1.U yuzini burishtirdi va yuz oʻgirdi.
Сура Abasa
Ниспослана в Makka.
30-й джуз,80-я сура,42 аятов2.Zero, uning huzuriga koʻzi ojiz odam kelgan edi.
3.Ey Muhammad, siz qaerdan ham bilasiz, ehtimol, u sizdan foydalanib, oʻz gunohlaridan poklanar.
4.Yoki eslatma olar va bu eslatma unga foyda berar?!
5.Ammo boy kimsaga esa,
6.Bas, siz eʼtibor berib u tomonga intilyapsiz.
7.Holbuki, uning oʻz kufridan poklanmasligi sizga zararli emas edi.
8.Ammo oldingizga shoshilib kelgan,
9.Hamda u Allohdan qoʻrqqan holida kelgan kishi edi.
10.Bas, siz undan chalg‘imoqdasiz.
11.Yoʻq, bunday qilmang! Albatta, bu Qurʼon oyatlari eslatmadir.
12.Bas, kim xohlasa, uni zikr qiladi.
13.U oyatlar Alloh nazdida mukarram sahifalardadir.
14.Qadri baland, pokiza sahifalardadir.
15.Kotib farishtalar qoʻllaridadir.
16.Ular hurmatlangan va yaxshilardir.
17.Halok boʻlgur inson bunchalar kofir boʻlmasa!
18.Alloh uni qaysi narsadan yaratdi?!
19.Bir haqir nutfadan yaratib, soʻng uni tug‘ilish vaqtini belgilab qoʻydi.
20.Soʻngra unga tug‘ilishda ona qornidan chiqish yoʻlini oson qildi.
21.Soʻngra unga oʻlim berib, qabrga kirgizdi.
22.Soʻngra Oʻzi xohlaganda, uni yana qayta tiriltiradi.
23. Yoʻq, inson Alloh unga buyurgan narsani hanuz ado qilmadi.
24.Endi inson oʻzining taomiga ibrat koʻzi bilan nazar solsin!
25.Biz osmondan suvni moʻl-koʻl qilib yog‘dirdik.
26.Soʻngra yerni oʻziga xos qilib yordik.
27.Soʻngra unda donlarni undirdik.
28.Uzum va koʻkatlarni oʻstirdik.
29.Zaytun va xurmolarni ham oʻstirdik.
30.Qalin daraxtzorli bog‘larni paydo qildik.
31.Meva-cheva va oʻt-oʻlanlarni undirdik.
32.Bular sizlarga va chorva hayvonlaringizga foyda boʻlishi uchun.
33.Bas, qachonki, quloqlarni kar qiluvchi qichqiriq kelganda,
34.Oʻsha kunda kishi oʻz aka-ukasidan qochadi.
35.Yana onasi va otasidan ham qochadi,
36.Xotini va oʻg‘illaridan ham qochadi.
37.Chunki u kunda ulardan har bir kishini ovora qiluvchi oʻz ishi boʻladi.
38.U kunda baʼzi yuzlar yorug‘ boʻladi.
39.Kuluvchi va xursand boʻladi.
40.U kunda g‘ubor bosgan yuzlar ham boʻladi.
41.U yuzlarni qarolik qoplagandir.
42.Ana ular fisqu fujur qiluvchi kofirlarning oʻzidir.

