1.Kaf, Ha, Ya, Ayn, Sod.
Сура Maryam
Ниспослана в Makka.
16-й джуз,19-я сура,98 аятов2.Ey Rasulim, bu Robbingizning bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikridir.
3.Oʻsha payt Zakariyo Robbisiga xufyona duo qildi.
4.Zakariyo duosida: “Ey Robbim, darhaqiqat, mening suyaklarim moʻrtlashdi, keksalikdan boshga oq tutashdi. Ey Robbim, men senga duo qilib hech qachon baxtsiz boʻlmaganman”, – dedi.
5.Mening ortimda qoladigan qarindoshlarimning dinga daʼvatni toʻxtatib qoʻyishlaridan qoʻrqaman. Xotinim esa tug‘mas boʻlib qolgan. Endi, Sen Oʻz dargohingdan menga yordamchi boʻlgan bir farzand ber.
6.U farzand menga va bobom Yaʼqub xonadoniga merosxoʻr boʻlsin, uni Oʻz nazdingda rozi boʻlinadigan solih kishilardan qilgin.
7.Alloh unga: “Ey Zakariyo, Biz senga bir bola xushxabarini beramiz. Uning ismi Yahyo boʻlib, ilgari unga hech kimni ismdosh qilmaganmiz”, – deb vahiy qildi.
8.Shunda Zakariyo: “Ey Robbim, xotinim tug‘mas boʻlib qolgan, oʻzim esa keksalikning poyoniga yetib qolgan boʻlsam, menda farzand qayoqdan boʻlsin?” – dedi.
9.Farishtalar unga: “Ha, shunday, Robbing bu ish Menga oson, axir seni ilgari hech narsa boʻlmagan paytingda ham yaratgan edim-ku, – deb aytmoqda”, – dedi.
10.Keyin Zakariyo: “Ey Robbim, menga kampirim homilali boʻlganiga doir bir belgi qilgin”, – dedi. Alloh unga: “Sening belging shuki, sog‘ boʻla turib, uch kecha va kunduzgacha tiling tutilib odamlarga gapira olmaysan”, – dedi.
11.Keyin Zakariyo mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech Allohga tasbeh aytishni ishora qildi.
12.Biz unga: “Ey Yahyo, Tavrot kitobini mahkam tutgin”, – dedik. Hamda unga goʻdaklik chog‘idayoq hikmat va ilm ato qildik.
13.Shuningdek, unga Oʻz dargohimizdan mehribonlik hamda poklik ato qildik va u taqvodor boʻldi.
14.U ota-onasiga mehribon boʻlib, jabr qiluvchi, osiy boʻlmadi.
15.Unga tug‘ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan qiyomat kunida ham salom boʻlsin.
16.Ey Muhammad, bu kitobda Maryamni yodga oling. U oʻz oilasidan chetga, sharq tomonga chekildi.
17.Ulardan pardaga berkinib olgan paytida, Biz unga ruhimiz Jabroilni yubordik. Bas, u Maryamga haqiqiy odam boʻlib koʻrindi.
18.Maryam unga: “Men Rahmonga iltijo qilib, sendan panoh berishini soʻrayman. Agar Allohdan qoʻrquvchi boʻlsang, menga yaqinlashma”, – dedi.
19.Jabroil unga: “Qoʻrqma senga zarar bermayman, men faqat senga bir pokiza oʻg‘il hadya qilish uchun kelgan Robbingdan elchiman, xolos”, – dedi.
20.Maryam unga: “Menga hali odamzot tegmagan boʻlsa, buzuq ayol ham boʻlmasam, menga qayoqdan farzand boʻlsin?!” – dedi.
21.Jabroil Maryamga: “Ha, shunday, Robbing aytdiki, bu ish Menga osondir. Biz u bolani odamlar uchun moʻʼjiza va Oʻz tomonimizdan rahmat manbai qilamiz. Bu bitgan ishdir”, – dedi.
22.Keyin Maryam unga homilador boʻlib, u bilan birga chekka bir joyga ketdi.
23.Shundan keyin, toʻlg‘oq dardi uni bir xurmo daraxti shoxiga olib bordi keyin Maryam: “Koshki edi, mana bunday kundan oldin oʻlib, butunlay unutilib ketsaydim”, – dedi.
24.Shunda xurmo daraxtining ostidan Jabroil: “G‘amgin boʻlma, Robbing oyoq ostingdan bir oqar suv qilib qoʻydi”, – deb nido qildi.
25.Mana shu qurib qolgan xurmo shoxini oʻzingga silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini toʻkadi.
26.Endi, yeb-ichgin va koʻzing quvonsin. Bas, agar odamzotdan birortasini koʻrib qolsang va u sendan savol soʻrasa unga: “Men Rahmon roziligi uchun roʻza tutishni nazr qilganman, bas, bugun biror inson bilan gaplashmayman”, – deb aytgin.
27.Soʻng Maryam bolasini koʻtargan holda qavmiga keldi. Ular: “Ey Maryam, sen qiziq ish qilibsan-ku!” – dedilar.
28.Ey Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha boʻlmagan edi-ku!” – dedilar.
29.Shunda Maryam oʻzi gapirmay, bolasiga ishora qildi. Ular: “Beshikda boʻlgan goʻdak bilan qanday gaplashamiz”, – dedilar.
30.Shunda goʻdak tilga kirib: “Men Allohning bandasidirman. Alloh menga kitob berdi va meni payg‘ambar qildi”, – deb gapirib yubordi.
31.Hamda meni qaerda boʻlsam ham barakatli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namoz va zakotni ado qilishimni buyurdi.
32.Shuningdek, meni onamga mehribon qildi va meni takabbur, badbaxt qilmadi.
33.Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom boʻlgay.
34.Mana shu Yahudiy va nasroniylar shubha qilishayotgan Maryam oʻg‘li Iso Masih toʻg‘risidagi haq soʻzdir.
35.Allohga hech qanday farzand tutish mumkin emasdir. U bunday nuqsondan pokdir. U biror ishni qilishni istasa, faqat unga “Boʻl!” – deydi, bas, oʻsha ish darhol boʻladi.
36.Iso oʻz qavmiga: “Albatta, Alloh Robbim va Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qilinglar. Mana shu toʻg‘ri yoʻldir”, – dedi.
37.Soʻngra guruhlar Iso payg‘ambar xususida oralarida ixtilof qildilar. Bas, ulug‘ kun boʻlgan qiyomat manzarasidan kufr keltirgan kimsalarning holiga voy boʻlsin!
38.Ular Bizga keladigan kunda juda tiniq koʻradigan va aniq eshitadigan boʻlib qoladilar. Lekin zolimlar bugun aniq adashishdalar.
39.Ey Muhammad, u mushriklarni barcha ish bitirilgan hasrat kuni boʻlmish qiyomatdan ogohlantiring. Ular bugun g‘aflatdadirlar, shuning uchun ular iymon keltirmaydilar.
40.Albatta, Biz Oʻzimiz bu Yerni va undagi bor jonzotni meros qilib olamiz va barchalari Bizning huzurimizga qaytariladilar.
41.Ey Muhammad, ushbu kitobda Ibrohim payg‘ambarning qissasini ham yodga oling. Shubhasiz, u juda sadoqatli payg‘ambar edi.
42.Vaqtiki, u otasiga: “Ey otajon, nega sen hech narsani eshitmaydigan, koʻrmaydigan va senga biror foyda yetkaza olmaydigan narsaga ibodat qilasan?” – dedi.
43.Ey otajon, darhaqiqat, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergashgin, seni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilaman.
44.Ey otajon, aslo shaytonga ibodat qilma! Chunki shayton Rahmonga itoatsiz boʻlgan edi.
45.Ey otajon, rostdan ham, men senga Rahmon tomonidan azob yetib, doʻzaxda shaytonga yaqin boʻlib qolishingdan qoʻrqaman”, – dedi.
46.Otasi unga: “Ey Ibrohim, sen mening ilohlarimdan yuz oʻgiruvchimisan?! Qasam boʻlsinki, agar sen bu gaplaringdan tiyilmasang, albatta, seni toshboʻron qilaman va yoki boʻlmasa meni butunlay tark et!” – dedi.
47.Ibrohim otasiga: “Omon boʻl, endi Robbimdan sen uchun mag‘firat soʻrayman. Albatta, U menga mehribon Zotdir.
48.Men sizlardan ham, Allohdan boshqa iltijo qilayotgan butlaringizdan ham chetlanaman va yolg‘iz Robbimga iltijo qilaman. Shoyad, Robbimga iltijo qilish bilan siz kabi baxtsiz boʻlib qolmayman, deb umid qilaman.
49.Bas, Ibrohim ulardan va Allohdan boshqaga sig‘inayotgan butlaridan chetlangach, Biz unga farzand qilib Ishoqni va nabira qilib Yaʼqubni berdik hamda barchalarini payg‘ambar qildik.
50.Shuningdek, ularga Oʻz rahmatimizdan neʼmatlar inʼom etdik va ular uchun doimo oliy maqtovlarni qildik.
51.Ey Muhammad, ushbu kitobda Muso payg‘ambar qissasini ham yodga oling. Haqiqatan, u tanlab olingan rasul va payg‘ambar edi.
52.Biz unga Tur tog‘ining oʻng tomonidan nido qildik va uni munojot uchun Oʻzimizga yaqin qildik.
53.Biz unga Oʻz rahmatimiz bilan birodari Horunni payg‘ambar qilib berdik.
54.Ey Muhammad, bu kitobda Ismoil payg‘ambar qissasini ham yodga oling. Darhaqiqat, u vaʼdasida sodiq turuvchi hamda rasul va payg‘ambar edi.
55.U oʻz ahlini namoz va roʻzaga buyurar edi. U Robbisi nazdida rozi boʻlingan kishi edi.
56.Yana bu kitobda Idris payg‘ambar qissasini ham yodga oling. Darhaqiqat, u rostgoʻy payg‘ambar edi.
57.Biz uni oliy maqomga koʻtardik.
58.Aynan oʻshalar Odam Ato zurriyotidan, Biz Nuh payg‘ambar bilan birga kemada koʻtargan va toʻfon balosidan najot bergan kishilardan, Ibrohim zurriyotidan, Isroil va Biz hidoyat qilgan va tanlab olgan kishilardan boʻlmish Alloh inʼom etgan payg‘ambarlardir. Qachonki ularga Rahmonning oyatlari tilovat qilinsa, sajda qilgan va yig‘lagan hollarida yiqiladilar.
59.Keyin ularning ortidan namozni zoe qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar oʻrin oldilar. Endi ular, albatta, yomon jazoga yoʻliqadilar.
60.Faqat iymon keltirib, solih amallarni qilgan kishilargina bundan xoli boʻlib jazoga tortilmaydilar. Bas, ular abadiy jannatga kiradilar va ularga hech narsada zulm qilinmaydi.
61.Ular Rahmonning bandalariga g‘aybdan vaʼda qilgan Adn nomli abadiy qolinadigan jannatlarga kiradilar. Albatta, Uning vaʼdasi oʻz vaqtida keluvchidir.
62.U joyda ular behuda soʻz eshitmaydilar. Aksincha, faqat salom degan soʻzni eshitadilar. Hamda ular uchun ertayu kech u yerda rizqlari hozirdir.
63.Bandalarimizdan taqvodor boʻlgan kishilarga Biz meros qilib beradigan jannat mana budir.
64.Jabroil: “Biz farishtalar faqat Robbingizning amri bilan tushamiz. Oldimizdagi oxirat ham, ortimizdagi dunyo ham, ikkisi oʻrtasidagi barcha ishlar ham, faqat Uning izmidadir. Robbingiz unutuvchi boʻlmagan”, – deydi.
65.Alloh osmonlar, Yer va ularning orasidagi barcha narsalarning Robbisidir. Bas, Unga ibodat qiling va ibodatida bardoshli boʻling. Axir Unga teng biror ismni bilasizmi?!
66.Iymonsiz odam: “Oʻlganimdan keyin yana tirik holda qabrimdan chiqarilamanmi?” – deydi.
67.Axir, oʻsha inson Biz uni oldin oʻzi hech narsa boʻlmagan paytida yaratganimizni eslamaydimi?!
68.Ey Muhammad, bas, Robbingizga qasamki, albatta, Biz ularni yoʻldan ozdirgan shaytonlari bilan birga qiyomatda jamlaymiz, soʻngra barchalarini jahannam atrofida tiz choʻkkan hollarida hozir qilamiz.
69.Keyin har bir guruhdan qaysi birlari Rahmonga ashaddiyroq osiy boʻlsa, oʻshani sug‘urib olamiz va jahannamga tashlaymiz.
70.Keyin albatta, Biz unga kirishga loyiqroq kimsalarni eng yaxshi biluvchimiz.
71.Ey odamlar, sizlarning ichingizdan doʻzaxning dahshatli manzarasini koʻrish va Sirot koʻprigidan oʻtish uchun unga yaqin kelmaydigan bironta odam yoʻq. Bu Robbingiz nazdida, albatta, bajariladigan farmondir.
72.Ana undan keyin taqvodor boʻlgan kimsalarga doʻzaxdan najot beramiz va zolim kimsalarni tiz choʻkkan hollarida u yerda qoldiramiz.
73.Qachonki ularga aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kufr keltirganlar kibrlanib iymon keltirganlarga: “Ikki guruhning qaysi biri dunyodagi maqom va mavqe jihatidan yaxshiroqdir?” – dedilar.
74.Holbuki, ulardan oldin uy anjomlari va koʻrinish jihatidan yaxshiroq boʻlgan qanchadan-qancha avlodlarni halok qilganmiz.
75.Ey Muhammad, ularga: “Kim zalolatda boʻlsa, bas, Rahmon uning muddatini uzaytirsin, toki oʻzlariga vaʼda qilingan dunyo azobini yoki qiyomatni koʻrganlarida, albatta, kimning martabasi yomonroq va lashkari zaifroq ekanini biladilar”, – deb ayting.
76.Alloh toʻg‘ri yoʻldagi kishilarga hidoyatni yanada ziyoda qiladi. Robbingiz nazdida boqiy qoluvchi solih amallar savobi yaxshiroq va oqibati xayrlidir.
77.Ey Muhammad, oyatlarimizga kufr keltirgan va: “Oxiratda, albatta, menga mol-mulk va farzand beriladi”, – degan kimsani koʻrdingizmi?
78.Nima, u g‘oyibdan xabardor boʻlibdimi yoki Rahmon dargohidan ahd olganmi?!
79.Yoʻq, unday emas, albatta, Biz uning aytayotgan soʻzini yozib qoʻyamiz hamda unga azobni uzaytirib qoʻyamiz.
80.U aytayotgan mol-mulkni Biz meros qilib olamiz va u Bizning huzurimizga yolg‘iz holda keladi.
81.Mushriklari Allohdan boshqa, oʻzlariga madad boʻlishi uchun ilohlar qilib oldilar.
82.Yoʻq, aksincha, qiyomatda butlari ularning qilgan ibodatlarini inkor qiladilar va ularga qarshi boʻladilar.
83.Ey Muhammad, Biz kofirlarga gunoh ishlar uchun ularni qoʻzg‘atadigan shaytonlarni yuborganimizni koʻrmadingizmi?!
84.Bas, siz ularga qarshi chiqishga shoshilmang. Albatta, Biz ularning qilgan ishlarini aniq hisoblab boryapmiz.
85.U kunda taqvodorlarni Rahmon huzuriga hayʼat holida toʻplab boramiz.
86.Gunohkorlarni esa tashna hollarida jahannamga haydaymiz.
87.U kunda faqat Rahmon nazdida ahd olgan xolis kishilargina shafoatga ega boʻladilar.
88.Mushriklar Allohga tuhmat qilib: “Rahmon bola tutdi”, – dedilar.
89.Ey mushriklar, chindan ham bu gapingiz bilan juda og‘ir narsa keltirdingiz.
90.Uning og‘irligidan osmonlar yorilib, Yer boʻlinib, tog‘lar qulab parchalanib ketishiga oz qoldi.
91.Buning sababi, Rahmonga farzand daʼvo qilishlaridir.
92.Rahmon uchun farzand tutish loyiq emas. Chunki hamma unga quldir.
93.Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot qiyomat kunida Rahmon huzuriga qul boʻlgan holda keladi.
94.Albatta, Alloh ularni qamrab olgan va adadini sanab qoʻygandir.
95.Ularning barchasi qiyomat kuni Uning huzuriga yolg‘iz holda keluvchidir.
96.Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun yaqinda Rahmon muhabbat paydo qiladi.
97.Ey Muhammad, albatta, Biz bu Qurʼonni taqvodorlarga jannat bilan xushxabar berishingiz va qaysar qavmni jahannam bilan ogohlantirishingiz uchun uni sizning tilingizga oson qilib qoʻydik.
98.Biz ulardan oldin ham qanchalab osiy nasllarni halok qilganmiz. Siz ulardan tirik qolgan birortasini sezyapsizmi yoki ularning shivirlashini eshityapsizmi?!

