17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура Jin

Ниспослана в Makka.

29-й джуз,72-я сура,28 аятов

1.Ey Muhammad: “Menga vahiy qilindiki, jinlardan bir necha nafari Qurʼon tilovat qilganimni eshitib, oʻz qavmlariga borib, “Darhaqiqat, bizlar ajoyib bir Qurʼonni eshitdik”, deganlarini ayting.

2.U toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi. Bas, darhol unga iymon keltirdik. Endi biz Robbimizga hech kimni aslo sherik qilmaymiz.

3.Albatta, Robbimizning ulug‘vorligi yuksak boʻldi. U biror juft va yo farzand tutgan emasdir.

4.Albatta, bizlarning ichimizdagi ahmoq iblis Alloh shaʼniga nohaq soʻzlarni aytar edi.

5.Bizlar esa, ins ham, jin ham Alloh shaʼniga aslo yolg‘on soʻzlamaydi, deb oʻylar edik.

6.Insdan boʻlgan ayrim kishilar jindan boʻlgan kimsalardan panoh tilashardi, Bas, insonlar u jinlarning yomonligini yanada ziyoda qildilar.

7.Albatta, u insonlarning kofirlari ham xuddi siz jinlar gumon qilganingizdek, Alloh biror kimsani qayta tiriltirmaydi, deb gumon qilganlar.

8.Bizlar farishtalardan vahiyni eshitib olish uchun osmonga intilgan edik, uni kuchli qoʻriqchi farishtalar va jinlarga otiluvchi uchar yulduzlar bilan toʻla ekanligini koʻrdik.

9.Biz ilgari u osmondan baʼzi joylarga farishtalarning soʻzlarini eshitib olish uchun oʻtirib olar edik. Endi esa kim tinglamoqchi boʻlsa, oʻzini poylab turgan uchqunga duchor boʻladi.

10.Biz yerdagi kishilarga Alloh tomonidan yomonlik iroda qilinganmi yoki Robbilari ularga toʻg‘ri yoʻlni iroda qilganmi, bilmaymiz.

11.Albatta, bizlarning oramizda yaxshilar ham bordir va shuningdek, oramizda undan boshqalar ham bordir. Bizlar ilgari turli-tuman yoʻllarda edik.

12.Bizlar yana Qurʼonni eshitganimizdan soʻng bildikki, Yer yuzida Allohni ojiz qoldira olmaymiz va Uning jazosidan qochib qutila olmaymiz.

13.Biz Hidoyatni eshitgan paytimizda unga iymon keltirdik. Bas, kimki Robbisiga iymon keltirsa, demak, u yaxshiliklarning kamayib qolishidan ham, yomonliklarning ortib ketishidan ham xavfi boʻlmaydi.

14.Oramizda musulmonlar ham bor, shuningdek, oramizda yoʻldan ozganlar ham bordir. Bas, kimki musulmon boʻlsa, demak, aynan oʻshalar toʻg‘ri yoʻlni tanlagan boʻladilar.

15.Ammo toʻg‘ri yoʻldan ozganlar esa, bas, ular jahannamga oʻtin boʻluvchilardir.

16. Albatta, agar ular toʻg‘ri yoʻlda turganlarida, albatta, Biz ularni moʻl-koʻl suv bilan sug‘organ boʻlar edik.

17.Bu bilan ularni sinagan boʻlar edik. Kimki Robbisining zikri boʻlgan Qurʼondan yuz oʻgirsa, uni qiyin azobga yoʻllaydi.

18.Albatta, barcha masjidlar Allohnikidir. Bas, masjidlarda Alloh bilan qoʻshib yana biror kimsaga duo qilmanglar!

19.Yana Allohning bandasi Muhammad Unga ibodat qilib turganida, ular Qurʼon eshitish uchun uning ustida ot yolidek toʻplanib, g‘uj-g‘uj yig‘ila boshladilar.

20.Ey Muhammad kofirlarga: “Men faqat yolg‘iz Robbimga ibodat qilaman va Unga hech kimni sherik qilmayman”, – deb ayting.

21.Yana ularga: “Men sizlarga zarar va yoki toʻg‘ri yoʻl berishga ham ega emasman”, – deb ayting.

22.Ey Muhammad kofirlarga: “Albatta meni Allohning azobidan aslo biror kimsa himoya qila olmaydi va men hargiz Undan oʻzga panoh ham topa olmayman”, – deb ayting.

23.Men faqat Alloh tomonidan yetkazishga va Uning elchilik vazifalariga egaman. Kimki Alloh va Uning payg‘amabariga osiylik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, ular oʻsha joyda mangu qoladilar.

24.Ularga vaʼda qilinayotgan azobni koʻrganlaridan keyingina kimning yordamchisi zaifroq va sanog‘i ham ozroq ekanini biladilar.

25.Ey Muhammad, kofirlarga: “Sizlarga vaʼda qilinayotgan azob yaqinmi yoki Robbim unga uzoq muhlat qilganmi, bilmayman”, – deb ayting.

26.Alloh g‘aybni biluvchidir. Bas, biror kimsani Oʻz g‘aybidan xabardor qilmaydi.

27.Faqat Oʻzi rozi boʻlgan payg‘amabarnigina Oʻzining baʼzi g‘aybidan ogoh qiladi. Bas, albatta, U har bir payg‘ambarning oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi farishta yoʻllaydi.

28.Toki payg‘ambarlar Robbilarining elchilik vazifalarini ummatga yetkazganliklarini bilish uchun shunday qiladi. Alloh payg‘ambarlar huzuridagi barcha narsani ihota qilib olgan. Hamda borliqdagi har bir narsaning sanog‘ini hisoblab qoʻygandir.