?!

68.Keyin zolim podshoh Namrud boshchiligidagi mushriklar: “Agar Ibrohimga qarshi biror ish qiluvchi boʻlsangiz, uni olovda yoqib yuboringlar! Bu ishni qilish bilan ilohlaringizga yordam qilinglar!” – dedilar.

69.Biz: “Ey olov, Ibrohim uchun salqin va omonlik boʻlgin!” dedik.

70.Ular Ibrohimga makr qilmoqchi boʻldilar. Biz esa ularning oʻzlarini koʻproq ziyon koʻruvchi qilib qoʻydik.

71.Unga va Lut payg‘ambarga najot berib, ularni barcha olamlar uchun muborak qilgan Shom zaminiga yubordik.

72.Biz unga Ishoqni hadya qildik va Yaʼqubni ham nabira qilib qoʻshib berdik hamda barchalarini solih kishilardan qildik.

73.Yana ularni Bizning amrimiz bilan odamlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydigan rahnamolar qildik. Shuningdek, ularga yaxshi amallar qilishni, namozni toʻliq ado etishni va zakot berishni vahiy qildik. Ular, faqat Bizgagina ibodat qiluvchi boʻldilar.

74.Lutga esa hikmat va ilm berdik. Uni nopok ishlar qilgan qishloq ahlidan qutqardik. Darhaqiqat, ular yomon fosiqlar qavmi edilar.

75.Biz uni oʻz rahmatimiz ichiga kiritdik. Haqiqatan, u solih kishilardan edi.

76.Shuningdek, Nuhga ham hikmat va ilm berdik. Oldin u Bizga nido qilganida, uning nidosiga ijobat qildik, keyin oʻzini va ahlini buyuk g‘amdan qutqardik.

77.Unga oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan qavm ustidan g‘alaba berdik. Darhaqiqat, ular yomon qavm edilar. Bas, ularning barchasini toʻfonda g‘arq qilib yubordik.

78.Dovud va Sulaymon payg‘ambarlarning ekinzor xususida hukm qilgan paytini eslang. Oʻshanda kechasi u yerga qavmning qoʻylari kirib payhon qilib ketgan edi. Biz ularning chiqargan hukmiga guvoh edik.

79.Keyin adolatli hukm chiqarish uchun uni Sulaymonga oʻrgatdik. Har ikkisiga hikmat va ilm berdik. Dovud bilan birga tasbeh aytsin deb tog‘larni va qushlarni boʻysundirib qoʻydik. Bularni Biz qilgan edik.

80.Dovudga urush shiddatlaringizdan sizlarni himoya qiladigan sovut yasash sanʼatidan taʼlim berdik. Endi, shukr qiluvchilardan boʻlasizmi?!

81.Sulaymonga esa shiddatli shamolni boʻysundirdik. Uning buyrug‘i bilan shamolni Biz ichini muborak qilgan Shom diyoriga esadigan qilib qoʻydik. Biz boʻlayotgan barcha narsalarni biluvchi edik.

82.Yana shayton va jinlardan Sulaymon uchun dengizda g‘avvoslik qiladigan va bundan boshqa qiyin ishlarni ham qila oladiganlarini yaratdik. Yana Biz ularning qilayotgan ishlarini qoʻriqlab turuvchi boʻldik.

83.Ayyubning esa Robbisiga: “Menga kasallikdan musibat yetdi, Oʻzing rahmlilarning eng rahmlisisan”, – deb nido qilgan paytini eslang.

84.Bas, Biz uning duosini ijobat qilib, undagi zahmatni ketkazdik. Hamda Oʻz huzurimizdan rahmat qilib, ibodat qiluvchilarga eslatma boʻlsin, deb Ayyubga oilasini va ular bilan qoʻshib, yana ularning barobaricha ahlu avlod ato qildik.

85.Ismoil, Idris va Zulkifl nomli payg‘ambarlarni eslang. Barchalari sabr qiluvchi bandalardan edi.

86.Biz ularni oʻz rahmatimiz ichiga kiritdik. Darhaqiqat, ular solih zotlardandir.

87.Zunnun, yaʼni Yunus payg‘ambarning oʻz qavmidan g‘azablangan holda Bizning iznimiz boʻlmasdan qishlog‘idan chiqib ketgan paytida unga qarshi hech narsa qilolmaymiz deb oʻyladi. Biz uni dengizda baliq qorniga tashlaganimizdan keyin qorong‘i zulmatlar ichida: “Sendan oʻzga iloh yoʻqdir. Sen barcha nuqsonlardan poksan. Darhaqiqat, men oʻzimga zulm qiluvchilardan boʻldim”, – deb nido qildi.

88.Bas, uning duosini qabul qildik va uni g‘amdan xalos qildik. Biz moʻminlarga mana shunday najot beramiz.

89.Zakariyo ham: “Ey Robbim, meni yolg‘iz tashlab qoʻyma menga merosxoʻr farzand ato qil. Sen vorislarning eng yaxshisisan”, – deb nido qildi.

90.Bas, uning duosini ham mustajob qildik va unga Yahyoni hadya qildik. Hamda juftini tug‘adigan qilib oʻnglab qoʻydik. Darhaqiqat, bu payg‘ambarlar yaxshi ishlarni qilishda shoshilar, umid va qoʻrquv bilan Bizga duo qilar va Bizga itoat qiluvchi zotlar edi.

91.Yana nomusini saqlagan ayol Maryamni eslang. Bas, ruhimizdan unga pufladik va u Isoga homilador boʻldi. Hamda uni va oʻg‘lini olamlar uchun ibrat qildik.

92.Ey insonlar, sizlarning ushbu ummatingiz aslida bir ummatdir Men esa hammangizning Robbingizman. Bas, faqat Menga ibodat qilinglar.

93.Odamlar esa ishlarini oralarida boʻlib yubordilar. Qiyomat kuni barchalari Bizning huzurimizga qaytuvchidirlar.

94.Bas, kim moʻmin holida solih amallardan qilsa, uning saʼy-harakati bekorga ketmaydi. Biz, albatta, uning amallarini yozib qoʻyuvchimiz.

95.Biz halok qilgan qishloq ahllarining dunyo hayotiga qaytib kelishlari mumkin emas.

96.Nihoyat, qiyomatga yaqin Yaʼjuj va Maʼjuj qavmining toʻg‘oni ochiladi. Ular har bir tepalikdan oqib keladilar.

97.Haq boʻlgan qiyomat vaʼdasi yaqinlashganda birdan u kufr keltirgan kimsalarning koʻzlari dahshatdan qotib: “Eh holimizga voy boʻlsin, bizlar rostdan ham bundan g‘aflatda edik, aksincha, bizlar zolim ekanmiz”, – deydilar.

98.Ey mushriklar, sizlar ham Allohdan boshqa sig‘inayotgan butlaringiz ham jahannam oʻtinidir. Sizlar unga kiruvchisiz!

99.Agar oʻsha maʼbudalar rostdan ham xudolar boʻlganida, doʻzaxga tushmas edingiz. Endi, hammalari u yerda mangu qoluvchidirlar.

100.Ular uchun u yerda, faqat ingrash bordir. Ular u yerda faryoddan boshqa hech narsani eshitmaydilar.

101.Albatta, Biz tomondan ular uchun goʻzallik tayyorlab qoʻyilgan kimsalarga kelsak, ular doʻzaxdan uzoq qilinganlardir.

102.Ular oʻsha doʻzaxning shivirlashini ham eshitmaydilar. Ular nafslari ishtaha qilgan neʼmatlar ichida mangu qoluvchilardir.

103.Kofirlarni dahshatga solgan katta qoʻrquv ularni xafa qilmaydi. Ularni farishtalar: “Bu sizlarning vaʼda qilingan baxtli kuningizdir”, – deb kutib oladilar.

104.Biz u kunda osmonni xuddi maktub yozilgan sahifani oʻragandek oʻrab, avval qanday yaratgan boʻlsak, uni yana oʻsha holga qaytaramiz. Bu Bizning zimmamizdagi vaʼda boʻlib, albatta, Biz buni qiluvchimiz.

105.Haqiqatan, Biz Zikrdan keyin Zabur kitobida: “Albatta, Yer yuziga faqat Mening solih bandalarim merosxoʻr boʻladilar”, – deb yozib qoʻyganmiz.

106.Shubhasiz, mana shu Qurʼonda ibodat qiluvchi qavmlar uchun aniq oʻgit bordir.

107.Ey Muhammad, Biz sizni barcha olamlarga rahmat qilib yubordik.

108.Ey Rasulim: “Menga ilohingiz yagona Iloh ekani haqida vahiy qilinmoqda. Bas, endi musulmon boʻlarsizlar?!” – deb ayting.

109.Bas, agar yuz oʻgirsalar, ularga: “Men sizlarga vahiyni hammaga barobar qilib eshittirdim. Sizlarga vaʼda qilinayotgan qiyomat yaqinmi yo uzoqmi bilmayman”, – deng.

110.Albatta, U soʻzning oshkorasini ham biladi. Shuningdek, sizlar ichingizda nimani berkitayotgan boʻlsangiz ham bilib turadi.

111.Jazoning kechiktirilishi sizga berilgan sinovmi yoki maʼlum bir vaqtgacha dunyodan foydalanib qolishmi, buni men ham bilmayman.

112.Muhammad: “Ey Robbim, Oʻzing haq bilan hukm chiqar. Robbimiz mehribondir hamda U sizlar qilgan vasflardan yordam soʻraladigan Zotdir”, – dedi.