17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура Hujurot

Ниспослана в Madina.

26-й джуз,49-я сура,18 аятов

1.Ey iymon keltirganlar, Alloh va Uning Payg‘ambari oldida uning iznisiz biror soʻz aytmang yoki biron ishda ulardan oldin oʻtmanglar. Allohdan qoʻrqinglar, albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

2.Ey iymon keltirgan kimsalar, yaxshi amallaringiz oʻzingiz sezmagan holingizda zoe boʻlib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg‘ambarning ovozidan yuqori koʻtarmanglar va u bilan bir-birlaringizga baland ovoz bilan gapirgandek yuqori ovoz bilan soʻzlashmanglar.

3.Allohning Payg‘ambari huzurida ovozlarini past qilgan kimsalaraynan oʻshalar Alloh ularning qalblarini taqvo uchun imtihon qilgan kimsalardir. Ular uchun mag‘firat va ulkan mukofot bordir.

4.Ey Muhammad, albatta, ayollaringiz yashaydigan hujralar orqasidan turib, sizni chaqiradigan kimsalarning koʻplari aql ishlatmaydilar.

5.Agar ular, to oʻzingiz ularning oldiga chiqquningizgacha, sabr qilganlarida, albatta, oʻzlari uchun yaxshi boʻlar edi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan Rahim Zotdir.

6.Ey moʻminlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar haqiqiy holatni bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, keyin qilgan ishlaringizdan pushaymon boʻlmasligingiz uchun u xabarni aniqlab koʻringlar.

7.Oralaringizda Allohning Payg‘ambari bor ekanini bilinglar. Agar u koʻp ishlarda sizlarga boʻysunsa, albatta, sizlar mashaqqatlarga duchor boʻlar edingizlar. Lekin Alloh sizlarga iymonni suyukli qildi va uni qalblaringizga ziynat qildi hamda sizlarga kufrni fisqu-fujurni va itoatsizlikni yomon koʻrsatib qoʻydi. Ana oʻshalargina toʻg‘ri yoʻl topuvchilardir.

8.Bu Alloh tomonidan sizlarga boʻlgan fazl va neʼmatdir. Alloh, hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

9.Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urushib qolsalar, darhol ular oʻrtasini isloh qilinglar. Bas, agar ulardan biri, ikkinchisining ustiga tajovuzkorlik qilsa, bas, to tajovuzkor toifa Allohning amriga qaytguncha, sizlar tajovuz qilgan toifa bilan urushinglar. Agar u toifa tajovuzkorlikdan qaytsa, sizlar darhol ularning oʻrtasini adolat bilan tuzatib qoʻyinglar va adolat qilinglar. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadi.

10.Albatta, moʻminlar aka-ukadirlar. Bas, sizlar ikki og‘a-iningiz oʻrtasini tuzatib qoʻyinglar va Allohdan qoʻrqinglar, shoyad, rahm qilinsangizlar.

11.Ey iymon keltirgan kimsalar, sizlardan boʻlgan bir qavm boshqa bir moʻmin qavmni masxara qilmasin. Ehtimolki, masxara qilingan qavm ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Yana sizlardan boʻlgan ayollar ham boshqa ayollarni masxara qilmasinlar. Ehtimolki, masxara qilingan ayollar ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Bir-birlaringizni mazax qilmanglar va bir-birlaringizni laqablar bilan atamanglar. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomondir! Kimki tavba qilmasa, bas, aynan oʻshalar zolimlardir.

12.Ey iymon keltirganlar, koʻp gumonlardan chetda boʻlinglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir! Oʻzgalarning aybini izlab josuslik qilmanglar va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi oʻlgan birodarining goʻshtini yeyishni yaxshi koʻradimi?! Uni yomon koʻrasiz-ku, shundaymi?! Allohdan qoʻrqinglar! Shubhasiz, Alloh tavbalarni koʻplab qabul qiluvchi – Tavvob va marhamati keng boʻlgan Rahim Zotdir.

13.Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni turli-tuman xalqlar va qabila va elatlar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida eng mukarramingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

14.Aʼrobiylar: “Iymon keltirdik”, – dedilar. Ey Muhammad, ularga: “Sizlar iymon keltirganingiz yoʻq, lekin sizlarIslomga kirdikdeb aytinglar! Chunki hali dillaringizga iymon kirmagan. Agar sizlar Allohga va Uning Payg‘ambariga itoat qilsangizlar, U sizlarga qilgan yaxshi amallaringizdan biror narsani kamaytirmaydi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan Rahim Zotdir”, – deb ayting.

15.Haqiqiy moʻminlar Alloh va Uning Payg‘ambariga iymon keltirib, soʻngra shubha qilmagan hamda mollari va jonlari bilan Alloh yoʻlida jihod qilgan zotlardir. Aynan oʻshalar iymonlarida sodiqdirlar.

16.Ey Muhammad, aʼrobiylarga: Sizlar Allohga diningizni bildirmoqchimisizlar?! Vaholanki, Alloh osmonlardagi va Yerdagi barcha narsani biladi. Alloh barcha narsani biluvchidir”, – deb ayting.

17.Ular sizga Islomga kirganlarini minnat qiladilar. Ularga: “Sizlar menga musulmon boʻlganingizni minnat qilmanglar. Balki agar iymoningizda sodiq boʻlsangiz, bilinglarki, Alloh sizlarni iymonga hidoyat qilganini minnat qiladi”, – deb ayting.

18.Albatta, Alloh osmonlar va Yerdagi g‘ayb sirlarini biladi. Alloh barcha qilayotgan amallaringizni koʻrib turuvchidir.