18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Oli Imron

Ниспослана в Madina.

3-й джуз,3-я сура,200 аятов

1.Alif, Lom, Mim.

2.Allohdan oʻzga hech qanday iloh yoʻqdir, faqatgina Uning Oʻzi bordir. U hamisha tirik boʻlgan – Hay va abadiy bor boʻlib turuvchi – Qayyum Zotdir.

3.Ey Muhammad, oʻzidan avvalgi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi qilib sizga haqiqatan, Qurʼon kitobni nozil qildi. Oldin Tavrot va Injilni nozil qilgan edi.

4.Avvaldan ular insonlarga hidoyat manbai boʻlgan edi. Keyin esa, haq bilan botilni ayiruvchi boʻlgan Furqonni nozil qildi. Shubhasiz, Allohning oyatlarini inkor qiluvchilarga shiddatli azob bordir. Alloh izzati buyuk – Aziz va zolimlar uchun intiqom sohibidir.

5.Shubhasiz, xoh Yerda boʻlsin, xoh koʻkda boʻlsin hech narsa Allohga maxfiy qolmaydi.

6.U sizlarga hali onalaringizning qorinlarida ekanligingizda shakl beradigan Zotdir. Undan oʻzga hech qanday iloh yoʻqdir. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

7.Ey Rasulim, U sizga Qurʼon kitobni tushirgan Zotdir. U Qurʼonda bir qismi kitobning onasi, yaʼni asli hisoblangan ochiq-oydin muhkam oyatlar va yana maʼnosi, faqat Allohga maʼlum hamda tushunish qiyin boʻlgan boshqa mutashobih oyatlar ham bordir. Lekin qalblarida haqdan og‘ishga moyil boʻlgan kimsalar fitna chiqarish va oʻzlaricha maʼno berib, taʼvil qilish maqsadida undagi mutashobih oyatlarni ushlab olib ergashadilar. Vaholanki, asl taʼvilini Allohdan oʻzga hech kim bilmaydi. Ilmda kuchli boʻlgan kimsalar esa: “Biz unga iymon keltirdik va u oyatlarning barchasi Allohning huzuridandir”, – deydilar. Bulardan, faqat aql egalari oʻgit oladilar.

8.Ey Robbimiz, bizni hidoyatga solganingdan keyin qalblarimizni toʻg‘ri yoʻldan og‘dirma va bizlarga huzuringdan rahmat ato et! Shubhasiz, Sen barcha neʼmatlarni beruvchi – Vahhob Zotsan.

9.Ey Robbimiz, Sen insonlarni unda hech shubha boʻlmagan qiyomat kunida bir joyga yig‘uvchi Zotsan. Albatta, Alloh vaʼdasiga xilof qilmaydi.

10.Shubhasiz, kufr keltirganlarning mol-dunyolari, bola-chaqalari Allohning azobidan hargiz qutqarib qololmaydi. Ana oʻsha kufr keltirgan kimsalar doʻzaxning yoqilg‘ilaridir.

11.Ularning ahvoli xuddi firʼavn xonadoni va izdoshlarining hamda ulardan avvalgi oʻtganlarning holatiga oʻxshaydi. Ular oyatlarimizni yolg‘onga chiqarishgandan keyin Alloh ularni gunohlari sababli tutib azobladi. Allohning azobi qaqshatgichdir.

12.Ey Rasulim, kufr keltirganlarga: “Yaqinda mag‘lub boʻlib, jahannamga surilib toʻplanasizlar, u juda yomon joy”, – deb ayting.

13.Darhaqiqat, Badr jangidagi sizlar toʻqnashgan ikki guruhda ibrat boʻlgan edi. Guruhning biri Alloh yoʻlida jang qilar, boshqasi esa kofir edi. U kofirlar koʻzlari bilan musulmonlarni oʻzlariga ikki barobar koʻp holda koʻrib turar edilar. Alloh xohlaganini oʻz yordami bilan qoʻllab-quvvatlaydi. Mana shu voqeada koʻra oluvchi basirat egalari uchun ibrat bordir.

14.Odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum tillayu kumush, saman otlar, chorva va ekin-tikinlardan iborat narsalarga istak sevgisi chiroyli qilib koʻrsatildi. Ammo bular dunyo hayotining oʻtkinchi matohidir. Chiroyli qaytiladigan joy esa Allohning huzuridagi jannatdir.

15.Ey Muhammad, dunyoga hirs qoʻyganlarga qarata: “Sizlarga bu oʻtkinchi matohlardan xayrliroq boʻlgan neʼmatlar haqida xabar beraymi?” – deb ayting. Taqvo qilgan kimsalar uchun Robbilari huzurida tagidan anhorlar oqib turadigan, u yerda mangu qoladigan jannat bog‘lari hamda pokiza juftlar va hammasidan aʼlo boʻlgan Alloh tomonidan rozilik bordir. Alloh bandalarning qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchiBasir Zotdir.

16.U iymonli kimsalarEy Robbimiz, albatta, biz iymon keltirdik, gunohlarimizni kechirgin va bizlarni jahannam azobidan asra”, – deydilar.

17.Ular musibatlarga sabr qiluvchi, iymonlariga sodiq qoluvchi, din amrlariga chin dildan itoat qiluvchi, xayru ehson va nafaqa qiluvchi va sahar vaqtlarida Robbilaridan qoʻl ochib mag‘firat tilovchilardir.

18.Alloh adolat bilan qoim turib, shubhasiz, Undan oʻzga iloh yoʻqligiga shohidlik berdi. Shuningdek, farishtalar va ilm egalari ham bunga shohid boʻldilar. Undan oʻzga iloh yoʻqdir. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

19.Albatta, Alloh nazdida maqbul boʻlgan din bu, faqat Islom dinidir. Oʻzlariga kitob berilgan yahudiy va nasroniylar ularga Islomning haq ekanligiga ochiq dalil kelganidan keyingina adovat va hasad qilgan holda oʻzaro ixtilofga tushdilar. Kimki Allohning oyatlarini inkor qilsa, bas, albatta, Alloh barchaning qilmishini tez hisob-kitob qiluvchi Zotdir.

20.Ey Rasulim, bordi-yu shu dalillardan keyin ham siz bilan tortishib bahslashsalar ularga qarata: “Men va menga ergashgan kishilar yuzimni Allohga topshirdim va unga boʻyin egdim”, – deng. Hamda oʻzlariga kitob berilgan va dindan bexabar omilarga: “Islom diniga kirdingizmi?” – deb ayting. Agarda Islomni qabul qilsalar, unda, albatta, hidoyat yoʻlini topibdilar. Aksincha, undan yuz oʻgirsalar, u holda sizning zimmangizdagi narsa, faqatgina dinni yetkazishdir. Alloh bandalarining qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchiBasir Zotdir.

21.Allohning oyatlarini inkor qilib kufr keltiradigan, payg‘ambarlarni nohaq qatl qiladigan va insonlar orasidagi haq va adolatga buyuruvchi solih kimsalarni oʻldiradigan zolimlarga oxiratdagi alamli azob bashoratini bering.

22.Ana shu kimsalarning dunyo va oxiratda qilgan amallari behuda ketgandir. Ularni azobdan qutqaruvchi biror bir yordamchilari boʻlmaydi.

23.Ey Muhammad, oʻzlariga Tavrot va Injil kitobidan nasiba berilgan kimsalar oralarida hukm qilish uchun Allohning kitobiga chaqiriladilar-u, keyin esa ulardan bir guruhi hukmdan yuz oʻgirgan hollarida ortlariga burilib ketganlarini koʻrmadingizmi?

24.Bunday hukmga yuz oʻgirishlarining sababi esa nima boʻlganda ham bizlarga doʻzax azobi, faqat sanoqli kunlardagina tegadi deb aytishlaridir. Oʻzlari uydirgan bu yolg‘onlari ularni dinlaridan adashtirib qoʻydi.

25.Haq ekanligiga unda hech qanday shubha boʻlmagan qiyomat kunida ularni toʻplaganimizda va hech bir nafsga zulm qilinmay qilgan ishiga yarasha toʻliq jazo va mukofot berilganda, hollari qanday kechar ekan?!

26.Ey Muhammad, “Allohim, Sen barcha mulkning mutlaq egasidirsan. Sen xohlagan kishingga molu davlat berasan va xohlagan kishingdan u mulkni tortib olasan, xohlagan kishingni aziz qilasan va xohlagan kishingni xor qilasan. Barcha yaxshilik yolg‘iz Sening qoʻlingdadir. Albatta, Sen har narsaga kuchi yetadiganQodir Zotsan”, – deb ayting.

27.Sen kechani kunduzga kiritasan va kunduzni kechaga aylantirib kiritasan hamda oʻlikdan tirikni chiqarasan va tirikdan oʻlikni chiqarasan. Oʻzing xohlagan kishingni behisob rizqlantirasan.

28.Moʻmin kimsalar moʻminlarni qoʻyib, kofirlarni oʻzlariga doʻst tutmasinlar. Kimda-kim bunday qilsa, bas, Alloh bilan ular oʻrtasida hech qanday rishta yoʻqdir. Faqat ularning zararidan ehtiyot boʻlish maqsadida yoʻliga muomala qilsangiz mumkindir. Alloh sizlarni yolg‘iz Oʻzidan qoʻrqishingiz haqida ogohlantiradi. Oqibatda qaytib boriladigan joy, faqat Alloh huzurigadir.

29.Ey Rasulim, ularga: “Dillaringizdagi narsani xoh pinhon tuting, xoh oshkor qiling, Alloh uni, albatta, biladi. Shuningdek, U osmonlardagi narsalarni ham, Yer yuzidagi narsalarni ham hammasini biladi. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir”, – deb ayting.

30.Har bir nafs qilgan yaxshi amallarining natijasini qarshisida hozir holda topadigan va qilgan yomon amallarini oralarida uzoq masofalarda qolib, yoʻq boʻlib ketishini istaydigan qiyomat kunini eslanglar! Alloh sizlarni Oʻzining azobidan ogohlantiradi. Alloh bandalarga shafqatli – Raʼuf Zotdir.

31.Ey Rasulim, ularga: “Agar sizlar chindan ham Allohni sevsangizlar, u holda menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, – deb ayting. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

32.Ey Rasulim, yana ularga: “Alloh va Rasulining amrlariga itoat qilinglar. Agarda bu chaqiriqdan yuz oʻgirsangiz, Alloh, shubhasiz, kofir kimsalarni sevmaydi”, – deb ayting.

33.Haqiqatan, Alloh Odamni, Nuhni hamda Ibrohim payg‘ambarlarni va Imronning oilasini olamlar uzra tanlab oldi.

34.Hamda ularning baʼzilari baʼzilaridan tarqagan zurriyotlardir. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

35.Ey Rasulim, bir vaqtlar Imronning xotini: “Yo, Robbim, darhaqiqat, men qornimdagi homilani dunyo ishlaridan ozod qilib, Senga xolis nazr qildim. Mendan nazrimni qabul qil! Albatta, Sen hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotsan”, – deb aytganini eslang.

36.Nihoyat vaqti kelib uni tuqqach hamda Alloh nima tuqqanini oʻzidan koʻra yaxshiroq biluvchi ekanini anglagani holda: “Ey Robbim, men oʻg‘il kutayotgan edim, uni qiz bola tug‘dim-ku!. Axir oʻg‘il bola qiz bola kabi emas. Darhaqiqat, men unga Maryam deb ism qoʻydim. Sendan unga va zurriyotiga badarg‘a qilingan shaytonning yomonligidan panoh berishingni soʻrayman”, – dedi.

37.Shunday qilib, Robbisi uni nazr uchun chiroyli qabul qilib, uni goʻzal nabotot kabi yetishtirib parvarishladi va qaramog‘iga Zakariyoni kafil qildi. Har safar Zakariyo Maryamning oldiga, yaʼni ibodatxonadagi mehrobga kirganida, yonida rizq-nasiba tayyor turganini koʻrar edi. Shunda Zakariyo: “Ey Maryam, bular senga qaerdan keldi?” – deb soʻrasa, Maryam: “Bular Allohning huzuridan keldi. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq beradi”, – deb aytgan edi.

38.Mana shu yerda Zakariyo Robbiga duo qilib: “Robbim, menga ham Oʻz huzuringdan bir pokiza zurriyot ato ayla! Albatta, Sen duolarni eshituvchisan”, – dedi.

39.Farishtalar Zakariyo mehrobda namoz oʻqib turgan paytida unga: “Ey Zakariyo, darhaqiqat, Alloh senga Yahyo ismli farzand koʻrish xushxabarini bermoqda. U Allohdan keladigan soʻzni tasdiq etadigan, oʻz qavmiga peshvo boʻladigan, shahvatlardan oʻzini tiyadigan hamda solih payg‘ambarlardan biri boʻladigan farzanddir”, – deb nido qildilar.

40.Zakariyo hayron qolib: “Robbim, menga oʻg‘il bola qayoqdan boʻlsin?! Menga keksalik yetib qarigan boʻlsam, xotinim ham tug‘mas boʻlsa?!” – dedi. Shunda unga: “Ha shunday, Alloh oʻzi xohlagan ishini qiladi”, – dedi.

41.Zakariyo: “Ey Robbim, xotinimning homiladorligiga doir menga biror bir belgi koʻrsat”, – dedi. Alloh unga: “Sening belging, sog‘ boʻlaturib odamlar bilan uch kun gaplasha olmaysan. Ular bilan, faqat imo ishora orqaligina soʻzlashasan. Shuningdek, Robbingni koʻp zikr qil va tunu kun unga tasbeh ayt”, – dedi.

42.Vaqtiki farishtalar: “Ey Maryam, darhaqiqat, Alloh seni ayollar orasidan tanlab oldi, seni pokiza qildi va olamlardagi ayollar ustidan saralab oldi”, – deganini yodga oling.

43.Yana ular: “Ey Maryam, Robbingga chin koʻngildan itoat qil, sajda qil va ruku qiluvchi moʻminlar bilan birga ruku qil”, – degan edilar.

44.Ey Rasulim, mana bular g‘ayb xabarlaridan boʻlib, uni sizga vahiy qilib bildirmoqdamiz. Oralaridan qaysi birlari Maryamni qaramog‘iga olishga kafil boʻladi deb, qurʼa tashlash maqsadida qalamlarini otgan vaqtlarida siz u yerda yoʻq edingiz. Shuningdek, ular bu borada talashib tortishganlarida ham ularning yonida boʻlmagansiz.

45.Oʻshanda farishtalarning: “Ey Maryam, albatta, Alloh senga Oʻz huzuridan boʻlgan bir kalimaning xushxabarini bermoqdaki, uning ismi Maryam oʻg‘li Iso Masih boʻladi. U dunyo va oxiratda obroʻli va Allohga yaqin boʻlgan qullardandir”, – deganini eslang.

46.U odamlarga beshikda ekanida ham, navqiron chog‘ida ham gapiradi. Hamda solih kimsalardan boʻladi.

47.Shunda Maryam: “Ey Robbim, menga hali odamzodning qoʻli tegmay turib qaydan mendan bola boʻlsin”, – dedi. Alloh unga: “Ha shunday, Alloh Oʻzi istagan narsasini xohlagan tarzda yaratadi. Agar biror bir ishni boʻlishi uchun qaror bersa, ungaboʻl”, – desa tamom u boʻladi”, – dedi.

48.Alloh Isoga yozish va hikmat ilmini hamda Tavrot va Injilni oʻrgatadi.

49.Shuningdek, uni bani Isroil avlodlariga payg‘ambar qilib yuboradi. U esa oʻz qavmiga: “Men haqiqatan, payg‘ambar ekanligim toʻg‘risida sizlarga Robbingizdan dalil keltirdim. Darhaqiqat, men sizlarga loydan qush shaklini oʻxshatib yasayman. Keyin unga puflayman va u Allohning izni bilan haqiqiy bir qush boʻladi. Tug‘ma koʻr va pes kasalligini tuzataman. Allohning izni bilan oʻliklarni ham tiriltira olaman. Bulardan tashqari sizlar uylaringizda tanovul qilayotgan hamda zaxiraga saqlab qoʻyayotgan narsalaringizni ham xabarini bera olaman. Agar haqiqatan, moʻmin boʻlsangiz, albatta, bularning barchasida sizlar uchun payg‘ambar ekanimga ochiq oydin alomat bordir”, – deydi.

50.Hamda men oʻzimdan oldingi nozil boʻlgan Tavrotni tasdiq qiluvchi va sizlarga ayrim harom qilinganlarni halol qilish uchun Robbingizdan bir hujjat keltirdim. Bas, shunday ekan, Allohdan qoʻrqingiz va menga itoat qilingiz!

51.Shubhasiz, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir. Shunday ekan, Unga ibodat qilinglar. Toʻg‘ri yoʻl mana shudir.

52.Oxiri Iso shuncha dalillarga qaramay ular tomondan kufrni sezgach: “Alloh yoʻliga kim menga yordamchilarim boʻladi?” – dedi. Shunda Havoriylar: “Biz Allohning yordamchilarimiz, Allohga iymon keltirdik va shohid boʻlginki, albatta, bizlar musulmonlarmiz”, – dedilar.

53.Ular yana: “Ey Robbimiz, nozil qilganing Injilga iymon keltirdik va payg‘ambar amrlariga ergashdik. Bas, bizni haqqa shohidlik qiluvchilar qatoriga yozgin”, – dedilar.

54.Yahudiylar Isoni oʻldirish uchun tuzoq qurib, makr qildilar, Alloh ham ularning tuzoqlariga qarshi makr qildi. Alloh makr qiluvchilarning ustunrog‘idir.

55.Oʻshanda Alloh Isoga: “Ey Iso, seni ular emas, albatta, Oʻzim istagan vaqtda seni vafot ettiruvchi va Oʻz huzurimga koʻtarib oluvchiman. Hamda kufr keltirganlarning yomonligidan seni xalos qilib, senga qilingan turli boʻhtonlardan tozalovchiman. To qiyomat kunigacha senga ergashgan haqiqiy moʻminlarni kofirlardan ustun qilaman. Keyin esa barchangizning qaytishingiz Mening huzurimgadir. Ana oʻshanda sizlar dunyoda tortishib, ixtilof qilgan narsalar borasida oʻrtangizda hakam boʻlib, hukm qilaman”, – dedi.

56.Kufr keltirgan kimsalarni esa dunyoda ham oxiratda ham qattiq azob bilan azoblayman. Ular uchun azobdan qutqaruvchi biror bir yordamchilari boʻlmaydi.

57.Biroq iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalarga esa, Alloh ajr-mukofotlarini toʻliq qilib beradi. Alloh zolimlarni sevmaydi.

58.Ey Rasulim, bularni sizga Allohning oyatlaridan va hikmatli eslatmalardan tilovat qilib beryapmiz.

59.Darhaqiqat, Isoning otasiz dunyoga kelishi misoli, Alloh nazdida xuddi Odam Atoniki kabidir. Alloh uni tuproqdan yaratib, keyin ungaboʻl”, – dedi, tamom u boʻldi.

60.Ey Rasulim, mana bu haq soʻzlar Robbingdandir. Shunday ekan, aslo shubha qiluvchilardan boʻlmang.

61.Ey Rasulim, sizga yetib kelgan haq ilmdan keyin ham bu haqda siz bilan tortishsalar ularga: “Unda kelinglar, bolalarimiz va bolalaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni, biz oʻzimizni siz esa oʻzingizni chaqirib toʻplanamiz-da, keyin Allohning laʼnati yolg‘onchilarga boʻlsin deb Unga iltijo qilamiz”, – deb ayting.

62.Ey insonlar, shubhasiz, Isoning haqiqiy hayot qissasi mana shudir. Iso Alloh ham emas, uning oʻg‘li ham emas. Zero, Allohdan boshqa iloh yoʻqdir. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

63.Shundan keyin ham ular haqiqatdan yuz oʻgirsalar, shubhasiz, Alloh fasod tarqatuvchi kimsalarni yaxshi biluvchidir.

64.Ey Rasulim, ularga: “Ey yahudiy va nasroniy boʻlgan ahli kitoblar! Kelinglar, sizu bizning oramizda barchamizga barobar boʻlgan shu soʻzga kelaylik. Bular: Allohdan oʻzgaga ibodat qilmasligimiz, Unga hech narsani sherik qilmasligimiz, Allohni qoʻyib bir-birimizni xudolar qilib olmaslik”, – deb ayting. Agarda shu chaqiriqdan keyin ham yuz oʻgirsalar, u holda ularga: “Guvoh boʻlingizki, bizlar, shubhasiz, musulmonlardanmiz”, – deb aytinglar.

65.Ey oʻzlariga kitob tushirilgan ahli kitoblar! Nima uchun u bizning dinimizda edi, deb Ibrohim haqida tortishasizlar?! Axir, Tavrot ham Injil ham undan keyin nozil qilingan-ku! Shu haqda aql ishlatmaysizlarmi?!

66.Ey siz oʻsha yahudiy va nasroniylar! Sizlar Muso va Iso payg‘ambarlar haqida ozmi-koʻpmi maʼlumotga ega boʻlgan narsalar haqida tortishdingiz. Unda nega sizda u haqda hech qanday ilm boʻlmay turib Ibrohim haqida tortishasizlar. Shubhasiz, hammasini Alloh biladi, sizlar esa bilmaysizlar.

67.Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham boʻlmagan edi. Balki haq yoʻldan toymagan hanif musulmon edi. U mushriklardan ham emas edi.

68.Shubhasiz, odamlarning Ibrohim diniga eng loyiq va yaqinrog‘i usha davrda unga ergashganlar hamda mana bu Muhammad payg‘ambar va iymon keltirgan moʻmin kimsalardir. Alloh moʻminlarning haqiqiy doʻstidir.

69.Ahli kitobdan boʻlgan bir toifa sizlarni haq diningizdan adashtirishni xohlaydi. Ammo ular oʻzlari sezmagan hollarida, faqat oʻzlarinigina adashtiradilar.

70.Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Nima uchun sizlar uning haq ekanligiga shohid boʻla turib, Allohning oyatlarini inkor qilib, kufr keltirasizlar?!

71.Ey ahli kitoblar! Nima uchun oʻzingiz yaxshi bila turib, haqni botilga aralashtirasiz va haqiqatni yashirasizlar?!

72.Ahli kitobdan boʻlgan bir toifa: “Iymon keltirganlarga nozil qilingan Qurʼonga kunning boshida iymon keltirgandek boʻlinglar va uni oxirida yana inkor qilinglar. Shoyad, shunda ular ham dinlaridan qaytsalar”, – dedilar.

73.Yana u ahli kitoblar: “Diningizga ergashganlardan boshqa hech kimga ishonmanglar”, – deydilar. Ey Rasulim, siz esa ularga: “Ergashish kerak boʻlgan toʻg‘ri yoʻl, albatta, bu Allohning yoʻlidir”, – deb ayting. Ahli kitoblar yana: “Ularga ishonmanglarki, toki sizdan boshqa hech kimga sizga berilganga oʻxshash narsa berilmasin yoki Robbingiz huzurida keyin u haqda sizga qarshi hujjat talashib yurmasinlar”, – deydilar. Ey Muhammad, siz ularga: “Albatta, fazlu karam, faqat Allohning qoʻlidadir. Uni xohlagan kishisiga beradi. Alloh fazlu karami keng – Vosiʼ va barcha narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir”. – deb ayting.

74.Alloh Oʻz rahmatini xohlagan kishiga xos qilib beradi. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir.

75.Ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylardan shunday kimsalar borki, agar ularga uyum-uyum mol omonatga topshirsang ham, uni senga toʻlaligicha qaytaradilar. Ammo shundaylari ham borki, ularga bor yoʻg‘i bir oltin dinor omonat bersang, to tepasida mudom turib olmaguningizcha sizga qaytib bermaydi. Buning sababi esa, yahudiy boʻlmagan omi insonlar haqida zimmamizda javobgarlik uchun yoʻl yoʻq deb, bila turib Alloh haqida yolg‘on gapni aytadilar.

76.Yoʻq, agarda kim bergan ahdiga vafo qilsa va taqvo qilsa, shunda, albatta, Alloh taqvodorlarni sevadir.

77.Allohga bergan ahdu paymon va qasamlarini oʻtkinchi dunyo manfaati uchun arzimas bahoga sotadiganlar uchun oxiratda hech qanday nasiba yoʻqdir. Qiyomat kunida Alloh ularga gapirmaydi va rahmat nazari bilan boqmaydi. Ularni gunohlaridan tozalamaydi hamda ular uchun alamli azob tayyorlab qoʻyilgandir.

78.U yahudiylardan yana shunday bir guruh borki, Tavrot kitobidan boʻlmagan holda uni kitobdan deb hisoblashingiz uchun kitobni tillarini burab, atayin oʻzgartirib oʻqiydilar. Hamda bu oʻqiganlarini “u Allohning huzuridan”, – deydilar. Holbuki, u Allohning huzuridan emas. Ular bila turib Alloh haqida yolg‘on gapni aytadilar.

79.Odamzotdan hech kim Alloh unga Kitob, hikmat va payg‘ambarlik berganidan keyin insonlarga yuzlanib: “Allohni qoʻyib, menga qul boʻlinglar”, – deyishi aslo mumkin emas. Lekin “Allohning kitobidan taʼlim bergan va taʼlim olganingiz asosida Allohga sig‘inuvchi Robboniy qullar boʻling!”, – deyishi mumkin.

80.Shuningdek, u payg‘ambar sizlarga farishtalar va payg‘ambarlarni xudolar qilib olishingizni ham buyurmaydi. Axir, musulmon boʻlganingizdan keyin sizni kufrga buyurarmidi?!

81.Oʻshanda Alloh payg‘ambarlardan ahd olib: “Sizga kitob va hikmat berganimdan keyin oʻzingizdagi kitobni tasdiqlovchi Muhammad ismli bir Rasul kelsa, unga aniq ishonib, albatta, yordam qilasizlar!” – degan edi. Keyin yana: “Shunga iqror boʻlib, mazkur ahdnomaga koʻra masʼuliyati og‘ir yukimni qabul qildingizmi?!” – dedi. Ular: “Ha iqror boʻlib qabul qildik”, – deganlar. Shunda Alloh: “Unda barchangiz guvoh boʻlinglar, Men ham sizlar bilan mana shu ahdnomaga shohidlardanman”, – degan edi.

82.Bas, kim shu iqrordan keyin ham yuz oʻgirib ketsa, ana oʻshalar fosiq kimsalardir.

83.Yoki ular Allohning haq dinidan oʻzga dinni xohlaydilarmi?! Axir osmonlaru Yer yuzidagi barcha narsalar Unga istar istamay boʻyin egib, taslim boʻlgan-ku. Hamda barchalari Uning huzuriga qaytariladilar.

84.Ey Rasulim, siz: “Biz Allohga, bizga nozil qilingan Qurʼonga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yaʼqub va uning avlodlariga tushirilgan ilohiy amrlarga, shuningdek, Muso, Iso va barcha payg‘ambarlarga Robbilari tomonidan berilgan vahiyga iymon keltirdik. U payg‘ambarlardan birortasining orasini ajratmaymiz. Biz yolg‘iz Unga taslim boʻlganmiz”, – deb ayting.

85.Kimda-kim Islomdan tashqari boshqa dinni tanlasa, bilib qoʻysin, uning bu xohishi hargiz qabul qilinmaydi. Hamda u oxiratda bu tanlovi tufayli ziyon koʻruvchilardan boʻladi.

86.Iymon keltirib, Rasulni, shubhasiz, haq deb guvohlik berganlaridan va oʻzlariga ochiq-ravshan dalillar kelganidan keyin ham inkor qilib kufr keltirgan qavmni Alloh qanday qilib toʻg‘ri yoʻlga boshlasin?! Alloh zolim qavmlarni hidoyatga yetaklamaydi.

87.Ularning jazosi esa, Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning ularga laʼnat aytishidir.

88.Ular u yerda mangu qoluvchilardir. Ulardan azob yengillatilmaydi va ularga muhlat ham berilmaydi.

89.Magaram shu notoʻg‘ri ishlaridan qaytib, tavba qilgan va oʻzlarini tuzatganlar bundan mustasnodir. Darhaqiqat, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

90.Avval iymon keltirganlaridan keyin yana takror kufrga qaytgan va kufrni orttirganlarning tavbasi aslo qabul qilinmaydi. Ana oʻshalar toʻg‘ri yoʻldan adashgan kimsalardir.

91.Allohga kufr keltirgan va kofir holda oʻlib ketgan kimsalar oʻzlarini qutqarish uchun Yer yuzi toʻla oltinni fidya qilib toʻlab bersalar ham, aslo qabul qilinmaydi. Ana oʻshalarga alamli azob bordir. Hamda ular uchun azobdan qutqaruvchi yordamchilar boʻlmaydi.

92.Oʻzingiz yaxshi koʻrgan narsalardan Alloh yoʻlida nafaqa-ehson qilmaguningizcha, aslo yaxshilikka erisha olmaysiz. Nimaiki nafaqa qilsangiz, albatta, Alloh uni bilib turuvchidir.

93.Tavrot kitobi nozil qilinmasdan burun Isroilning maʼlum sabablarga koʻra oʻziga harom qilganidan tashqari barcha taomlar bani Isroil avlodlariga halol qilingan edi. Ey Rasulim, ularga “Agar soʻzingizda rostgoʻy boʻlsangiz, unda Tavrotni keltirib, uni oʻqib koʻringlar”, – deb ayting.

94.Bas, shunday dalildan keyin ham kimki Allohga nisbatan yolg‘on soʻzni uydirsa, demak, oʻshalarning oʻzlari zolim kimsalardir.

95.Ey Rasulim, ularga: “Alloh har doim rost aytadi, shunday ekan, haq yoʻldan toymagan Ibrohimning hanif diniga ergashinglar va u mushriklardan emas edi”, – deb ayting.

96.Darhaqiqat, Yer yuzida odamlar ibodat qilishlari uchun qurilgan ilk uy bu Bakka, yaʼni Makka boʻlib, u muborak va butun olamlar uchun hidoyat manbai boʻlgan Kaʼbadir.

97.U yerda ochiq-oydin alomatlar va Ibrohimning maqomi bor. U yerga kirgan har kim xavf-xatardan omonda boʻladi. Yoʻlga tushishga qodir boʻlgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish majburiyati bordir. Kimki Allohning amrlarini inkor qilib kufr keltirsa ham, bas, shubhasiz, Alloh butun olamlardan behojat boʻlgan Zotdir.

98.Ey Muhammad, ularga: “Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Nima uchun Allohning oyatlarini inkor qilib kufr keltirasizlar?! Axir, Alloh qilayotgan barcha ishlaringizga guvoh boʻlib turibdi”, – deb ayting.

99.Ey Muhammad, ularga: “Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Haqiqatga guvoh boʻla turib, nima uchun Allohning toʻg‘ri yoʻlini egri koʻrsatish maqsadida iymon keltirgan kishilarning yoʻlini toʻsasizlar. Bilib qoʻyinglar, Alloh qilayotgan ishlaringizdan bexabar emas”, – deb ayting.

100.Ey iymon keltirganlar! Bordi-yu kitob berilganlarning biror bir guruhiga itoat qilsangiz, iymon keltirganingizdan keyin sizlarni yana kofirlikka qaytaradilar.

101.Sizlarga Allohning oyatlari oʻqib turilgan va orangizda Uning Rasuli boʻlgani holda qanday qilib kufr keltirasizlar?! Kimki Allohning dinini mahkam tutsa, darhaqiqat, u toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilinibdi.

102.Ey iymon keltirganlar! Allohdan chin maʼnodagi qoʻrquv bilan qoʻrqinglar. Dunyodan, faqat musulmon boʻlgan holingizda koʻz yuminglar.

103.Hammangiz birgalikda Allohning arqoni Qurʼonni mahkam tutinglar va ajralib ketmanglar. Allohning sizga bergan neʼmatini yodga olinglar. Bir paytlar bir-biringizga dushman edingiz soʻng, qalblaringizni oʻzaro oshno qilib qoʻydi. Uning neʼmati soyasida birodarlarga aylandingiz. Doʻzax chuqurining yoqasida ekaningizda undan sizlarni qutqardi. Hidoyat yoʻlini topishingiz uchun Alloh sizlarga oyatlarini mana shunday bayon qiladi.

104.Ey moʻminlar, orangizdan xayrga chaqiradigan, yaxshilikka buyuradigan va yomonlikdan qaytaradigan bir jamoat boʻlsin. Ana oʻsha kimsalar najot topuvchilardir.

105.Oʻzlariga ochiq-oydin dalillar kelganidan keyin ham boʻlinib, ixtilofga tushgan kimsalar kabi boʻlmanglar. Ana shundaylarga ulkan azob bordir.

106.Qiyomat kunida baʼzi yuzlar sevinchdan oqarib, baʼzi yuzlar g‘amdan qorayadi. Shunda yuzlari qorayganlar uchun: “Iymon keltirganingizdan keyin kufr keltirdingizmi? Endi kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib koʻringlar”, – deyiladi.

107.Yuzlari oqargan kimsalar esa Allohning rahmati boʻlgan jannatida boʻladilar. Hamda ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

108.Ey Rasulim, mana bular Allohning oyatlari boʻlib, ularni senga toʻg‘ri tilovat qilib bermoqdamiz. Alloh olamlarga zulm qilishni xohlamaydi.

109.Osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsalar Allohnikidir. Oxirida barcha ishlar Allohga qaytariladi.

110.Ey moʻminlar, sizlar insonlarning yaxshiligi uchun oʻrtaga chiqarilgan eng xayrli ummat boʻldingiz. Chunki sizlar yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarasizlar hamda Allohga iymon keltirasizlar. Agarda ahli kitoblar ham iymon keltirganlarida edi, oʻzlari uchun, albatta, yaxshi boʻlar edi. Ularning orasida moʻminlari ham bor, lekin ularning aksariyati fosiq kimsalardir.

111.Ular sizlarga jiddiy zarar yetkaza olmaydilar. Faqat tillari bilan ozgina ozor berishlari mumkin. Bordi-yu sizlar bilan urishsalar qoʻrqqanlaridan ortlariga qarab qochadilar va keyin ularga yordam ham berilmaydi.

112.Ular Allohning va musulmon insonlarning himoya tizginida boʻlmagan taqdirlarida, qaerda boʻlsalar ham, xorlikka mahkumdirlar. Ular Allohning g‘azabiga duchor boʻldilar. Hamda ularga xorlik tamg‘asi urib qoʻyilgandir. Buning sababi esa, Allohning oyatlarini inkor qilishlari va payg‘ambarlarni nohaq oʻldirishlaridir. Shuningdek, ularning qilgan isyonlari va haddan oshganlari sababidandir.

113.Ularning hammasi ham barobar emas. Ahli kitoblardan tun vaqtlarida sajda qilgan holda Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan toʻg‘ri jamoa ham bor.

114.Ular Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradilar. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradilar hamda ezgu ishlar qilishda shoshiladilar. Ana oʻshalar solih kimsalardandir.

115.Ezgulikdan nimaiki qilgan boʻlsalar, uning savobi behuda ketib berkitilmaydi. Zero, Alloh taqvodor kimsalarni yaxshi biluvchidir.

116.Shubhasiz, kufr keltirganlarning mol dunyolari va farzandlari Allohning huzuridan ularga biror narsada foyda keltirmaydi. Ana oʻshalar doʻzax egalaridir hamda ular u yerda mangu qoluvchilardir.

117.Ularning dunyo hayotida riyo uchun qilgan sadaqalarining misoli xuddi, oʻz-oʻziga zulm qilgan bir qavmning ekinini urib, uni payhon qilgan izg‘irinli shamol kabidir. Alloh ularga zulm qilmadi. Balki ular oʻzlariga zulm qilmoqdalar.

118.Ey iymon keltirganlar! Oʻz din qardoshingizdan boshqa munofiqlarni sirdosh tutmang. Ular sizga yomonlik qilishdan tortinmaydilar. Hamda sizlarni mashaqqatda boʻlishingizni orzu qiladilar. Adovatlari og‘izlaridan ayon boʻlib qolgan. Dillarida yashirib yurgan nafratlari esa yanada kattaroqdir. Agarda aql ishlatsangizlar, sizlarga oyatlarni ochiq-oydin qilib berdik.

119.Hoy siz moʻminlar, nega siz ularni yaxshi koʻrasizlar-u, ular sizlarni yoqtirmaydilar. Siz moʻminlar barcha samoviy kitoblarga iymon keltirasizlar-u, ular sizlarnikiga iymon keltirmaydilar. Sizlarga roʻpara kelganlarida: “Biz ham iymon keltirdik”, – deyishadi. Oʻzlari alohida qolishganda esa sizga boʻlgan g‘azablaridan barmoqlarini tishlaydilar. Ey Rasulim, ularga: “Shu g‘azablaringiz bilan oʻlib ketinglar!” – deb ayting. Shubhasiz, Alloh koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

120.Siz moʻminlarga biror bir yaxshilik yetib qolgudek boʻlsa, ular siqilib xafa boʻladilar. Bordi-yu sizga bir yomonlik tegib qolsa, undan shodlanib ketadilar. Agar sabr qilsangiz va, faqat Allohdan qoʻrqsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazolmaydi. Shubhasiz, Alloh ularning qilayotgan ishlarini qamrab oluvchidir.

121.Ey Rasulim, siz erta tongda ahli ayolingizni tark qilib, Uhud tog‘ining etagidagi urush jabhalariga moʻminlarni joylashtirish uchun yoʻl olganingizni yodga oling. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

122.Oʻshanda sizlardan ikki musulmon toifa, garchi Alloh ularning qoʻriqchisi boʻlsa ham, umidsizlikka tushib orqaga chekinmoqchi boʻldilar. Moʻminlar, faqat Allohga tavakkal qilsinlar.

123.Darvoqe, Alloh Badr jangida dushmanga nisbatan son va qurol jihatidan juda zaif boʻlgan holingizda ham sizga nusrat bergan edi. Bas, Allohdan qoʻrqingiz, shoyadki, shukr qilsangiz.

124.Ey Rasulim, oʻshanda siz moʻminlarga: “Robbingiz sizlarga uch ming nafar osmondan tushirilgan farishta bilan yordam berishi kifoya qilmaydimi?” – deganingizni eslang!

125.Ha, kifoya qiladi. Agar siz sabr-toqat qilib, yolg‘iz Allohdan qoʻrqsangiz, u dushmanlar toʻsatdan sizlarga yurish qilib qolsalar ham, Robbingiz sizga alohida belgilari boʻlgan besh mingta farishta bilan yordam beradi.

126.Alloh bu yordamni sizlarga xushxabar boʻlishi va qalblaringiz taskin topishi uchun qildi. G‘alaba esa, faqat izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim boʻlgan Alloh huzuridangina boʻladi.

127.Alloh sizga kofirlarning bir qismini kesib yoʻq qilish yoki ostin-ustun qilib, noumid qaytib ketishlari uchun sizga yordam qilgan edi.

128.Ey Rasulim, Alloh ularning tavbalarini qabul qilishi yoxud zolim kimsalar boʻlganliklari uchun jazo olishlari borasida sizning zimmangizda hech qanday ish yoʻqdir.

129.Osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsalar Allohnikidir. U Oʻzi istaganini mag‘firat qiladi va istaganini azoblaydi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

130.Ey iymon keltirganlar, bergan qarzlaringizni bir necha barobar qilib olish niyatida sudxoʻrlik illati boʻlgan riboni yemanglar. Allohdan qoʻrqinglar, shoyad, shunda najot topsangizlar.

131.Kofirlar uchun tayyorlab qoʻyilgan mangu doʻzaxdan qoʻrqinglar.

132.Allohga va Rasulga itoat qilinglar. Shoyad, shunda Allohning rahmatiga sazovor boʻlasizlar.

133.Robbingiz tarafidan boʻlgan mag‘firatga va taqvodorlar uchun tayyorlab qoʻyilgan, kengligi osmonlaru Yercha boʻlgan jannat sari shoshilinglar.

134.U taqvodor kimsalar yengil va og‘ir kunlarda ham xayru ehson qilib, nafaqa qiladiganlar, g‘azabini ichga yutadiganlar va odamlarning kamchiliklarini kechiruvchilardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi.

135.Ular biror bir buzuq ish qilib yoki nafslariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini soʻraydilar. Axir Allohdan oʻzga gunohlarni kim ham mag‘firat qilardi? Shuningdek, ular bilib turib qilayotgan yomon ishlarida davom etmaydigan kimsalardir.

136.Ana shunday kimsalarning mukofotlari Robbilari tarafidan boʻlgan mag‘firat va tagidan anhorlar oqib turuvchi jannatlar boʻlib, ular u yerda abadiy qoluvchilardir. Chiroyli amal qilganlarning mukofoti naqadar goʻzaldir.

137.Darhaqiqat, sizlardan oldin ham ibratli voqealar boʻlib oʻtgan. Yer yuzini kezib, sayr qilinglar hamda Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqarganlarning oqibati qanday boʻlganiga nazar solinglar.

138.Mana bular insonlar uchun ochiq-oydin bayonot va taqvo egalari uchun hidoyat va nasihat manbaidir.

139.Ey moʻminlar, kufrga qarshi sustkashlik qilmanglar va baʼzi mag‘lubiyatlardan qayg‘uga botib umidsizlikka tushmanglar. Agar chin moʻminlardan boʻlsangiz, sizlar eng aʼlo bandalardirsiz.

140.Agar sizlarga Uhud jangida jarohat yetgan boʻlsa, u qavmga ham Badr jangida shunga oʻxshash jarohat yetgan. Biz bu yaxshi va yomon kunlarni odamlar orasida vaqti-vaqti bilan shunday qilib aylantirib turamiz. Alloh buni chinakam iymon keltirganlarni oʻrtaga chiqarib, bilishi va sizlardan shahidlarni saralab olishi uchun qiladi. Alloh zolim kimsalarni sevmaydi.

141.Shuningdek, Alloh iymon keltirganlarni gunohlaridan poklash va kofirlarni halok qilish uchun shunday qiladi.

142.Yoki Alloh sizlardan haqiqiy jihod qilganlarni va musibatlarga sabrli kishilarni aniqlamay turib, jannatga kiramiz, deb hisoblaysizmi?!

143.Darhaqiqat, oʻlimga duch kelmasdan oldin, siz shahid boʻlib oʻlishni qattiq orzu qilardingiz. Mana, endi Uhudda u oʻlimni koʻrgach jang qilish oʻrniga dahshatdan tikilib qarab qoldingiz.

144.Muhammad, faqat bir payg‘ambardir xolos. Darhaqiqat, undan oldin koʻplab payg‘ambarlar kelib ketgan. Agar u vafot etsa yoki oʻldirilsa, ortingizga qaytib ketasizlarmi? Kimki ortiga qarab kufrga qaytib ketsa, shuni bilib qoʻysin, u Allohga zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlaydi.

145.Oldindan bitib qoʻyilgan ajalga koʻra, Alloh ruxsat bermasa, hech bir jonzot oʻlmaydi. Kim dunyo savobi boʻlgan oʻljani istab jang qilsa, bas, unga oʻsha istagan narsasidan bir miqdor beramiz. Shuningdek, kimki oxirat savobini istab jihod qilsa, unga ham beramiz. Albatta, biz shukr qiluvchilarni mukofotlaymiz.

146.Qanchadan-qancha nabiylar bilan birga koʻplab Allohga itoat qiluvchi, Robboniy kimsalar jang qilganlar. Ular hech qachon Alloh yoʻlidagi janglarda yetgan musibatlar qarshisida sustkashlik qilmaganlar va dushmanga taslim boʻlmaganlar. Alloh shunday sabrli kimsalarni sevadi.

147.Ularning aytgan soʻzlari faqat: “Ey Robbimiz, bizning gunohlarimizni va ishimizdagi qilgan isrofgarchiligimizni kechirgin, jang maydonlarida bizlarni sobitqadam qilgin hamda kofir kimsalar ustiga bizlarga nusrat bergin”, – demoqdan iborat edi.

148.Shunday qilib, Alloh ularga dunyo mukofotini ham, goʻzal oxirat mukofotini ham berdi. Chunki Alloh ezgu amallar qiluvchilarni sevadi.

149.Ey iymon keltirganlar, agar kofirlarga itoat qilsangiz, ortingizga qaytaradilar. Natijada, ziyon koʻruvchilarga aylanib qolasiz.

150.Holbuki, sizning doʻstingiz Allohdir va U eng yaxshi yordam beruvchidir.

151.Iloh ekanligi haqida dalil tushirmagani holda Allohga sherik qilganlari sababli kofirlarning qalblariga qoʻrquv solamiz. Oqibatda ularning borar joylari jahannamdir, zolimlarning borar joylari naqadar yomon joydir!

152.Albatta, Alloh sizga bergan vaʼdasiga sodiq qoldi. Chunki sizlar Uhud jangida u kofirlarni Allohning izni bilan birin ketin qira boshlagan edingiz. Vaqtiki, Alloh sizga oʻzingiz sevgan zafarni koʻrsatgach, boʻshasha boshladingiz, itoat amri haqida bir-biringiz bilan tortishdingiz va buyruqqa qarshi harakat qildingiz. Oralaringizda dunyoni sevadiganlar ham, oxiratni sevadiganlar ham bor edi. Soʻngra sizlarni imtihon qilish uchun g‘alabani mag‘lubiyatga burib yubordi. Ammo keyin sizlarni afv qildi. Alloh moʻminlarga fazlu karam sohibi boʻlgan Zotdir.

153.Oʻshanda Rasul ortingizdan chaqirib tursa ham, hech kimga burilib qaramay, joyingizdan uzoqlashib ketganingizni eslang. Bundan keyin qoʻlingizdan ketgan narsaga ham, sizga yetgan musibatlarga ham mahzun boʻlmasligingiz uchun sizlarni g‘am ustiga g‘am bilan jazoladi. Alloh qilib turgan amallaringizdan xabardordir.

154.Keyin bu g‘amning ketidan sizlarga bir omonlik uyqu holatini tushirib, siz moʻminlardan boʻlgan bir toifani bu tuyg‘u qamrab oldi. Munofiqlardan boʻlgan boshqa toifa esa jon talvasasiga tushib, Alloh haqida johilona fikrlari bilan nohaq gumonda boʻlar edilar. Ular: “Oʻzi bizga bu ishdan nima foyda?!” – derdilar. Ey Rasulim, ularga: “Barcha ishlar Allohga oiddir”, – deb ayting. Ular sizga oshkor qilmagan munofiqliklarini ichlarida yashirib yuradilar. Hamda ular: “Agar bizda bu ish yuzasidan tanlov boʻlganida edi, bu yerda oʻldirilmas edik”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Agar uylaringizda oʻtirgan boʻlsangiz ham, oʻldirilishi Alloh tomonidan yozilgan kishilar mutlaqo halokat joylariga kelib qolgan boʻlar edilar. Alloh bu mag‘lubiyatni koʻngillaringizdagi iymon yoki nifoqni sinash va qalblaringizdagi kirlarni tozalash uchun qildi. Shubhasiz, Alloh koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

155.Ikki qoʻshin toʻqnashgan kuni, sizlardan yuz oʻgirib urushdan qochganlarning esa qilgan baʼzi xato ishlari sababli, shayton ularni toʻg‘ri yoʻldan urgan edi. Shunga qaramay Alloh ularni afv etdi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zotdir.

156.Ey iymon keltirganlar, Yer yuzida hijrat qilib safarda yoki jangda g‘oziy boʻlgan birodarlari haqida: “Agar biz bilan birga boʻlganlarida oʻlmagan va oʻldirilmagan boʻlar edilar”, – deydigan kofirlar kabi boʻlmanglar. Alloh bu tuyg‘uni munofiqlarning qalblarida bir nadomat boʻlsin deb, qilgandir. Alloh tiriltiradi ham, oʻldiradi ham. Alloh qilayotgan hamma ishlaringizni koʻrib turuvchi Zotdir.

157.Qasam boʻlsinki, agar Alloh yoʻlida oʻldirilsangiz yoki oʻlsangizlar, albatta, Alloh tomonidan keladigan mag‘firat va rahmat kofirlarning yig‘ib boradigan boyliklaridan afzaldir.

158.Qasam boʻlsinki, garchi oʻlsangiz ham oʻldirilsangiz ham, albatta, Alloh huzuriga toʻplanasizlar.

159.Ey Rasulim, Allohning rahmati tufayli ularga yumshoq muomalada boʻldingiz. Agar siz ularga qoʻpol, qattiq qalbli boʻlganingizda, shubhasiz, atrofingizdan tarqalib ketishardi. Shunday ekan, ularni kechiring va xatolari uchun Allohdan mag‘firat tilang. Qilinadigan ishlarda ular bilan maslahatlashing. Qachonki yakuniy qarorni qabul qilsangiz, unda Allohga tavakkul qiling. Albatta, Alloh Oʻziga suyanib ish qiluvchilarni sevadi.

160.Agar sizga Alloh nusrat bersa, u holda sizning ustingizga g‘olib keluvchi yoʻq. Bordi-yu sizlarni qarovsiz tashlab qoʻysa, Undan boshqa kim ham sizlarga nusrat berar edi. Moʻminlar, faqat Allohga tavakkul qilib suyansinlar.

161.Hech bir payg‘ambar oʻljaga xiyonat qilishi mumkin emas. Kimki oʻljaga xiyonat qilsa, qiyomat kuni oʻsha xiyonati bilan birga huzurimizga keladi. Soʻngra har nafs egasi qilgan ishiga yarasha zulm qilinmagan holda mukofot yoki jazosini toʻliq oladi.

162.Allohning rizosiga ergashgan kishi, Allohning g‘azabiga duchor boʻlgan va borar joyi jahannam boʻlgan odamga oʻxsharmidi? G‘azabga duchor boʻlganning borar joyi naqadar yomon joydir.

163.Ular uchun Alloh huzurida turli darajalar bordir. Alloh ularning qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchi Zotdir.

164.Darhaqiqat, Alloh oʻzlarini ichidan ularga oyatlarini oʻqib beradigan, shirk va gunohlardan tozalaydigan, kitob va hikmatdan taʼlim beradigan Payg‘ambar yuborib, moʻminlarga neʼmat berdi.

165.Badr jangida dushmanga ikki barobar yetkazgan musibatingiz, Uhud jangida sizga ham yetgach: “Bu mag‘lubiyat bizga qaerdan keldi”, – deb aytyapsizmi? Ey Rasulim, ularga: “Bu itoatsizligingiz tufayli oʻz nafsingizdan keldi”, – deb ayting. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.

166.Ikki qoʻshin toʻqnashgan kuni, sizlarga qanday musibat yetgan boʻlsa, barchasi Allohning izni bilan boʻlgan. Shuningdek, chinakam moʻminlarni bilish uchun edi.

167.Hamda munofiqlik qilgan kimsalarni bilish uchun edi. Ularga: “Kelinglar, Alloh yoʻlida jang qilinglar yoki mudofaa qilinglar”, – deyilsa, ular: “Agar urush qilishni bilganimizda, sizga ergashar edik”, – deb bahona aytardilar. Oʻsha kuni ular iymondan koʻra kufrga yaqinroq edilar. Ular qalblarida boʻlmaganni og‘izlari bilan aytardilar. Alloh ularning qalblarida yashirganlarini juda yaxshi biluvchidir.

168.Oʻzlari jangga chiqmay oʻtirib olib, shahid birodarlariga: “Agar bizga itoat qilganlarida, oʻldirilmas edilar”, – deb aytdilar. Ey Rasulim, ularga: “Agar gapingizda rostgoʻy boʻlsangiz, unda oʻlimni oʻzingizdan daf qilib koʻringlar-chi?” – deb ayting.

169.Alloh yoʻlida oʻldirilganlarni hargiz oʻlikdirlar deb hisoblamang. Balki ular tirikdirlar va Robbilari huzurida rizqlantirilmoqdalar.

170.Ular Alloh Oʻz fazlidan bergan neʼmatlardan xushnuddirlar. Hamda hali ortlaridan yetib kelmagan hayotdagi birodarlariga oxiratda hech qanday xavfu xatar yoʻq va g‘am-tashvish ham chekmasliklari haqida xushxabar bermoqdalar.

171.Shuningdek, ular Allohdan keladigan neʼmat va fazlni hamda, albatta, Alloh moʻminlarning ajrini zoe qilmasligi haqida ham xushxabar bermoqdalar.

172.Ular jangda jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Rasulning chaqirig‘iga javob berganlardir. U kimsalardan yaxshilik va taqvo qilganlar uchun ulkan ajrlar bordir.

173.Baʼzi odamlar ularga: “Olomon sizga qarshi lashkar toʻpladilar, endi ulardan qoʻrqinglar”, – deyishganda, ularning bu gapi iymonni yanada orttirdi. Ularga qarata: “Bizga Allohning Oʻzi kifoya va U eng yaxshi vakil!” – deb aytganlar.

174.Keyin ular Allohdan buyuk neʼmat va inʼom bilan hech qanday yomonlikka duch kelmay qaytib keldilar. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir.

175.Sizlarni qoʻrqitmoqchi boʻlgan oʻsha shaytondir. U sizlarni oʻzining munofiq doʻstlari bilan qoʻrqitmoqchi boʻladi. Agar haqiqiy moʻminlardan boʻlsangizlar, ulardan qoʻrqmanglar, faqat Mendan qoʻrqinglar.

176.Ey Rasulim, kufr yoʻlida ildamlab oshiqayotganlar sizni xafa qilmasin. Ular aslo Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaydilar. Alloh ularga oxiratda hech bir nasiba bermaslikni istaydi. Ular uchun ulkan azob bordir.

177.Shubhasiz, kufrni iymonga almashtirib sotib olganlar Allohga hech bir narsada aslo zarar yetkaza olmaydilar. Ular uchun alamli azob bordir.

178.Kufr keltirgan kimsalar ularga muhlat berib, tek qoʻyganimizni oʻzlari uchun yaxshi deb oʻylamasinlar. Darhaqiqat, Biz ularga gunohlari koʻpayishi uchungina muhlat berib turamiz. Oxiratda ular uchun xor qiluvchi azob bordir.

179.Alloh moʻminlarni pokdan nopokni ajratmasdan, sizlarni hozirgi bu holatda tashlab qoʻymaydi. Shuningdek, Alloh sizlarni g‘aybdan xabardor qilib qoʻymadi. Biroq Alloh Oʻz Rasullaridan xohlagan kishisini tanlab oladi. Allohga va Uning Rasullariga iymon keltiringlar. Agar iymon keltirib, Allohdan qoʻrqsangiz, sizlar uchun ulkan ajr bordir.

180.Alloh Oʻz fazlidan bergan narsalarni ehson qilmay ziqnalik qiladigan kimsalar buni oʻzlariga yaxshilik deb oʻylamasinlar. Aksincha, bu ular uchun yomonlikdir. Ziqnalik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida boʻyinlariga oʻraladi. Osmonlaru Yerning merosi Allohga oiddir. Alloh barcha qilayotgan ishlaringizdan xabardor Zotdir.

181.Qasam boʻlsinki, Alloh ularningAlbatta, Alloh faqir, biz esa boymiz”, – degan gaplarini eshitdi. Ularning bu aytgan gaplarini va payg‘ambarlarni nohaq oʻldirganlarini tezda yozib qoʻyamiz. Qiyomat kunida esa ularga: “Kuyduruvchi jahannamning azobini totib koʻringlar”, – deb aytamiz.

182.Bu azoblar oʻz qoʻllaringiz bilan qilgan gunohlaringiz sababidandir. Albatta, Alloh bandalari uchun zulm qiluvchi emasdir.

183.Ular: “Bizga keltirgan bir qurbonlikni osmondan tushgan bir olov uni yeb qoʻymaguncha hech bir Rasulga iymon keltirmasligimiz haqida Alloh Tavrotda bizlardan ahd olgan”, – deb aytadilar. Ey Rasulim, ularga: “Mendan oldin ham sizning ajdodlaringizga dalillar va sizlar aytgan qurbonlik kabi moʻʼjizalar bilan koʻplab payg‘ambarlar kelgan edilar. Xoʻsh, agar gaplaringizda rostgoʻy boʻlsangizlar, nima uchun ularni qatl etdingiz?!” – deb ayting.

184.Ey Rasulim, agarda sizni yolg‘onchiga chiqarayotgan boʻlsalar, g‘amgin boʻlmang, darhaqiqat, sizdan oldin ochiq dalillar, sahifalar va nur tarqatuvchi kitob keltirgan Rasullar ham yolg‘onchiga chiqarilgan edilar.

185.Har bir jon oʻlimni totib koʻruvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringizni toʻlig‘icha olasiz. Kimki doʻzaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, shubhasiz, yutuqqa erishibdi. Dunyo hayoti esa yolg‘onchi bir zavqdan iboratdir.

186.Albatta, molu davlat va jonlaringiz bilan imtihon qilinasizlar. Sizlardan avvalgi kitob berilgan yahudiy va nasroniylar va mushriklar tomonidan koʻplab ozor eshitasizlar. Agar mana shu hollarga sabr qilib, Allohdan qoʻrqsangizlar, bu qilganlaringiz ishlarning muqarrarligidandir.

187.Ey Rasulim, Alloh kitob berilgan kimsalardan: “Albatta, u kitobni odamlarga, aniq bayon qilib berasizlar va uni hech kimdan yashirmaysizlar”, – deb ahd olganini eslang. Shundan keyin ham ular uni ortlariga qarab uloqtirdilar va uni oʻtkinchi dunyo manfaatiga aldanib arzimas bahoga sotdilar. Ularning bu qilayotgan oldi-sotdilari naqadar xunuk ish edi.

188.Ey Rasulim, qilgan yomon ishlariga suyunib, qilmagan yaxshi ishlariga maqtalishni xush koʻradigan kimsalarni azobdan najotda deb hisoblamang.

189.Osmonlar va Yer yuzidagi barcha mavjudotning boshqaruvi Allohga oiddir. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.

190.Shubhasiz, osmonlaru Yerning yaratilishida va kecha-kunduzning almashib turishida aql egalari uchun ochiq alomatlar bordir.

191.Ular Allohni tik turganlarida ham, oʻtirgan hollarida ham, yotganlarida ham zikr qiladilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida tafakkur qilib: “Ey Robbimiz, Sen bu koinotni bekorga yaratmagansan. Sen nuqsonlardan xolisan va bizlarni doʻzax azobidan saqlagin”, – deydilar.

192.Ey Robbimiz, Sen kimni doʻzaxga kiritsang, albatta, uni xor qilgan boʻlasan. Zolimlarga esa azobdan qutulishlari uchun yordamchilar boʻlmaydi.

193.Ey Robbimiz, haqiqatan, ham bizRobbingizga iymon keltiring!” deb iymonga chorlayotgan daʼvatchi payg‘ambarning nidosini eshitdik va darhol iymon keltirdik. Ey Robbimiz, bizning gunohlarimizni kechirgin, yomonliklarimizni oʻchirgin hamda solih va yaxshi bandalaring qatorida jonimizni olgin.

194.Ey Robbimiz, bizga rasullaring orqali vaʼda qilganingni bergin va bizni qiyomat kuni sharmanda qilmagin. Darhaqiqat, Sen hech qachon vaʼdangga xilof qilmaysan.

195.Robbilari ularning duolariga ijobat qilib: “Shubhasiz, Men sizlardan xoh erkak, xoh ayol boʻlsin xayrli ish qilganlarning amalini zoe ketkazmayman. Zero, sizlar bir-biringizdan dunyoga kelgandirsizlar. Yurtlaridan hijrat qilgan, diyorlaridan quvib chiqarilgan, Mening yoʻlimda aziyatlar chekkan hamda jang qilib, oʻldirilganlarning gunohlarini, albatta, oʻchiraman. Albatta, ularni taglaridan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritaman”, – deydi. Bular Alloh huzuridan bir mukofotdir. Zero, mukofotlarning eng chiroylisi Allohning huzuridadir.

196.Kofir kimsalarning yurtma-yurt, shaharlarda kezib yurishlari sizni aldab qoʻymasin.

197.Bular arzimas bir oʻtkinchi zavq xolos. Oxirida ularning boradigan joylari jahannamdir. U naqadar ham yomon makon!

198.Lekin Robbilaridan qoʻrqqan taqvodor kimsalar uchun esa tagidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog‘lari tayyorlangan boʻlib, ular u yerda abadiy qoluvchidirlar. Bu Alloh tarafidan berilgan ziyofatdir. Allohning huzuridagi neʼmatlar solih bandalar uchun hammasidan ham afzaldir.

199.Shuningdek, albatta, ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylardan ham Allohga, sizlarga nozil qilingan kitobga va oʻzlariga nozil qilinganlarga Allohga bosh ekkan hollarida iymon keltiruvchi, Allohning oyatlarini oʻtkinchi dunyo manfaati uchun arzimas bahoga sotib yubormaydigan zotlar ham bor. Ana oʻshalar uchun ham Robbilari huzurida ajrlari bordir. Albatta, Alloh juda tez hisob-kitob qiluvchi Zotdir.

200.Ey iymon keltirganlar, musibatlarga sabr qilinglar, sabrda bardavom boʻlinglar va Alloh yoʻlida bel bog‘lab turinglar. Hamda Allohdan qoʻrqinglar, shoyad, shunda najot topsangiz.