1.To, Sin, Mim.
Сура Qosos
Ниспослана в Makka.
20-й джуз,28-я сура,88 аятов2.Bular ochiq-oydin kitobning oyatlaridir.
3.Ey Rasulim, Allohga iymon keltiradigan qavm uchun sizga Muso va firʼavnning xabaridan haqiqatni tilovat qilib beramiz.
4.Darhaqiqat, firʼavn Misr yerida tug‘yonga ketib, uning aholisini boʻlib tashladi. Ulardan bani Isroil avlodi guruhini xorlab, oʻg‘illarini qatl qilar, ayollarini buzuq niyatda foydalanish uchun oʻldirmay tirik qoʻyar edi. Albatta, u buzg‘unchilardan edi.
5.Biz esa u yerda xorlangan kishilarga beminnat neʼmat berishni, ularni xorlikdan chiqarib, yoʻlboshchi zotlarga aylantirishni va ularni firʼavn mulkiga merosxoʻr qilishni istaymiz.
6.Yana ularga yer yuzida imkoniyatlar berib, firʼavn va uning vaziri Homon hamda lashkarlariga davlatlaridan ayrilib, bani Isroil qoʻliga oʻtishdan xavotirlanayotgan narsani koʻrsatib qoʻyishni xohlaymiz.
7.Biz Musoning onasiga uni tug‘gach firʼavn odamlari kelib oʻldirishlaridan qoʻrqib turgan paytida vahiy qilib: “Uni emizib turaver, agar Musoni oʻldirib yuborishlaridan qoʻrqsang, uni daryoga tashla. Hamda bu ishingdan qoʻrqmagin va qayg‘urmagin. Albatta, Biz uni senga qaytaruvchimiz va uni payg‘ambarlardan qiluvchimiz”, – dedik.
8.Bas, Musoning onasi uni daryoga tashlagach, firʼavn xonadoni uni ulg‘ayganda oʻzlariga dushman va tashvish boʻlishi uchun tutib oldilar. Albatta, firʼavn, Homon va ularning lashkarlari xato qiluvchi boʻlgan edilar.
9.Firʼavnning xotini unga: “Bu goʻdak men uchun ham, sen uchun ham koʻz quvonchidir. Uni oʻldirmanglar, shoyadki, uning bizlarga foydasi tegsa yoki uni farzand qilib olsak”, – dedi. Vaholanki, ular oʻzlarining halokatlari shu goʻdak tufayli ekanini sezmas edilar.
10.Musoning onasi oʻg‘lining daryoda oqib ketganini koʻrgach qalbi boʻshashib qoldi. Agar "Biz uni senga qaytaramiz”, degan vaʼdamizga iymon keltiruvchilardan boʻlishi uchun uning koʻnglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, uni oʻz oʻg‘li ekanini bildirib qoʻygan boʻlar edi.
11.Musoning onasi uning opasiga: “Uning izidan bor”, – dedi. Opasi Musoning ketidan tushdi va ular sezmagan hollarida uni bir chetdan kuzatib turdi.
12.Biz bundan oldin unga barcha emizuvchi ayollarni taqiqladik Muso hech bir ayolni emmadi. Shunda uning opasi kelib: “Men sizlarga unga kafil boʻlib emizadigan va unga nasihatgoʻy boʻluvchi bir oilani dalolat qilaymi?” – deb aytdi.
13.Shunday qilib, Biz Musoning onasining koʻzlari quvonishi va tashvish chekmasligi hamda Allohning vaʼdasi haq ekanini bilishi uchun uni yana onasiga qaytardik. Lekin odamlarning koʻpchiligi Allohning vaʼdasi haq ekanini bilmaydilar.
14.Qachonki, u voyaga yetib, kamol topganida, unga hikmat va bilim berdik. Biz yaxshi ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.
15.Kunlarning birida Muso peshin vaqtida aholisi g‘aflatda boʻlgan paytda shaharga kirgan edi. U yerda ikki kishini oʻzaro urushayotganini koʻrdi. Ulardan biri Musoning oʻz guruhidan va unisi esa dushman tomonidan boʻlgan qibtiy kimsa edi. Shunda Musoning guruhidan boʻlgan kishi undan dushmaniga qarshi yordam soʻradi. Shunda Muso uni bir musht urib, oʻldirib qoʻydi. Soʻng qilib qoʻygan ishidan afsus qilib: “Bu shaytonning ishidandir. Albatta, u aniq yoʻldan adashtiruvchi dushmandir”, – dedi.
16.Keyin Allohga duo qilib: “Ey Robbim, haqiqatan, men oʻzimga zulm qilib qoʻydim. Bas, meni mag‘firat qil”, – dedi. Alloh uni mag‘firat qildi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
17.Muso yana: “Ey Robbim, menga inʼom qilganing haqqi endi aslo jinoyatchilarga yordam beruvchi boʻlmayman”, – dedi.
18.Muso ertasi kuni qoʻrqqan holida atrofga alanglab ketayotgan edi. Kecha undan yordam soʻragan kimsa yana uni yordamga chaqirar edi. Muso unga: “Chindan ham sen aniq gumrohsan!” – dedi.
19.Shunda ham Muso ikkoviga dushman boʻlgan u qibtiy kimsani ajratib olmoqchi boʻlganida bani Isroillik odam baqirib: “Ey Muso, kecha bir jonni oʻldirganing kabi bugun meni ham oʻldirmoqchimisan?! Sen faqat yer yuzida jabr qiluvchi boʻlmoqchisan. Sen isloh qiluvchilardan boʻlishni xohlamaysan”, – dedi.
20.Shahar chekkasidan bir kishi shoshgancha kelib: “Ey Muso, firʼavnning zodagonlari seni oʻldirish uchun til biriktiryaptilar. Bas, bu shahardan chiqib ketgin. Albatta, men senga nasihatgoʻy kishilardanman”, – dedi.
21.Bas, u qoʻrquvga tushib, atrofni alanglagan holda u yerdan chiqib ketdi. Allohga iltijo qilib: “Ey Robbim, menga bu zolim qavmlardan najot bergin”, – dedi.
22.Vaqtiki, Muso Madyan shahri tomonga ravona boʻlgach: “Shoyad, Robbim meni toʻg‘ri yoʻlga boshlasa”, – dedi.
23.Qachonki, Madyan qudug‘idagi suv oldiga kelganda u joyda bir gala odamlar hayvonlarini sug‘orayotganini koʻrdi. Ulardan nariroqda ikki ayol qoʻylarini sug‘orishdan tortinib turganini koʻrdi. Muso ularga: “Sizlarga nima boʻldi, nega qoʻylarni sug‘ormayapsiz?” – dedi. Ular: “Biz, to podachilar mollarini sug‘orib qaytarmaguncha, sug‘ora olmaymiz. Otamiz esa qari bir chol”, – dedilar.
24.Shunda Muso ularga qoʻylarini sug‘orib berdi. Keyin bir chetdagi soyaga borib oʻtirdi va: “Ey Robbim, men uchun nima yaxshilik rizq tushirsang, oʻshanga muhtojman”, – dedi.
25.Keyin, qizlardan biri hayo bilan yurib kelib: “Otam bizlarga qoʻylarimizni sug‘orib berganing haqini berish uchun seni chaqirmoqda”, – dedi. Soʻngra, Muso Shuʼayb payg‘ambarning huzuriga kelib, unga oʻz qissasini, soʻzlab berdi. Shuʼayb Musoga “Endi, qoʻrqma, sen zolimlar qavmidan qutulding”, – dedi.
26.Qizlardan biri: “Ey otajon, uni ishga yollagin. Chunki ishga yollanadigan eng yaxshi kimsa kuchli va ishonchli kishidir”, – dedi.
27.Shuʼayb payg‘ambar Musoga: “Agar rozi boʻlsang, menga sakkiz yil ishlab berishing evaziga senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Agar oʻn yilni ishlab bitirsang, bu sendan bizga yaxshilikdir. Men seni mashaqqatga solishni istamayman. Agar Alloh xohlasa mening solih kishilardan ekanimni bilasan”, – dedi.
28.Muso unga: “Mana shu sen bilan mening oʻrtamizdagi kelishuvdir. Ikki muddatdan qay birini ado qilsam ham bas, menga nohaqlik qilinmaydi. Alloh aytayotgan soʻzimizga vakildir”, – dedi.
29.Bas, qachonki, Muso kelishilgan muddatni tugatib, oilasi bilan Misr tomon yoʻlga tushdi. Kechki payt Tur tog‘i tarafidan bir olovni koʻrib qoldi va oilasiga: “Sizlar shu joyda kutib turinglar. Men bir olovni koʻrib qoldim. Shoyad, sizlarga undan biror xabar yoki isinib olishingiz uchun olovdan bir choʻg‘ olib kelsam”, – dedi.
30.Bas, qachonki, uning oldiga yetib borgach, u muborak joyda vodiyning oʻng tarafidagi daraxtdan unga: “Ey Muso, Men barcha olamlarning Robbisi boʻlgan Allohman!” – deb nido qilindi.
31.Asongni yerga tashla! Bas, qachonki, Muso uni ilondek qimirlayotganini koʻrgach, orqasiga qaramay qochdi. Unga: “Ey Muso, orqangga qayt va qoʻrqma, albatta, sen xavfdan omonda boʻlgan kishilardansan!” – deyildi.
32.Qoʻlingni yoqangning ichiga sol, qoramtir boʻlgan rangi hech qanday yomonliksiz oppoq boʻlib chiqadi. Qoʻl-qanotingni bu moʻʼjizalardan qoʻrqib ketsang, qoʻltig‘ingga qisib ol u yana oʻz holiga qaytadi. Mana bu ikki aso va qoʻl moʻʼjizasi Robbing tomonidan firʼavn va uning zodagonlariga ikki dalildir. Haqiqatan, ular fosiqlar qavmi edi.
33.Muso: “Ey Robbim, men ulardan bir jonni oʻldirib qoʻyganman. Endi, meni oʻldirishlaridan qoʻrqaman”, – dedi.
34.Birodarim Horun mendan koʻra tili burroroq. Bas, uni ham men bilan birga meni tasdiqlaydigan yordamchi qilib yuborgin. Chunki firʼavn va uning aʼyonlari meni yolg‘onchi qilishlaridan qoʻrqaman.
35.Alloh Musoga: “Biz birodaring bilan bilagingni quvvatlaymiz va ikkingizga saltanat ato qilamiz. Bas, ular moʻʼjizalarimiz sababli sizlarga biror ziyon yetkaza olmaydilar. Sizlar ham, sizlarga ergashganlar ham, albatta, g‘olib boʻluvchidirlar”, – dedi.
36.Bas, qachonki, Muso ularga aniq moʻʼjizalarimiz bilan kelgach, ular: “Bu toʻqima sehrdan boshqa narsa emas. Bu narsani avvalgi ota-bobolarimiz zamonida roʻy berganini eshitgan emasmiz”, – dedilar.
37.Muso: “Robbim Oʻzining huzuridan kimga hidoyat keltirganini ham, oxirat diyoridagi oqibat kimga boʻlishini ham juda yaxshi biluvchidir. Albatta, zolimlar zafar topmaydilar”, – dedi.
38.Firʼavn: “Ey odamlar, men sizlar uchun oʻzimdan boshqa biror iloh borligini bilmayman. Bas, Ey Homon, men uchun loyni pishirib, g‘isht quy va bir baland qasr bino qil, shoyadki, men qasr ustiga chiqib Musoning ilohini koʻrsam. Men uni aniq yolg‘onchilardan deb oʻylayman”, – dedi.
39.U va uning lashkarlari yer yuzida iymon keltirmay nohaq takabburlik qildilar va oʻzlarini oxiratda Bizga qaytarilmaydilar, deb oʻyladilar.
40.Bas, Biz uni va lashkarlarini azob bilan tutdik, keyin dengizga g‘arq boʻlishlari uchun tashladik. Mana, zolimlarning oqibati qanday boʻlganiga nazar soling.
41.Ularni doʻzaxga chorlaydigan yoʻlboshchilar qilib qoʻydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmaydi.
42.Biz bu dunyoda ham ularga laʼnatni ergashtirib qoʻydik. Qiyomat kunida ham ular qabih kimsalardandir.
43.Biz avvalgi avlodlarni kofir boʻlganlari uchun halok qilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, hidoyat va rahmat manbai boʻlgan kitob berdik. Shoyad, ular bundan eslatma olsalar!
44.Ey Rasulim, Musoga payg‘ambarlik ishini hukm qilgan paytda siz Tur tog‘ining Biz Muso bilan vaʼdalashgan g‘arb tomonida boʻlmagansiz va bunga guvohlardan emas edingiz.
45.Lekin Biz Musodan keyin, koʻp avlodlarni paydo qildik, bas, ularning umri choʻzilib ketdi va ular Musoga yuborilgan hukmlarni unutib yubordilar. Siz Madyan ahli orasida turib, ularga oyatlarimizni tilovat qilib berganingiz yoʻq. Lekin Biz hukmlarimizni odamlarga yetkazishingiz uchun sizni payg‘ambar qilib yuboruvchi boʻldik.
46.Biz Musoga nido qilgan paytda siz Tur tog‘ining yonida boʻlmagansiz. Lekin Robbingiz tomonidan rahmat boʻlib, sizdan oldin biror ogohlantiruvchi kelmagan bir qavmni oxiratdan ogohlantirish uchun payg‘ambar boʻldingiz. Shoyadki, ular bundan eslatma olsalar.
47.Toki ularga oʻz qilmishlari sababli biror musibat yetganida: “Ey Robbimiz, agarda bizlarga payg‘ambar yuborganingda edi, oyatlaringga ergashar va iymon keltiruvchilardan boʻlar edik”, – deb bahona aytmasinlar.
48.Bas, qachonki, ularga huzurimizdan haq payg‘ambar kelgach esa, ular: “Muhammadga ham Musoga berilgan moʻʼjizaviy narsalar berilganida edi bizlar unga ergashgan boʻlardik”, – dedilar. Axir, ular ilgari Musoga berilgan narsani ham inkor qilmaganmidilar?! Ular: “Tavrot va Qurʼon bir-birini qoʻllab-quvvatlaydigan ikki sehrdir, biz ularning hammasini inkor qiluvchilarmiz”, – dedilar.
49.Ey Muhammad ularga: “Agar rostgoʻy boʻlsangiz, Alloh huzuridan u ikki kitobdan koʻra toʻg‘riroq boʻlgan biror kitob keltiringlar, men unga ergashay”, – deb ayting.
50.Bas, agar sizga javob bera olmasalar, unda bilingki, ular faqatgina havoyi nafslariga ergashmoqdalar. Alloh tomonidan hidoyat topmay havoyi nafsiga ergashgan kimsadan ham adashganroq odam bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmaydi.
51.Shoyad, eslatma oladilar deb, ularga bu Qurʼon soʻzini ketma-ket qilib nozil qildik.
52.Biz Qurʼondan ilgari kitob bergan yahudiy va nasroniylarning moʻminlari unga iymon keltiradilar.
53.Qachonki, ularga Qurʼon tilovat qilinsa: “Biz unga iymon keltirdik. Albatta, bu kitob Robbimiz tomonidan kelgan haqiqatdir. Bizlar Qurʼon nozil boʻlishidan oldin ham musulmon edik”, – deydilar.
54.Ana ularga iymon yoʻlida sabr qilganlari uchun mukofotlari ikki barobar qilib beriladi. Ular yomonlikni yaxshilik bilan daf qiladilar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qiladilar.
55.Agarda behuda soʻzni eshitsalar, undan yuz oʻgiradilar va: “Bizning amallarimiz oʻzimiz uchun, sizning amallaringiz esa, oʻzingiz uchun. Salomat boʻlinglar, biz johillar bilan birga boʻlishni xohlamaymiz”, – deydilar.
56.Ey Rasulim, siz oʻzingiz sevgan kishilarni haqqa hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh Oʻzi xohlagan kishilarni hidoyat qiladi. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir.
57.Quraysh kofirlari: “Ey Muhammad, agar bizlar sen bilan birga toʻg‘ri yoʻlga ergashsak, yerimizdan tortib olinamiz”, – deydilar. Axir, Biz ularga osoyishta Haramni makon qilib bermadikmi?! Barcha narsaning hosillari Bizning dargohimizdan rizq boʻlib u yerga yig‘iladi-ku! Lekin odamlarning koʻpchiligi bu haqiqatni bilmaydilar.
58.Biz maishatlarida haddan oshgan qanchadan-qancha oʻlkalarni halok qildik. Ulardan keyin oʻsha maskanlarida juda ozchilik istiqomat qildi. Ularning yurtlariga Biz voris boʻldik.
59.Robbingiz shahar va qishloqlarning ona markazlariga ularga oyatlarimizni tilovat qiladigan bir payg‘ambar yubormagunicha, ularni halok qiluvchi boʻlmadi. Lekin yurtlarning aholisi zolimlardan boʻlganda halok qiluvchi boʻldik.
60.Sizlarga nima berilgan boʻlsa, faqat oʻtkinchi dunyo hayotining matohi va ziynatidir. Alloh huzuridagi ajr esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Hali ham aql ishlatmaysizlarmi?!
61.Axir, Biz unga goʻzal jannat vaʼdasini vaʼda qilgan va unga erishgan kishi, oʻtkinchi dunyo hayoti matohidan uni ozgina foydalantirib, soʻngra qiyomat kunida mangu azobga hozir qilinuvchi kimsa kabi boʻlardimi?!
62.Alloh qiyomat kuni ularga: “Sizlar xudo deb oʻylab yurgan sheriklarim qani?!” – deb nido qiladi.
63.Ustilariga azob haqidagi soʻz muqarrar boʻlgan kimsalar: “Ey Robbimiz, ana u biz yoʻldan ozdirgan kimsalarni ham xuddi oʻzimiz ozgan kabi yoʻldan ozdirganmiz. Endi, Seni oldingda oʻzimizni oqlayapmiz. Ular aslida bizga ibodat qilmagan edilar”,– deydilar.
64.Ularga: “Sheriklaringizni yordamga chaqiringlar”, – deyiladi. Ular soxta xudolarni yordamga chaqiradilar, lekin ularga javob bermaydilar va dahshatli azobni koʻradilar. Koshki, ular hidoyat topgan boʻlganlarida edi.
65.U kunda Alloh ularga nido qilib: “Daʼvatlari uchun payg‘ambarlarga nima deb javob qilgan edingiz?” – deydi.
66.U kunda ularga xabarlar koʻrinmay qoladi, bas, qoʻrquvdan bir-birlaridan savol ham soʻrolmay qoladilar.
67.Bas, kim gunohlaridan tavba qilib, iymon keltirsa va solih amal qilgan boʻlsa, shoyadki u azobdan qutuluvchilardan boʻlsa.
68.Robbingiz xohlagan narsani yaratadi va xohlagan ishni tanlaydi. Ularda ixtiyor yoʻqdir! Alloh ularning shirk keltirayotgan narsalaridan pok va oliydir!
69.Robbingiz ularning dillari yashirayotgan narsalarini ham, oshkor qilayotgan narsalarini ham biladi.
70.U yagona Allohdir. Undan oʻzga iloh yoʻqdir! Dunyoda ham oxiratda ham hamd, faqat Unga xosdir. Hukm qilish ham yolg‘iz Ungadir va barchangiz Uning huzuriga qaytarilasizlar.
71.Ey Muhammad, ularga: “Qani, aytingchi, agar Alloh kechani sizlarga qiyomat kunigacha doimiy qilib qoʻysa, Allohdan oʻzga qaysi iloh sizlarga biror yorug‘likni keltira oladi? Axir, ibrat olib eshitmaysizlarmi?!” – deb ayting.
72.Yana ularga: “Qani, aytingchi, agar Alloh kunduzni sizlarga qiyomat kunigacha doimiy qilib qoʻysa, Allohdan oʻzga qaysi iloh sizlarga orom oladigan kechani keltira oladi? Axir, tafakkur qilib koʻrmaysizlarmi?!” – deb ayting.
73.Alloh sizlar uchun kechani orom olishingiz, kunduzni esa unda Uning fazlidan rizq istashingiz uchun yaratdi. Shoyadki, sizlar bu neʼmatlarga shukr qilsangizlar.
74.Alloh qiyomat kuni ularga: “Sizlar xudo deb oʻylab yurgan sheriklarim qani?!” – deb nido qiladi.
75.Biz u kunda har bir ummatdan bir payg‘ambarni guvoh qilib chiqaramiz. Keyin ularga: “Keltirgan shirkingiz uchun dalillaringizni olib keling”, – deymiz. Bas, ular haqiqat Alloh uchun ekanini biladilar va toʻqib olgan soxta ilohlari esa ulardan g‘oyib boʻladi.
76.Albatta, Qorun Muso payg‘ambarning qavmidan edi. Bas, u qavmlarga takabburlik qildi. Biz unga kalitlarini koʻtarib yurishda bir guruh baquvvat odamlarga ham og‘irlik qiladigan xazinalarni bergan edik. Oʻshanda qavmi unga: “Juda hovliqib ketma, albatta, Alloh hovliqqan kimsalarni sevmaydi”, – dedi.
77.Alloh senga bergan narsa bilan avvalo oxirat savobini istagin shuningdek, dunyodan boʻlgan nasibangni ham unutma. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham nochorlarga ehson qil. Yer yuzida zoʻravonlik bilan buzg‘unchilik qilishni oʻylama. Chunki Alloh buzg‘unchilarni sevmaydi.
78.Qorun oʻz qavmiga: “Men bu boyliklarga faqat oʻzimdagi bilimga koʻra erishdim”, – dedi. Axir, u oʻzidan ilgari Allohning undan koʻra quvvatliroq va toʻplagan boyligi ham koʻproq qanchadan-qancha avlodlarni halok qilganini bilmas edimi?! Jinoyatchilardan gunohlari toʻg‘risida soʻrab oʻtirilmaydi.
79.Keyin Qorun qavmining oldiga zebu ziynati bilan chiqib keldi. Oʻtkinchi dunyo hayotini istaydigan kimsalar: “Eh, qani, endi bizlarga ham Qorunga berilgan narsalar berilsa edi. Rostdan ham u ulkan nasiba egasidir”, – dedilar.
80.Ilm berilgan kishilar esa: “Sizlarning holingizga voy boʻlsin! Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan kishi uchun Allohning savobi yaxshiroqdir. Unga faqat sabrli kishilar erishadilar”, – dedilar.
81.Bas, Biz uni ham, joylarini ham yerga yuttirdik. Keyin uning uchun Allohdan oʻzga yordam beradigan biror jamoa ham boʻlmadi va oʻzi ham nusratga erishuvchilardan boʻlmadi.
82.Kechagina uning oʻrnini orzu qilganlar: “Vo ajab, Alloh bandalaridan oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib, xohlaganining rizqini tor qilib qoʻyar ekan-da! Agar Alloh bizlarga lutf qilmaganida, bizlarni ham yerga yuttirgan boʻlar edi. Vo ajab, kofirlar najot topmas ekan-da!” – deb qoldilar.
83.Biz oʻsha oxirat diyorini yer yuzida kibr va buzg‘unchilik qilishni istamaydigan kishilar uchun yaratamiz. Oqibat esa, taqvodor kimsalarnikidir!
84.Kim Uning huzuriga yaxshilik bilan kelsa, bas, unga undan yaxshiroq mukofot beriladi. Kim bir yomonlik bilan kelsa, yomonlik qilganlar faqat qilganlariga yarasha jazo oladilar.
85.Ey Muhammad, albatta, sizga ushbu Qurʼonni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, sizni yana Makkadagi qaytib boriladigan joyga ham qaytaruvchidir. Ey Rasulim ularga: “Robbim hidoyat bilan kelgan kimsani ham va ochiq-oydin zalolatdagi kimsani ham juda yaxshi biluvchidir”, deb ayting.
86.Siz oʻzingizga kitob tushirilishidan umidvor ham emasdingiz. Faqat Robbingiz tomonidan rahmat boʻlib u nozil qilindi. Bas, aslo kofirlarga yordamchi boʻlmang.
87.Sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan keyin aslo sizni unga amal qilishdan toʻsmasinlar. Siz odamlarni Robbingizga ibodat qilishga chaqiring va hargiz mushriklardan boʻlmang.
88.Alloh bilan birga boshqa soxta ilohga iltijo qilmang. Undan oʻzga iloh yoʻqdir. Uning Zotidan boshqa har bir narsa halok boʻluvchidir. Hukm qilish, faqat Unga xosdir va Uning huzuriga qaytarilasizlar.

