18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Mujodala

Ниспослана в Madina.

28-й джуз,58-я сура,22 аятов

1.Ey Muhammad, Alloh siz bilan eri haqida tortishayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan ayolning soʻzini eshitdi. Alloh sizlarning suhbatingizni eshitadi. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi Basir Zotdir.

2.Oralaringizdagi oʻz xotinlarinizihorqiladigan kimsalar uchun xotinlari onalari emasdir. Ularning haqiqiy onalari ularni tuqqan ayollardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg‘on soʻz aytadilar. Lekin Alloh afv etuvchi va mag‘firat qiluvchidir.

3.Oʻz xotinlarinizihorqilib, soʻngra aytgan soʻzlaridan qaytadigan kimsalarning zimmasida ayollariga qoʻshilishlaridan oldin bir qul ozod qilish kerak. Bu sizlarga qilinadigan nasihatdir. Alloh qilayotgan barcha amallaringizdan xabardordir.

4.Bas, kimki ozod qilishga qul topa olmasa, ayollarga qoʻshilishlaridan oldin zimmasida ketma-ket ikki oy roʻza tutish kerak. Bas, kim roʻza tutishga ham qodir boʻlmasa, uning zimmasida oltmishta miskinga taom berish lozim. Bu hukmlar sizlar Alloh va uning payg‘ambariga iymon keltirishlaringiz uchundir. Bular Allohning belgilab qoʻygan chegaralaridir. Bu qonunlarni inkor qiluvchi kofirlar uchun esa alamli azob bordir.

5.Albatta, Alloh va Uning payg‘ambariga qarshilik qiluvchi kimsalar xuddi oʻzlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinadilar. Darvoqe, Biz aniq oyatlarni nozil qildik. Ularni inkor qiluvchi kofirlarga xor qiluvchi azob bordir.

6.Oʻsha kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, dunyoda qilgan amallarining xabarini beradi. U amallarni Alloh hisoblab qoʻygan. Odamlar esa unutib yuborganlar. Alloh barcha narsaga guvohdir.

7.Alloh osmonlardagi va Yerdagi barcha narsani albatta, bilishini koʻrmadingizmi?! Uch kishining oʻzaro shivirlashlari boʻlsa, albatta, ularning toʻrtinchisi U Zotdir, besh kishining ham maxfiy suhbati boʻlsa, albatta, oltinchisi yana U Zotdir. Bundan oz boʻladimi yo koʻp boʻladimi, qaerda boʻlsalar ham, albatta, U ular bilan birgadir. Soʻngra qiyomat kuni ularga qilgan amallarining xabarini beradi. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir.

8.Ey Muhammad, oʻzaro shivirlashishdan qaytarilganlaridan soʻng yana taqiqlangan narsaga qaytadigan hamda gunoh, adovat va payg‘ambarga itoatsizlik qilish toʻg‘risida oʻzaro maxfiy suhbatlashadigan kimsalarni koʻrmadingizmi?! Qachonki, ular sizning oldingizga kelsalar, Alloh sizga oʻsha soʻz bilan salom bermagan ibora bilan sizga salom beradilar. Yana ular oʻzlaricha: “Aytayotgan soʻzimiz sababli Alloh bizlarni azoblamasa boʻlgani?!” – deydilar. Ularga oʻzlari kirib toblanadigan jahannam bas keladi. U qanday ham yomon joy!

9.Ey moʻminlar, sizlar oʻzaro maxfiy suhbat qilganingizda gunoh, adovat va payg‘ambarga itoatsizlik qilish toʻg‘risida shivirlashmanglar, balki yaxshilik va taqvo haqida shivirlashinglar hamda sizlar Uning huzuriga toʻplanadigan Zot boʻlgan Allohdan qoʻrqinglar!

10.Oʻzaro maxfiy suhbat faqat shayton tomonidan boʻlib, iymon keltirgan kimsalarni g‘amgin qilish uchundir. Lekin u Allohning iznisiz ularga zarar yetkaza oluvchi emasdir. Bas, moʻminlar faqat Allohga suyansinlar.

11.Ey moʻminlar, qachonki, sizlarga majlislarda: “Joy beringlar”, – deyilsa, darhol joy beringlar, Alloh sizlarga ham xohlagan yeringizdan joy beradi. Yana, qachonki, oʻrningizdan “turinglardeyilsa, darhol turinglar, Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan kimsalarni yuksak darajalarga koʻtaradi. Alloh barcha qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

12.Ey iymon keltirganlar, qachonki, sizlar Payg‘ambar bilan oʻzaro suhbatlashishni istasangizlar, suhbatlaringiz oldidan kambag‘al va miskinlarga sadaqa beringlar. Bu oʻzlaringiz uchun yaxshiroq va pokizaroqdir. Bas, agar sadaqaga biror narsa topa olmasangizlar, u holda, albatta, Alloh kechirimli va rahmli Zotdir.

13.Suhbatlaringiz oldidan sadaqalar bersangiz kambag‘al boʻlib qolamiz deb qoʻrqdingizlarmi? Bas, sizlar sadaqa qilmasalaringiz ham Alloh tavbalaringizni qabul qilgan. Endi namozni toʻliq ado qilinglar va haqdorlarga zakot beringlar hamda Alloh va uning Payg‘ambariga itoat etinglar! Alloh barcha qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

14.Ey Muhammad, Allohning g‘azabiga uchragan qavmni doʻst tutgan munofiqlarni koʻrmaysizmi?! U munofiqlar sizlardan ham, mana bu yahudiylardan ham emasdirlar. Yana ular oʻzlarining munofiq ekanliklarini bilib turib: “Biz musulmonmiz”, – deb yolg‘ondan qasam ham ichadilar.

15.Alloh ular uchun jahannamda qattiq azobni tayyorlab qoʻygan. Darhaqiqat, ularning qilgan ishlari naqadar yomondir!

16.Ular oʻzlarining yolg‘on qasamlarini qalqon qilib olib, odamlarni Allohning yoʻlidan toʻsdilar. Bas, ular uchun xor qiluvchi azob bordir.

17.Ularning mollari ham, farzandlari ham Alloh tomonidan keladigan azobni ulardan qaytara olmaydi. Ular doʻzax ahlidirlar. Ular u yerda mangu qoluvchidirlar.

18.Alloh ularning barchalarini qayta tiriltiradigan kunda ular xuddi sizlarga qasam ichayotganlaridek, U Zotga ham qasam ichadilar. Ular qasamlari sababli biror narsaga erishamiz, deb oʻylaydilar. Ogoh boʻlinglarki, albatta, ular aniq yolg‘onchilardir!

19.Ularni shayton egallab olgan va Allohning zikrini unuttirgan. Ana ular shayton guruhidirlar. Ogoh boʻlinglarki, albatta, shaytonning guruhi ziyon koʻruvchilardir!

20.Albatta, Alloh va Uning payg‘ambariga qarshilik qilganlar, aynan, oʻshalar eng xor kimsalar qatorida boʻladilar.

21.Alloh Lavh ul-Mahfuzda: “Albatta, Men Oʻz payg‘ambarlarim bilan birga g‘olib boʻlaman”, – deb yozib qoʻygan. Albatta, Alloh barcha narsaga kuchi yetuvchi – Qoviy va izzati ulug‘ boʻlgan Aziz Zotdir.

22.Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan qavmning Allohga va Uning Rasuliga dushmanlik qiluvchilar bilan doʻstlashganlarini topmaysiz. Hatto ular oʻz otalari, yoki farzandlari, yoki aka-ukalari, yoki qarindosh urug‘lari boʻlsa ham. Aynan ularning qalblariga Alloh iymonni bitib qoʻygan va ularni oʻz tomonidan boʻlgan ruh bilan quvvatlantirgan. Alloh ularni taglaridan anhorlar oqib turadigan va u yerda mangu qoladigan jannatlarga kiritadi. Alloh ulardan rozi boʻladi va ular ham Allohdan rozi boʻladilar. Aynan ular Allohning hizbidirlar. Ogoh boʻlinglarki, albatta, Allohning hizbigina najot topuvchilardir!