18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Naba'

Ниспослана в Makka.

30-й джуз,78-я сура,40 аятов

1.Mushriklar bir-birlaridan nima haqida soʻrashmoqdalar?!

2.Ulug‘ xabar haqida soʻramoqdalar.

3.Shundayki, u haqda ular doimo tortishuvchidirlar.

4.Yoʻq, ularning gumonlari behudadir. Ular yaqinda bu xabarning haq ekanini bilib oladilar.

5.Soʻngra, yana yoʻq, yaqinda bilib oladilar.

6.Biz Yerni beshik qilib toʻshab qoʻymadikmi?!

7.Tog‘larni esa Yerni tutib turuvchi qoziqlar qilib qoʻymadikmi?!

8.Biz sizlarni juft-juft qilib yaratdik.

9.Uyqularingizni tanangiz uchun orom qildik.

10.Kechani esa oʻz qorong‘usi bilan barcha narsani yashirib turadigan libos qildik.

11.Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik.

12.Tepalaringizda yetti qavat mustahkam osmonni bino qildik.

13.Yana quyoshni harorat taratuvchi chiroq qildik.

14.Yana Biz siqilgan bulutlardan duv-duv yomg‘ir yog‘dirdik.

15.U sababli don va nabotot undirib chiqaramiz.

16.Shuningdek, qalin bog‘larni ham yaratdik.

17.Albatta, ajrim kuni hisob-kitob uchun belgilangan vaqtdir.

18.U kunda sur chalinadi, bas, sizlar toʻp-toʻp boʻlib mahshargohga kelasizlar.

19.Osmon ham ochilib, farishtalar uchun darvozalarga aylanib qoladi.

20.Tog‘lar ham joylaridan koʻchiriladi. Bas, u sarobga aylanib qoladi.

21.Albatta, jahannam kofirlarni poylab turuvchidir.

22.Tug‘yonga ketganlar uchun qaytish joyidir.

23.Ular u yerda uzun zamonlar qoluvchidirlar.

24.U yerda sovuqlik va ichimlikni totmaydilar.

25.Faqat qaynoq suv va yiringni totadilar.

26.Mana shu qilmishlariga loyiq jazodir.

27.Chunki, ular qiyomat kunidagi hisob-kitobdan umid qilmas edilar.

28.Oyatlarimizni butunlay yolg‘onga chiqargan edilar.

29.Holbuki, Biz barcha narsani hisob-kitob qilib, yozib qoʻyganmiz.

30.Bas, ey kofirlar, azobimizni totib koʻringlar! Endi sizlarga faqat azobni ziyoda qilamiz.

31.Albatta, taqvodor zotlar uchun jannatda yutuq bordir.

32.Ular uchun bog‘lar va uzumzorlar boʻladi.

33.Yosh va husnda tengqur, boʻliq siynali hur qizlar boʻladi.

34.Sharob toʻla qadahlar bordir.

35.Ular u yerda biror bekorchi va yolg‘on soʻzni eshitmaydilar.

36.Bu Robbingiz tomonidan boʻlgan mukofot va neʼmat hisobidandir.

37.U osmonlar va Yerning hamda ularning oʻrtasidagi barcha narsaning Robbisi Rahmondir. Undan izn boʻlmaguncha soʻzlashga hech kim qodir emasdir.

38.Ruh va barcha farishtalar saf tortib turadigan kunda odamlar gapirmaydilar, faqat Rahmon izn bergan kishigina soʻzlaydi hamda faqat rost gapiradi.

39.Bu haq va rost kundir. Bas, kim xohlasa, Robbisi tomon qaytadigan yoʻlni tutadi.

40.Darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin kelajakda boʻladigan azobdan ogohlantirdik. U kunda har bir kishi oʻzi qilib oʻtgan narsani koʻradi. Kofir kimsa esa: “Eh, koshki edi, tuproq boʻlib ketsam”, – deydi.