17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура G'ofir

Ниспослана в Makka.

24-й джуз,40-я сура,85 аятов

1.Ho, Mim.

2.Ushbu Qurʼon izzatli va bilimli Alloh tomonidan nozil qilingan kitobdir.

3.Alloh bandalarning gunohini mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va fazlu karam egasidir. Undan oʻzga iloh yoʻq. Qaytib borish, faqat Uning Oʻzigadir.

4.Allohning oyatlari haqida faqat kufr keltirgan kimsalar tortishadilar. Bas, ularning shaharlarda aylanib yurishlari sizni aldab qoʻymasin.

5.Ulardan oldin Nuh qavmi va ulardan keyingi firqalar ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqargan edilar. Har bir ummat oʻz payg‘ambarini tutib oʻldirishga qasd qilgan va haqni yoʻqotish uchun botil hujjatlar bilan tortishganlar. Bas, ularni azobim bilan tutdim. Mana, azobim qanday boʻldi?!

6.Kufr keltirgan kimsalar ustiga ham Robbingizning azob haqidagi soʻzi mana shunday muqarrar boʻlgan. Albatta, ular doʻzax egalaridir.

7.Arshni koʻtarib turadigan va uning atrofidagi farishtalar Robbilariga hamd bilan tasbeh aytadilar va Unga iymon keltiradilar hamda iymon keltirgan kishilarni Allohdan mag‘firat qilishini soʻraydilar. Ey Robbimiz, rahmating va ilming bilan har bir narsani qurshab olgansan. Bas, tavba qilib, yoʻlingga ergashgan kimsalarni mag‘firat qil va ularni doʻzax azobidan saqlagin.

8.Ey Robbimiz, ularni ham, ularning ota-bobolarini ham, juftlari va zurriyotlari orasidagi solih boʻlgan kishilarni ham ularga Oʻzing vaʼda qilgan Adn jannatlariga kiritgin. Shubhasiz, Sen izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotsan.

9.Ey Robbimiz, ularni barcha yomonliklardan asragin, Kimni oʻsha qiyomat kunidagi yomonliklardan asrasang, bas, haqiqatan, unga rahm qilibsan. Mana shu katta yutuqdir.

10.Kufr keltirgan kimsalarga qiyomat kuni: “Sizlarni dunyoda iymonga chaqirilganda, kofir boʻlgan paytingizdagi Allohning nafrati sizning oʻzingizga hozirgi nafratingizdan kattaroqdir”, deb nido qilinadi.

11.Shunda ular: “Ey Robbimiz, Sen bizlarni ikki marta oʻldirding va ikki marta tiriltirding. Bas, bizlar dunyoda qilgan gunohlarimizni eʼtirof qildik. Endi, bu azobdan chiqishga biror yoʻl bormi?” – deydilar.

12.Bu azoblar sizlarni yolg‘iz Allohga ibodat qilishga daʼvat qilinganda kufr keltirganingiz, agar Unga shirk keltirilsa, ishonganingiz tufaylidir. Bas, barcha hukm oliy va ulug‘ Allohnikidir.

13.U sizlarga Oʻzining borligi va birligiga dalolat qiluvchi alomatlarini koʻrsatadi va sizlarga osmondan rizq yog‘diradi. Lekin bu alomatlardan faqat Allohga koʻp tavba qiladigan kishilargina eslatma oladi.

14.Bas, ey moʻminlar, garchi kofirlar yoqtirmasalar ham Allohga dinni xolis qilgan holingizda duo qiling.

15.Alloh yuksak darajali va Arsh sohibidir. U Oʻz amri bilan bandalari orasidan kimni xohlasa, oʻshanga qiyomatdagi muloqot kunidan ogohlantirish uchun ruhni nozil qiladi.

16.Ular qabrlaridan tirilib chiqadigan qiyomat kunida Allohga ulardan biror narsa maxfiy boʻlib qolmaydi. Bu kunda podshohlik kimniki?! Albatta, yolg‘iz boʻlgan – Vohid va hammadan g‘olib – Qahhor Zot Allohnikidir.

17.Bu kunda har bir jon oʻzi qilgan ishiga yarasha jazolanadi. Bu kunda hech kimga zulm qilish yoʻq. Albatta, Alloh tez hisob qiluvchi Zotdir.

18.Ey Muhammad, ularni yaqinlashuvchi qiyomat kunidan ogohlantiring. Oʻshanda ularning yuraklari halqumlariga tiqilib, g‘amlarini yutib turadilar. U kunda zolimlar uchun doʻst ham amriga itoat qilinadigan shafoatchi ham boʻlmaydi.

19.Alloh haromga qaragan koʻzlarning xiyonatini ham, koʻngillar yashiradigan narsalarni ham biladi.

20.Alloh haq bilan hukm qiladi. Undan oʻzga iltijo qilayotganlari esa hech narsa bilan hukm qilolmaydilar. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

21.Axir, ular yer yuzida sayr qilib, oʻzlaridan avval oʻtgan iymonsiz kimsalarning oqibatlari qanday boʻlganiga nazar solmaydilarmi?! Ular Makka mushriklaridan koʻra kuchliroq va yer yuzida qoldirgan asarlari koʻproq boʻlgan edilar. Bas, Alloh ularni gunohlari tufayli tutdi. Ularga Allohdan oʻzga birorta azobdan saqlovchi boʻlmadi.

22.Bunga sabab, ularga payg‘ambarlari aniq hujjatlarni keltirganlarida, ular inkor qildilar. Bas, Alloh ularni ushladi va halok qildi. Shubhasiz, U kuchli va azobi qattiqdir.

23.Biz Musoni, moʻʼjizalarimiz va ochiq-oydin hujjat bilan yubordik.

24.Muso payg‘ambarni firʼavn, Homon va Qorun oldiga yubordik. Ular: “Muso yolg‘onchi va sehrgardir”, – dedilar.

25.Bas, Muso ularga huzurimizdan haq payg‘ambarlik bilan kelganida, ular: “U bilan birga iymon keltirgan kimsalarning oʻg‘illarini oʻldirib, ayollarini buzuq niyatda foydalanish uchun tirik qoldiringlar” – dedilar. Biroq kofirlarning hiylasi zalolatdan boshqa narsa emas.

26.Firʼavn: Menga qoʻyib beringlar, Musoni oʻldiraman. Qani, u Robbisiga duo qilsin-chi, uni qutqarar ekanmi?! Men Muso diningizni oʻzgartirib yuborishidan yoki yer yuzida buzg‘unchilik chiqarishidan qoʻrqyapman”, dedi.

27.Shunda Muso: Men Robbim va Robbingiz boʻlgan Allohdan hisob kuniga iymon keltirmaydigan barcha mutakabbirlarning yomonligidan panoh soʻrayman”, – dedi.

28.Shunda firʼavnning xonadonidan boʻlgan va iymonini yashirib yuradigan bir moʻmin kishi: Bir odamni Robbim Alloh”, degani uchun oʻldirasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga Robbingiz tomonidan aniq hujjatlarni keltirdi. Agar u yolg‘onchi boʻlsa, yolg‘oni oʻz zarariga. Bordi-yu rostgoʻy boʻlsa, u holda sizlarga vaʼda qilayotgan baʼzi azoblar yetib qoladi. Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg‘onchi kimsalarni toʻg‘ri yoʻlga boshlamaydi”, – dedi.

29.Ey qavmim, bugungi kunda hukmronlik sizniki, Yer yuzida yuzaga chiqib turibsizlar. Agar bizlarga Allohning azobi kelsa, kim bizga yordam beradi?! Firʼavn unga: “Men sizlarga oʻzim oʻylayotgan narsadan boshqani koʻrsatmayman va sizlarni, faqat toʻg‘ri yoʻlga boshlayman”, – dedi.

30.Iymon keltirgan kishi: Ey qavmim, men sizlarning ustingizga ham xuddi oʻtgan iymonsiz firqalarning kuni kelib qolishidan qoʻrqaman”, – dedi.

31.Ular Nuh qavmi, Od, Samud qabilasi va ulardan keyingi kufr yoʻlini tutgan kimsalarning ishi kabidir. Alloh bandalariga zulm qilishni xohlamaydi.

32.Ey qavmim, haqiqatan, men sizlarga qiyomatdagi nidolashuv kunidan qoʻrqaman.

33.U kunda sizlar ortga qarab qochasizlar. Biroq sizlar uchun Allohning azobidan saqlab qoluvchi boʻlmaydi. Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, unga hidoyat qiluvchi boʻlmaydi.

34.Darvoqe, oldin Yusuf sizlarning ajdodlaringizga aniq hujjatlarni keltirganida ham, sizlarga keltirilgan dalillarga shak keltirib, qattiq turib olgan edingiz. Nihoyat, u vafot etgan paytda: “endi, Yusufdan soʻng Alloh aslo payg‘ambar yubormaydi”, – dedingiz. Haddan oshuvchi va shak keltiruvchi kimsalarni Alloh mana shunday yoʻldan ozdirib qoʻyadi.

35.Allohning oyatlari haqida oʻzlariga kelgan biror dalilsiz tortishadigan kimsalar Alloh nazdida ham, iymon keltirgan zotlar nazdida ham qattiq nafratga qoladilar. Alloh har bir mutakabbir va zoʻravonning qalbini mana shunday muhrlab qoʻyadi.

36.Firʼavn: Ey Homon, men uchun bir baland minora qurgin, shoyadki men uning ustiga chiqib sabablarga yetib borsam”, – dedi.

37.Osmonlarning yoʻllariga yetib borayki, zora Musoning ilohini koʻrsam, chunki men uni yolg‘onchi deb gumon qilyapman. Firʼavnga oʻzining yomon amali mana shunday chiroyli qilib koʻrsatildi va toʻg‘ri yoʻldan toʻsildi. Firʼavnning barcha hiylasi, faqatgina halokatdadir.

38.Iymon keltirgan kishiEy qavmim, menga ergashinglar, men sizlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlab boraman”, – dedi.

39.Ey qavmim, bu oʻtkinchi dunyo hayoti faqat bir arzimas matodir. Albatta, oxirat barqarorlik diyoridir.

40.Kimki biror yomonlik qilsa, unga oxiratda oʻsha yomonligi barobaricha jazo beriladi. Erkakdir, ayoldir kimki moʻmin boʻlgan holida biror yaxshilik qilsa, aynan oʻshalar jannatga kiradilar. U joyda ularga behisob rizq beriladi.

41.Ey qavmim, nima uchun men sizlarni najotga chaqirsam, sizlar meni doʻzaxga chaqirasizlar?!

42.Sizlar meni Allohga kufr keltirishga va oʻzim bilmaydigan narsalarni Unga sherik qilishga chaqiryapsizlar. Men esa, sizlarni izzatli va juda mag‘firatli Zotga daʼvat qilyapman.

43.Shubha yoʻqki, albatta, sizlar meni unga ibodat qilishga chorlayotgan narsalaringiz dunyoda ham oxiratda ham hech kimni daʼvat qila olmaydi. Albatta, barchamizning qaytib borishimiz Allohgadir. Albatta, haddan oshuvchilar, ana oʻshalar doʻzax egalaridir.

44.Boshingizga azob tushganda men sizlarga aytayotgan bu soʻzlarimni eslaysizlar. Men oʻz ishimni Allohga topshiraman. Shubhasiz, Alloh bandalarining qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchidir.

45.Bas, Alloh u iymon keltirgan kishini ularning yomon makrlaridan saqladi va firʼavn xonadonini yomon azob oʻrab oldi.

46.U azob shunday olovki, ertayu kech unda koʻndalang qilib kuydiriladilar. Qiyomat soati qoim boʻladigan kunda esa, doʻzax farishtalariga: “Firʼavn xonadonini eng ashaddiy azobga kiritinglar”, – deyiladi.

47.Oʻshanda ular doʻzaxda oʻzaro tortishib, zaiflar mutakabbirlarga: “Bizlar dunyoda sizlarga ergashgan edik, endi, sizlar bizlardan doʻzax otashining biror boʻlagini daf qila olasizlarmi?” – deydilar.

48.Takabburlik qilgan kimsalar: Bizlarning barchamiz, shubhasiz, endi, bu yerdamiz. Alloh bandalari oʻrtasida hukm chiqarib boʻldi”, – deydilar.

49.Shunda doʻzaxdagi kimsalar jahannam qoʻriqchilariga: “Robbingizga duo qilinglar, bizlardan biror kun azobni yengillatsin”, – deydilar.

50.Jahannam qoʻriqchilari: Axir, sizlarga payg‘ambarlaringiz hujjatlar bilan kelmagan edimi?!” – deb aytadilar: Ular: “Ha, lekin ularga ishonmagan edik”, – deydilar. Shunda farishtalar ularga: “Unda oʻzingiz duo qilaveringlar. Faqat kofirlarning duolari, zalolatdir”, – deb aytadilar.

51.Albatta, Biz payg‘ambarlarimizga va iymon keltirgan kimsalarga dunyo hayotida ham, guvohlar hozir boʻlib turadigan qiyomat kunida ham yordam beramiz.

52.U kunda zolimlarga uzrlari foyda bermaydi. Ularga laʼnat boʻladi va ularga doʻzaxdan eng yomon joy boʻladi.

53.Biz Musoga hidoyat ato etdik va bani Isroil avlodiga meros qildik.

54.Aql egalari uchun hidoyat va eslatma boʻlgan Tavrot kitobini bergan edik.

55.Bas, ey Muhammad, mushriklarning ozorlariga sabr qiling. Albatta, Allohning vaʼdasi haqdir. Gunohingizga mag‘firat tilang hamda tunu kun Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting.

56.Albatta, Allohning oyatlari haqida oʻzlariga kelgan biror hujjatsiz tortishadigan kimsalarning koʻngillarida kibr bor. Ular oʻzlari orzu qilgan bu kibrlariga yetishuvchi emaslar. Bas, siz Allohdan panoh soʻrang. Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

57.Albatta, osmonlar va Yerni yaratish insonlarni yaratishdan kattaroq ishdir. Lekin odamlarning koʻpchiligi buni bilmaydilar.

58.Koʻzi koʻr bilan koʻradigan odam va iymon keltirib, solih amallarni qilganlar bilan yomonlik qiluvchi kimsa ham barobar boʻlmaydi. Ey odamlar, juda kam eslatma olasizlar.

59.Albatta, qiyomat soati keluvchidir, u haqda hech qanday shubha yoʻq. Lekin odamlarning koʻpchiligi unga iymon keltirmaydilar.

60.Robbingiz: “Menga duo qilinglar, Men sizlarning duolaringizni ijobat qilaman”, – dedi. Albatta, Menga qullik qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda boʻyinlarini eggan holarida jahannamga kiradilar.

61.Alloh sizlarga unda orom olishingiz uchun kechani va kasb-kor qilishingiz uchun yorug‘ kunduzni yaratgan Zotdir. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan fazlu karam sohibidir. Lekin odamlarning koʻplari shukr qilmaydilar.

62.Ana oʻsha Alloh sizning Robbingizdir. U barcha narsaning yaratuvchisidir. Undan oʻzga iloh yoʻqdir. Bas, haqdan qayoqqa burilib ketyapsizlar?!

63.Allohning oyatlarini inkor qiluvchi kimsalar mana shunday toʻg‘ri yoʻldan burilib ketadilar.

64.Alloh sizlarga hayot kechirishingiz uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qoʻygan Zotdir. U sizlarga turli surat berib, suratlaringizni goʻzal qilgan hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirgan Zotdir. Ana oʻsha Alloh sizning Robbingizdir. Bas, barcha olamlarning Robbisi boʻlgan Alloh barakatli va ulug‘dir.

65.U hamisha tirikdir. Undan oʻzga iloh yoʻq. Bas, ey moʻminlar, sizlar dinni Unga xolis qilgan holingizda duo qilinglar. Barcha olamlarning Robbisi Allohga hamd boʻlsin.

66.Ey Muhammad, ularga: “Men oʻzimga Robbim tomonidan hujjatlar kelgan paytda, sizlar Allohdan boshqaga duo qilayotgan narsalaringizga ibodat qilishdan man etilganman va olamlarning Robbisiga taslim boʻlishga amr qilindim”, – deb ayting.

67.U avval sizlarni tuproqdan, soʻngra bir tomchi nutfadan, soʻngra laxta qondan yaratgan Zotdir. Keyin U sizlarni ona qornidan goʻdak holingizda dunyoga chiqaradi. Soʻngra sizlarni voyaga yetishingiz, keyin qarishingiz uchun ulg‘aytiradi. Sizlarning orangizda bu davrdan oldin vafot etadigan kishilar ham boʻladi. Alloh sizlarni belgilangan ajalgacha yetib borishingiz uchun hayot beradi. Shoyadki, bulardan ibrat olib, aql ishlatsangizlar.

68.U tiriltiradigan va oʻldiradigan Zotdir. Agar biror ishni hukm qilsa, unga faqat: “Boʻl!” – deydi, xolos. Bas, u ish boʻladi.

69.Allohning oyatlari haqida tortishadigan kimsalarni koʻrmadingizmi? Ular qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

70.Biz nozil qilgan kitobni va payg‘ambarlarimiz bilan yuborgan narsalarni yolg‘onga chiqargan kimsalar yaqinda barchasini bilib oladilar.

71.Oʻshanda ular doʻzaxda boʻyinlarida kishan va zanjirlar bilan sudraladilar.

72.Qaynoq suv ichida boʻladilar. Soʻngra olovda yondiriladilar.

73.Soʻngra ularga: Sizlar shirk keltirib oʻtgan narsalaringiz qaerda qoldi?!” – deyiladi.

74.Allohdan oʻzga sig‘inganlaringiz qani?! Ular: “Shirk keltirganlarimiz bizning koʻzimizdan g‘oyib boʻlib qolishdi. Yoʻq-yoʻq, bizlar dunyoda oldin hech narsaga iltijo qilmaganmiz”, – deydilar. Alloh kofirlarni shu tarzda zalolatga ketkazadi.

75.Mana shu azoblarga duchor boʻlishingizga sabab – sizlar yer yuzida nohaq xursand boʻlganingiz va kibr-havoga berilib yurganingiz uchundir.

76.Jahannam eshiklaridan u joyda mangu qoluvchi boʻlgan hollaringizda kiringlar. Bas, mutakabbirlarning borar joyi naqadar yomondir.

77.Bas, ey Muhammad, ularning ozorlariga sabr qiling. Albatta, Allohning vaʼdasi haqdir. Bas, agar sizga oʻsha kofirlarga vaʼda qilayotgan azobdan baʼzilarini koʻrsatsak ham yoki sizni azob tushishidan oldinroq vafot ettirsak ham, bas, faqat Oʻzimizga qaytariladilar.

78.Biz sizdan oldin ham koʻplab payg‘ambarlarni yuborganmiz. Ulardan sizga qissasini aytib berganimiz ham, yana ulardan sizga qissasini aytib bermaganimiz ham bordir. Hech bir payg‘ambarga Allohning iznisiz biror moʻʼjiza keltirish mumkin boʻlmaydi. Bas, qachonki, Allohning amri kelganda, haq bilan hukm chiqariladi va oʻshanda botil ish qilib yuruvchilar ziyon koʻradilar.

79.Alloh sizlar uchun hayvonlardan baʼzilarini ulov sifatida minishlaringiz uchun va baʼzilarini esa soʻyib yeyishlaringiz uchun paydo qildi.

80.Sizlar uchun ularda koʻp foydalar bordir. Bu hayvonlar ularning ustida koʻngillaringiz istagan ehtiyojlaringizga yetishlaringiz uchun ham yaratilgan. Sizlar quruqlikda oʻsha hayvonlar ustida va dengizlarda esa kemalarda manzillaringizga eltib qoʻyilasizlar.

81.Alloh sizlarga Oʻz oyatlarini koʻrsatadi. Bas, sizlar Allohning qaysi oyatlarini inkor qilasizlar?!

82.Axir, ular yer yuzida sayr qilib, oʻzlaridan avval oʻtgan iymonsiz kimsalarning oqibatlari qanday boʻlganiga nazar solmaydilarmi?! Ular Makka mushriklaridan koʻra kuchliroq va yer yuzida qoldirgan asarlari koʻproq boʻlgan edilar. Biroq qilgan kasbu korlari oʻzlariga foyda bermadi.

83.Chunki ularga payg‘ambarlari hujjatlar bilan kelganlarida, oʻzlaridagi manfaatsiz bilim bilan shodlandilar. Nihoyat ularni oʻzlari masxara qilib yurgan azob qurshab oldi.

84.Bas, qachonki, azobimizni koʻrganlarida: “Yolg‘iz Allohga iymon keltirdik va oldin Allohga sherik qilib olgan butlarimizni endi, inkor qildik”, – dedilar.

85.Lekin azobimizni koʻrgan vaqtdagi iymonlari ularga foyda bermaydi. Bu Allohning barcha bandalari haqida joriy boʻlib kelgan yoʻlidir. Ana oʻshanda kofirlar ziyon koʻrdilar.