17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура Hud

Ниспослана в Makka.

11-й джуз,11-я сура,123 аятов

1.Alif, Lom, Ro. Bu oyatlari mustahkam qilingan, soʻngra hikmat sohibi – Hakim va barcha narsalardan xabardor boʻlgan – Xobir Zot tomonidan batafsil bayon qilingan kitobdir.

2.Uning bayoni “Aslo Allohdan Oʻzgaga sig‘inmanglar!” – degan xitobidan iboratdir. Albatta, men Muhammad Uning nomidan sizlar uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchiman.

3.Allohning buyrug‘i shuki, Robbingizdan mag‘firat tilang soʻngra Unga tavba qiling, shunda Alloh sizlarni maʼlum muddat dunyo hayotida chiroyli manfaat bilan foydalantiradi. Shuningdek, har bir saxiy va fazilatli kishiga Oʻz fazlini ato qiladi. Agar chaqiriqlarimdan yuz oʻgirsangiz, bas, men sizlarga ulug‘ kun boʻlmish qiyomat azobi yetishidan qoʻrqaman.

4.Qaytar joyingiz esa, albatta, Allohning huzurigadir. U har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.

5.Ogoh boʻlinglarki, albatta, u kofirlar Undan maxfiy tutish uchun dillaridagi adovatlarini yashirib boshqa tomonga buradilar. Shuni bilsinlarki, kiyimlariga oʻranib olgan paytlarida ham Alloh ularning yashirgan va oshkor qilgan narsalarini biladi. Albatta, U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

6.Yerda oʻrmalab yuruvchi narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasida. U har bir jonzotning doimiy va vaqtinchalik joylashgan makonlarini, qoʻnadigan va xavfsiz boʻlgan joyini biladi. Bularning hammasi bayon qilingan kitob boʻlmish Lavh ul-Mahfuzda yozilgan.

7.U Zot osmonlar va Yerni olti kunda yaratdi. Butun koinot yaratilishidan oldin Uning Arshi suv ustida edi. Alloh bularni sizlarning qaysilaringiz amal qilishda yaxshiroq ekan deb, sinash uchun qildi. Agar ularga: “Oʻlimdan keyin sizlar, albatta, qayta tiriluvchisizlar”, – desangiz, kufr keltirgan kimsalar: “Bu faqat ochiq-oydin sehrdir”, – deydilar.

8.Agarda ulardan azoblashni maʼlum muddatgacha kechiktirib tursak, albatta, ular: “U azob kelishini nima toʻsib turibdi?” – deydilar. Ogoh boʻlsinlarki, u azob kelgan kunda ulardan qaytib ketuvchi boʻlmaydi va masxara qilib yurgan narsalari oʻzlarini oʻrab oladi.

9.Agarda biz insonni Oʻz marhamatimizdan bahramand qilsak, keyin uni yana tortib olsak, shubhasiz, u birdan noumid va noshukr boʻlib qoladi.

10.Agarda unga biror ziyon kelib ketgandan keyin yana neʼmatlarni tottirib qoʻysak: “Baribir mendan yomonliklar ketib boʻldi endi bunday boʻlmaydi”, – deb qoladi. Albatta, u inson mag‘rur va maqtanchoqdir.

11.Lekin og‘ir kunlarda sabr qilgan va yaxshi amallarni, qiladigan zotlar borki, ana ular uchun mag‘firat va ulkan mukofot bordir.

12.Ey Rasulim, ehtimol, siz mushriklarning: “Unga osmondan xazina tushirilsa yoki u bilan birga uning payg‘ambar ekanligini tasdiqlovchi bir farishta kelsa boʻlmaydimi?” – deb gapirishlari sababli unga qalbingiz siqilib, sizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ayrimlarini ularga yetkazishni tark qilmoqchidursiz. Siz faqatgina bir ogohlantiruvchisiz Alloh esa barcha narsaga vakildir.

13.Yoki: “Uni Muhammad toʻqib chiqaryapti”, – deydilarmi? Ey Rasulim, ularga: “Agar rostgoʻylardan boʻlsangiz, shunga oʻxshash oʻnta toʻqilgan surani keltirib, Allohdan boshqa imkoningiz yetganicha yordamga va guvohlikka kimni boʻlsa ham, chaqiringlar!” – deb ayting.

14.Bas, agar chaqirganlaringiz sizlarga javob qilmasalar, unda bilingki, albatta, nozil qilingan Qurʼon Allohning ilmi bilan vahiy qilingandir. Hamda Undan oʻzga iloh yoʻqdir. Bas, endi sizlar musulmonlardan boʻlasizlarmi?!

15.Kim faqat bu dunyo hayoti va uning zebu ziynatlarini xohlaydigan boʻlsa, ularga qilgan amallarining mukofotini faqat shu dunyoda toʻliq qilib beramiz. Hamda ularga bu dunyoda hech qanday zulm qilinmaydi va ular unda ziyon koʻrmaydilar.

16.Ana unday kimsalar uchun oxiratda doʻzax oʻtidan boshqa hech qanday nasiba yoʻq. Ularning bu dunyoda qilgan barcha yaxshiliklari behuda ketadi va qilib oʻtgan amallari behudadir.

17.Robbisi tomonidan aniq hujjat boʻlmish Qurʼonga, ortidan Undan bir guvoh boʻlib kelgan Jabroilga, undan oldin esa rahnamo va rahmat sanalmish Musoning kitobi Tavrotga ega boʻlgan kishi, faqat oʻtkinchi dunyo manfaatlarini xohlovchilar bilan barobar boʻladimi?! Aynan oʻshalar u Qurʼonga iymon keltiradilar. Barcha guruhlar orasidan kim u Qurʼonni inkor qilsa, uning vaʼda qilingan joyi doʻzaxdir. Bas, ey Muhammad, siz undan shak-shubhada boʻlmang. Albatta, u Robbingiz tomonidan kelgan haqiqatdir. Lekin odamlarning koʻplari iymon keltirmaydilar.

18.Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqigandan ham zolimroq kimsa bormi?! Ana undaylar qiyomat kunida Robbilariga yuzma-yuz qilinadilar va guvohlar: “Mana shular Robbilari shaʼniga yolg‘on gapirganlardir”, – deydilar. Ogoh boʻlinglar, Allohning laʼnati zolimlar ustiga boʻladi.

19.U zolim kimsalarki odamlarni Allohning yoʻlidan toʻsadilar va uning qing‘ir boʻlishini istaydilar. Ular esa oxirat kunini inkor qiluvchilardir.

20.Ana oʻshalar Yer yuzida hech kimni ojiz qoldira olmadilar va ular uchun Allohdan boshqa doʻstlar ham boʻlmadi. Ularga azob ziyoda qilib beriladi. Ular haqiqatni eshita olmadilar va haqni koʻruvchi ham boʻlmadilar.

21.Ana oʻshalar qiyomat kunida oʻzlariga ziyon qildilar va oʻzlari toʻqib olgan butlari esa foyda bermay ulardan g‘oyib boʻldi.

22.Shubhasiz, albatta, ular oxiratda yanada koʻproq ziyon koʻruvchilardir.

23.Albatta, iymon keltirgan, solih amallar qilgan va Robbilariga itoat qilib boʻysungan kimsalarana oʻshalar, jannat egalari boʻlib, ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

24.Bu ikki kofir va moʻmin guruhlarning misoli xuddi koʻr va kar hamda koʻruvchi va eshituvchilar kabidir. Axir bu ikki misolda ular teng boʻladimi?! Bas, hali ham ibrat olmaysizlarmi?!

25.Darhaqiqat, Nuhni oʻz qavmiga payg‘ambar qilib yubordik. U oʻz qavmiga: “Men chindan ham sizlarga oxirat haqida aniq ogohlantiruvchiman”, – dedi.

26.Hamda “Allohdan oʻzgaga ibodat qilmang! Aks holda, men ustingizga alamli azob kunining kelishidan qoʻrqaman”, – deb aytdi.

27.Shunda qavmi orasidagi kufr keltirgan zodagonlari: “Seni biz xuddi oʻzimizdek oddiy inson deb bilamiz va senga faqat quyi tabaqadagi odamlarimiz oʻylamay bir koʻrishda ergashganini ham koʻryapmiz. Sizlarni bizdan afzal joyingizni koʻrmayapmiz. Aksincha, sizlarni yolg‘onchi deb oʻylayapmiz”, – dedilar.

28.Nuh ularga: “Ey qavmim, qani, ayting-chi, agar Robbimdan berilgan aniq hujjatga ega boʻlsam va U menga Oʻz huzuridan rahmat va payg‘ambarlikni ato qilgan boʻlsa-yu, sizlarga bu maxfiy qolsa, sizlarni oʻzingiz istamagan holda unga iymon keltirishga majbur qilamizmi?!” – dedi.

29.Ey qavmim, sizlardan bu payg‘ambarlik daʼvati uchun mol-dunyo soʻramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Men sizning talabingiz bilan Allohga iymon keltirganlarni yonimdan quvib haydovchi emasman. Shubhasiz, ular Robbilari bilan yuzma-yuz boʻluvchilardir. Lekin sizlarni johillik qilayotgan qavm ekaningizni koʻrib turibman.

30.Ey qavmim, agar ularni yonimdan haydasam, Allohning azobidan menga kim yordam beradi? Axir oʻylab koʻrmaysizlarmi?!

31.Nuh ularga: “Men sizlarga yonimda Allohning xazinalari bor, demayman. Koʻzdan pinhon boʻlgan g‘ayb hodisalarini ham bilmayman. Men farishtaman, – deb ham aytmayman. Shuningdek, sizlar koʻzlaringiz mensimay, haqir koʻrayotgan kimsalar haqida Alloh ularga hech qanday yaxshilik bermaydi, – deb ham aytmayman. Ularning qalblaridagi ixlosni Alloh juda yaxshi biluvchidir. Agar unday desam, unda men, shubhasiz, zolimlardan boʻlaman”, – deb aytdi.

32.Kofirlar: “Ey Nuh, haqiqatan, biz bilan tortishding, keyin bahsni ham koʻpaytirib yubording. Bas, agar rostgoʻylardan boʻlsang, bizga oʻsha qoʻrqitayotganing azobni keltir”, – dedilar.

33.Nuh ularga: “Alloh xohlasa, albatta, uni keltiradi. Sizlar esa, oʻshanda hech qayoqqa qochib qutula olmaysiz va ojiz qoldiruvchi ham emassiz”, – dedi.

34.Agar Alloh sizlarni yoʻldan ozdirishni xohlasa, men nasihat qilishni istagan boʻlsam ham nasihatim sizlarga foyda bermaydi. U, albatta, sizning Robbingizdir va Uning huzuriga qaytarilasiz.

35.Yoki kofirlar: “Uni Nuh toʻqib oldimi?” – deydilar. Ularga: “Bordi-yu uni toʻqigan boʻlsam, bas, jinoyatim oʻzimga boʻladi. Men sizlarning qilayotgan jinoyatingizdan uzoqman”, – deb ayt.

36.Nuh payg‘ambarga: “Qavmingdan shu paytgacha iymon keltirganlaridan boshqa endi hech kim aslo iymon keltirmaydi. Shunday ekan, ularning qilayotgan ishlari tufayli tashvish chekma”, – deb vahiy qilindi.

37.Bizning nazoratimiz va vahiyimiz bilan kemani yasashni boshla va zulm qilgan kimsalarning najoti haqida Menga xitob qilma. Ular, albatta, g‘arq qilinuvchilardir.

38.Har gal Nuh payg‘ambar kemani yasayotganda, oldidan oʻz qavmidan boʻlgan kofir kimsalar oʻtsalar, uni masxara qilishardi. Nuh ularga: “Agar bugun sizlar bizning ustimizdan kulsangiz, bas, xuddi sizlar kulganingizdek yaqinda biz ham sizlarning ustingizdan kulamiz”, – dedi.

39.Bas, yaqinda kimga uni xor qiluvchi azob va ustiga doimiy azob tushishini bilib olasizlar.

40.Nihoyat, azob haqidagi amrimiz kelib, tandir favvora otib qizidi. Biz Nuhga: “Har bir jonivordan bir juftdan va g‘arq boʻlishi haqidagi amrimiz kechganlardan tashqari ahli oilang hamda iymon keltirganlarni kemaga yuklab chiqar”, – dedik. Vaholanki, u bilan birga iymon keltirganlar ozchilik edi.

41.Nuh ularga: “Uning yurishi ham, toʻxtab turishi ham Allohning ismi bilan deb, kemaga mininglar. Albatta, Robbim gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir”, – dedi.

42.U kema ularni tog‘lardek toʻlqinlar ichida olib borar ekan, Nuh bir chetda qolgan oʻg‘liga nido qilib: “Ey oʻg‘ilcham, biz bilan kemaga mingin. Kofirlar bilan birga boʻlmagin”, – dedi.

43.Oʻg‘li otasiga: “Meni suvdan saqlab qoladigan biror toqqa chiqib panoh topaman”, – dedi. Shunda Nuh: “Bugun Uning Oʻzi rahm qilganidan boshqa Allohning amridan saqlab qoluvchi hech qanday kuch yoʻqdir”, – dedi. Shu payt ikkisining oʻrtasiga toʻlqin kirib toʻsdi va oʻg‘li g‘arq qilinganlardan boʻldi.

44.Kofirlar g‘arq boʻlgandan keyin: “Ey yer, suvingni yut va ey osmon, yog‘ishni bas, qilib oʻzingni tutgin”, – deyildi. Suv orqaga tortildi, ilohiy farmon ado etildi va kema Judiy tog‘i ustiga joylashdi. Hamda: “Zolim qavmlarga halokat boʻlsin!” – deyildi.

45.Nuh Robbisiga nido qilib: “Ey Robbim, oʻg‘lim mening ahlimdan. Sening esa oilamga najot berish toʻg‘risidagi vaʼdang haqdir. Sen hukm qiluvchilarning eng adolatlisisan”, – dedi.

46.Alloh unga: “Ey Nuh, shubhasiz, u sening ahlingdan emas. Albatta, uning qilgan amali yaxshi ish emas. Bas, Mendan oʻzing yaxshi bilmagan narsalar haqida savol soʻrama. Men senga johillardan boʻlmasligingni buyurib nasihat qilaman.

47.Nuh Robbisiga: “Ey Robbim, men Sendan oʻzimda u haqda ilm boʻlmagan narsalarni soʻrashimdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon koʻruvchilardan boʻlib qolaman”, – dedi.

48.Keyin: “Ey Nuh, Bizning huzurimizdan senga va sen bilan birga boʻlgan ummatlarga berilgan salomatlik va barakatlar bilan kemadan Yerga tushgin. Lekin ummatingdan kelajakda shunday kofir ummatlar ham boʻladiki, ularni dunyo neʼmatlari bilan ozgina bahramand qilamiz, soʻngra ularni Biz tomondan boʻladigan alamli azob tutadi”, – deyildi.

49.Ey Muhammad, bular Biz sizga Qurʼonda vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Bularni oldin siz ham qavmingiz ham bilmas edingiz. Bas, kofirlarning sizga yetkazayotgan ozorlariga sabr qiling. Albatta, goʻzal oqibat Allohdan qoʻrquvchi kimsalar uchundir.

50.Keyin Od qabilasiga birodarlari Hudni payg‘ambar qilib yubordik. Hud payg‘ambar: “Ey qavmim, faqat Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan boshqa iloh yoʻq. Sizlar faqat turli ilohlarni oʻzingiz toʻqib oluvchilarsiz”, – dedi.

51.Ey qavmim, payg‘ambarlik vazifam uchun unga sizlardan biror-bir haq soʻramayman. Mening ajru mukofotim faqat meni yoʻqdan bor qilib yaratgan Zot zimmasidadir. Axir aql ishlatmaysizmi?!

52.Ey qavmim, Robbingizdan mag‘firat soʻrang keyin Unga tavba qiling. Shunda U osmondan yomg‘ir yog‘diradi va kuchingizga yanada quvvat qoʻshadi. Gunohkor boʻlgan holingizda yuz oʻgirib ketmanglar.

53.Shunda Hud payg‘ambarning qavmi: “Ey Hud, bizga hali biror dalilni keltirmading. Biz sening oddiy gaping bilan ilohlarimizni tark qiluvchi va senga ishonuvchilar ham emasmiz”, – dedi.

54.Biz seni, balki, baʼzi ilohlarimiz yomonlik bilan chalib ketgandir, – deb aytmoqchimiz. Shunda Hud ularga: “Albatta, men Allohni guvoh qilaman va siz ham guvoh boʻling, men sizlar shirk keltirayotgan narsalardan bezorman”, – dedi.

55.Undan oʻzga barcha ilohlar botildir. Bas, hammangiz menga istagan makringizni qilaveringlar, keyin menga shartingizni qoʻyib, muhlat berib oʻtirmanglar.

56.Shubhasiz, men Robbim va Robbingiz boʻlgan Allohga suyandim. Yer yuzida oʻrmalab yuruvchi har bir jonivor borki, Alloh uning peshonasidan tutib turib tasarruf qilmoqda. Albatta, Robbim toʻg‘ri yoʻldadir.

57.Agar sizlar iymondan yuz oʻgirsangiz, bas, men sizlarga u bilan yuborilgan haq dinni toʻla-toʻkis yetkazdim. Agar iymon keltirmasangiz, unda Robbim sizlarni halok qilib oʻrinlaringizga boshqa qavmni xalifa qilib keltiradi. Sizlar esa Unga hech qanday zarar yetkaza olmaysiz. Albatta, Robbim hamma narsani qoʻriqlovchi – Hafiz Zotdir.

58.Vaqtiki amrimiz boʻlgan kuchli shamol azobi kelgach, Hudni va u bilan birga iymon keltirganlarni Bizdan boʻlgan rahmat tufayli qutqardik va ularni qattiq azobdan xalos qildik.

59.Mana bular Od qabilasining oqibatidir. Chunki ular bila turib Robbilarining oyatlarini yolg‘onga chiqardilar va payg‘ambarlariga itoatsizlik qildilar hamda har qanday zolimu qaysarlarning asossiz buyruqlariga ergashdilar.

60.Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham laʼnat ergashtirib qoʻyildi. Ey odamlar, ogoh boʻling, albatta, Od qabilasi Robbilariga kufr keltirgan edi. Ha, ogoh boʻling, Hud qavmining Od qabilasiga halokat boʻldi.

61.Keyin Samud qabilasiga birodarlari Solihni payg‘ambar qilib yubordik. Solih payg‘ambar: “Ey qavmim, faqat Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan boshqa iloh yoʻq. U sizlarni Yerdan paydo qilib, unda sizlarni joylashtirdi va uni obod etuvchi qildi. Bas, Undan mag‘firat tilanglar keyin Unga tavba qilinglar. Albatta, Robbim sizga shoh tomiringizdan ham yaqin va duolarni ijobat qiluvchi Zotdir”, – dedi.

62.Qavm Solihga: “Ey Solih, bundan oldin oramizda qandaydir umid qilinadigan kishi eding. Endi bizni bobolarimiz sig‘inadigan narsalarga ibodat qilishimizdan qaytarasanmi? Albatta, biz sen daʼvat qilayotgan narsalardan shubhadamiz”, – dedilar.

63.Solih ularga: “Ey qavmim, oʻylab koʻrdingizmi, men Robbim tomonidan aniq hujjatga ega boʻlsam va menga Oʻzining rahmati boʻlgan payg‘ambarlikdan ato qilgan boʻlsa-yu, shundan keyin men U Zotga isyon qilsam, u holda Allohning azobidan meni kim qutqaradi. Bas, sizlar isyonga chorlashingiz bilan menga ziyondan boshqa hech narsani orttirmayapsiz”, – dedi.

64.Ey qavmim, mana bu sizlarga moʻʼjiza boʻlib yuborilgan Allohning tuyasi. Bas, uni Allohning yerida bemalol oʻtlab yeb yurishiga qoʻyib beringlar va unga biror-bir yomonlik yetkazmanglar. Aks holda, sizlarni yaqinda boʻladigan azob tutadi.

65.Lekin ular ogohlantirishga quloq tutmay uni soʻyib yubordilar. Solih ularga: “Uylaringizda uch kun hayotdan bahramand boʻlib foydalanib turinglar. Mana endi bu yolg‘on boʻlmagan chin vaʼdadir”, – dedi.

66.Buyrug‘imiz boʻlgan azob vaqti kelgach, Solihni va u bilan birga iymon keltirganlarni Bizdan boʻlgan rahmat bilan azobdan va oʻsha kunning sharmandaligidan xalos qildik. Albatta, U Robbingiz kuchli va qudratli Zotdir.

67.Zulm qilganlarni dahshatli qichqiriq tutdi. Keyin ular oʻz uylarida murdaga aylanib tiz choʻkib qoldilar.

68.Ular halokatdan oldin goʻyo u yerda oldin yashamagandek izlari oʻchib ketdi. Ogoh boʻling, Samud qabilasi Robbilariga kufr keltirgan edilar. Ha, ogoh boʻling, Samud qavmiga halokat yetgan edi.

69.Elchi farishtalarimiz Ibrohimga farzandli boʻlishi haqidagi xushxabarni keltirdilar va ungaSalom!” dedilar. U hamSalom!” dedi-da, hech qancha vaqt oʻtmay, bir pishirilgan buzoq goʻshtini keltirdi.

70.Farishtalar unga qoʻl uzatishmaganini koʻrgach, Ibrohim ulardan yotsiradi va ulardan qattiq qoʻrqib ketdi. Ular: “Qoʻrqma, ey Ibrohim, farishtalar taom yemaydi biz Lut qavmini halok qilishga yuborilganmiz”, – dedilar.

71.Tashqarida Ibrohim payg‘ambarning xotini Sora tik turgan edi, birdan kulib yubordi. Unga Ishoq nomli farzandni va Ishoqning ortidan Yaʼqub ismli nabirani ato etishimiz haqida bashorat berdik.

72.Bularni eshitgan Sora: “Voy, oʻlmasam! Men kampir va bu erim esa qari chol boʻlaturib, tug‘amanmi?! Axir, bu juda qiziq narsa-ku!” – deb yubordi.

73.Farishtalar unga: “Nima, Allohning ishidan ajablanasanmi?! Ey xonadon egalari, sizlarga Allohning rahmati va barakati boʻlsin! Albatta, U Zot oʻta maqtalgan va ulug‘langandir.

74.Keyin Ibrohimdan qoʻrquv ketib, unga xushxabar kelgach, Biz bilan Lut qavmining halokati haqida bahslasha boshladi.

75.Albatta, Ibrohim yumshoqkoʻngil, nola uruvchi va Robbisiga tavba qilib qaytuvchi inson edi.

76.Farishtalar: “Ey Ibrohim, bunday bahsdan qayt. Zero, Robbingning Lut qavmiga atalgan azob amri kelib boʻlgan. Ularga qaytarib boʻlmaydigan azob, albatta, keluvchidir”, – dedilar.

77.Vaqtiki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon ahvolga tushdi va ularning kelishidan qoʻl-oyog‘i boʻshashib, yuragi siqildi va: “Bu kun juda qiyin bir kundir”, – dedi.

78.Lut payg‘ambarning oldiga yigitlar kelganini eshitgan qavmi uning yoniga xalloslab yugurib kelishdi. Ular oldindan bachchabozlik kabi yomon ishlarni qilar edilar. Lut oʻz qavmiga: “Ey qavmim, uylanishingiz uchun ana u qizlarimiz bor-ku, axir ular siz uchun pokizaroqdir. Bas, bunday qilmanglar, Allohdan qoʻrqinglar va mehmonlarim oldida meni sharmanda qilmanglar. Nahotki orangizda birorta toʻg‘ri odam yoʻq?!” – dedi.

79.Qavm Lut payg‘ambarga: “Qizlaringga hojatimiz yoʻqligini aniq bilasan va biz nima xohlayotganimiz senga maʼlum”, – deyishdi.

80.Shunda Lut: “Koshki, sizlarga qarshi kuchim yetsa yoki bir mustahkam suyanchiqqa suyana olsam!” – dedi.

81.Shu payt farishtalar: “Ey Lut, biz Robbingning elchilarimiz. Senga qavming aslo tega olmaydi. Bas, tunning bir qismida oilang bilan chiqib ket. Xotiningdan boshqa sizlardan hech kim atrofga qayrilib boqmasin. Chunki ularga yetgan narsa ayolingga ham yetib keluvchidir. Ularga vaʼda qilingan falokat vaqti bomdod paytidir. Axir tong yaqin emasmi?!” – dedilar.

82.Farmonimiz boʻlgan halokat kelganida u yerni ostin-ustun qilib yubordik va ularning ustiga sopoldan iborat qizitilgan toshlarni ketma-ket yog‘dirdik.

83.U toshlar Robbingiz huzurida belgilab qoʻyilgan edi. Mana bu joy va hodisalar zolimlarga uzoq emasdir.

84.Madyan qavmiga birodarlari Shuʼaybni payg‘ambar qilib yubordik. Shuʼayb payg‘ambar: “Ey qavmim, faqat Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan boshqa iloh yoʻq. Hamda savdoda oʻlchov va tarozudan urib qolmang. Shubhasiz, men sizlarni bu hayotda yaxshi farovonliklar ichida koʻryapman. Agarda daʼvatimga ijobat qilmasangiz, sizlarga hammani oʻrab oluvchi kun boʻlgan qiyomatning azobi kelishidan xavotir olyapman”, – dedi.

85.Ey qavmim, oʻlchov va tarozini adolat bilan toʻliq qilib bering. Odamlarning narsalarini kamaytirib urib qolmang va Yer yuzida fasod qiluvchilardan boʻlib buzg‘unchilik qilmang.

86.Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiruvchilar boʻlsangiz, halol savdo natijasida Allohning sizga qoldirgan nasibalari yaxshiroqdir. Agar nasihatlarimga amal qilmasangiz, men sizning ustingizda qoʻriqchi emasman.

87.Shuʼaybning qavmi istehzo qilib: “Ey Shuʼayb, ota-bobolarimiz oldindan sig‘inib kelayotgan narsalarni tark etishimizga yoki mol-davlatlarimizni qanday xohlasak, shunday ishlatishimiz mumkin emasligi haqida senga oʻqiyotgan namozing buyruq beradimi? Darvoqe, sen yumshoqkoʻngil va toʻg‘ri inson eding-ku?!” – dedilar.

88.Shunda Shuʼayb: “Ey qavmim, qani, aytinglar-chi, agar men Robbim tomonidan hujjatga ega boʻlsam va U meni yaxshi rizq bilan rizqlantirgan boʻlsa, nega sizlarni gunoh ishlardan qaytarmas ekanman. Men sizlarga qarshi chiqib, undan sizlarni qaytarayotgan narsani oʻzim qilishni xohlamayman. Kuchim yetganicha isloh qilishdan boshqa hech narsani istamayman. Muvaffaqiyatim faqat yolg‘iz Allohning yordami bilandir. Allohga suyandim va Oʻziga iltijo qilaman”, – dedi.

89.Ey qavmim, menga qarshi chiqishingiz tag‘in sizlarga Nuh qavmiga yo Hud qavmiga yoki boʻlmasa, Solih qavmiga yetgandek halokatlar yetib kelishiga olib kelmasin. Darvoqe, Lut qavmi ham sizlardan uncha uzoq emas.

90.Robbingizdan mag‘firat tilang, keyin Unga tavba qiling. Albatta, Robbim rahmli va moʻmin qullarini doʻst tutuvchi Zotdir.

91.Qavmi unga: “Ey Shuʼayb, sening aytayotganlaringdan koʻpini tushunmayapmiz va biz seni oramizdagi bir ojiz inson ekaningni koʻrib turibmiz. Agar yoningda qarindoshlaring boʻlmaganida, seni toshboʻron qilgan boʻlar edik. Sen biz uchun hurmatli odam emassan”, – dedilar.

92.Shunda Shuʼayb: “Ey qavmim, sizlar uchun qarindoshlarim Allohdan ham azizroq edimiki, Uning ogohlantirishlarini orqaga tashlab qoʻydingiz. Albatta, Robbim qilayotgan barcha ishlaringizni qamrab oluvchidir”, – dedi.

93.Ey qavmim, qoʻlingizdan kelgan ishingizni qilavering, men ham oʻz ishimni qiluvchiman. Yaqinda kimga xor qiladigan azob kelishini va kim yolg‘onchi ekanini bilib olasiz. Boshingizga keladigan kunni kuzatib turaveringlar, men ham sizlar bilan birga kuzatib turuvchiman.

94.Vaqtiki, amrimiz boʻlgan azob vaqti kelganda, Shuʼaybga va u bilan birga iymon keltirgan kimsalarga huzurimizdan boʻlgan rahmat tufayli najot berdik. Zulm qilganlarni esa, shiddatli qichqiriq tutdi. Bas, ular uylarida murdaga aylanib, tiz choʻkib qoldilar.

95.Ular xuddi u yerda oldin hech qachon yashamagandek yoʻq boʻlib ketdilar. Ogoh boʻlinglar, avval Samud oʻz qavmiga halokat yetgani kabi Madyan qavmiga ham halokat yetdi.

96.Darhaqiqat, Musoni oyatlarimiz va aniq dalil bilan elchi qilib yubordik.

97.Biz uni firʼavn va uning zodagonlari oldiga yubordik. Nodonlar esa, firʼavnning buyrug‘iga tobe boʻldilar. Vaholanki, firʼavnning buyrug‘i toʻg‘ri emas edi.

98.Firʼavn oʻz qavmini qiyomat kunida yetaklab, ularni doʻzaxga tushiradi. Ular tushadigan joy qanday ham yomon joy!

99.Ular bunda ham, qiyomat kunida ham laʼnatga duchor qilindilar. Berilgan yordam qanday ham yomon yordam boʻldi!

100.Ey Rasulim, bular Biz sizga aytib berayotgan shaharlarning baʼzi xabarlaridandir. Ulardan baʼzilarining izlari haligacha qoim turibdi va baʼzilari esa sidirilib yoʻq boʻlib ketgan.

101.Ularga Biz zulm qilmadik, aksincha, ular oʻzlariga oʻzlari zulm qildilar. Robbingizning azob farmoni kelganda esa, Allohni qoʻyib sig‘ingan soxta ilohlari hech qanday foyda bermadi va ularga zarardan boshqa narsani orttirmadi.

102.Robbingizning aholisi zolim boʻlgan yurtlarni azob bilan ushlaganda Uning tutishi ana shunday yomon boʻladi. Albatta, Uning tutishi alamli va shiddatlidir.

103.Albatta, bu hodisalarda oxirat azobidan qoʻrqqan kimsalar uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar hisob uchun toʻplanadigan kundir. Hamda qilingan ishlar haqida adolatli guvohlik beriladigan kundir.

104.Biz uni faqat qiyomat deb ataluvchi sanoqli muddatgacha kechiktirib turamiz.

105.Qiyomat kelgan kunda Uning ruxsatisiz hech bir jon egasi gapirmaydi. U kunda ularning orasida baxtsiz ham, baxtli insonlar ham bordir.

106.Bas, biroq oʻshanda baxtsiz boʻlganlar doʻzaxda boʻladilar va ular u yerda dod-faryod qiladilar.

107.Ular u yerda osmonlar va Yer turguncha doimiy qoladilar. Faqat Robbingiz xohlasa yana Oʻzi istagan hukmini qiladi. Chunki, shubhasiz, Robbingiz xohlagan narsani qiluvchi Zotdir.

108.Lekin baxtli qilinganlar esa, jannatda, to osmonlar va Yer turguncha u yerda mangu qoladilar. Faqat Robbingiz xohlasa yana Oʻzi istagan hukmini qiladi va Alloh tomonidan berilgan bitmas-tuganmas atodir.

109.Ey Rasulim, ana oʻsha mushriklar sig‘inayotgan narsa tufayli gumonda qolmang ular aniq adashgandirlar. Ular oldin ota-bobolari sig‘ingandek sig‘inaveradilar. Biz ularning jazodan ulushlarini kamaytirmasdan toʻliq qilib beruvchimiz.

110.Darhaqiqat, Biz Musoga ham kitob bergan edik. Bas, u haqda ixtilof qilindi. Agar Robbingizdan qiyomatgacha muhlat haqidagi soʻz oʻtmaganda edi, ularning oralarida shu dunyoning oʻzida hukm qilinar edi. Albatta, u mushriklar u haqda shubha beruvchi gumondalar.

111.Albatta, Robbingiz, hammaga qilgan amallarining mukofoti va jazosini toʻliq qilib beradi. Shubhasiz, U barcha qilayotgan ishlaringizdan xabardor Zotdir.

112.Ey Muhammad, bas, siz va siz bilan birga tavba qilgan kimsalar oʻzingizga buyurilganidek toʻg‘ri yoʻlda boʻling va haddan oshmanglar. Shubhasiz, U qilayotgan hamma ishlaringizni koʻrib turuvchi Zotdir.

113.Zulm yoʻlini tutgan kimsalarga berilib ergashib ketmanglar, aks holda, sizlarga doʻzax oʻti yetadi. Sizlar uchun Allohdan oʻzga biron doʻst yoʻqdir. Keyin agar zolimlarga ergashsangiz, sizlarga yordam berilmaydi.

114.Kunduzning har ikki tarafida peshin va asr namozini va tunning bir boʻlagida bomdod, shom va xufton namozini oʻqing. Albatta, yaxshi ishlar gunohlarni ketkazadi. Mana bular yod etuvchilar uchun eslatmadir.

115.Sabr qiling, bas, albatta, Alloh goʻzal ish qiluvchilarning mukofotini zoe qilmaydi.

116.Koshki, sizlardan oldingi asrlarda yashab oʻtgan fazilat egalari Yer yuzidagi buzg‘unchi ishlardan qaytarganlarida edi! Lekin ular ichidan Biz najot berganlardan ozchiligi bu ishni qildilar. Zulm qilganlar esa oʻz maishatlariga berilib ketdilar va gunohkorlardan boʻlib qoldilar.

117.Shuningdek, Robbingiz aholisi solih ishlarni qiluvchi boʻlgan shaharlarni zulm bilan halok qiluvchi boʻlmadi.

118.Agar Robbingiz xohlaganida edi, barcha odamlarni bir ummat qilib qoʻygan boʻlar edi. Ular hamon Islomdan yuz oʻgirib, turli qarashlarga boʻlinishda davom etmoqdalar.

119.Lekin Robbingiz marhamat qilgan kimsalar esa bundan mustasnodir. Alloh ularni shuning uchun yaratgandir. RobbingizningAlbatta, jahannamni kofir boʻlgan jin va odamlarning barchasi bilan toʻldiraman”, – degan soʻzi tamoman haqdir.

120.Ey Rasulim, sizga payg‘ambarlarning xabarlaridan qalbingizni mustahkam qiladigan qissalarni aytib beryapmiz. Bu qissalarda sizga haqiqat, nasihat hamda barcha moʻminlar uchun eslatmalar keldi.

121.Ey Muhammad, iymon keltirmaydigan kimsalarga: “Qoʻlingizdan kelgan ishingizni qilavering, albatta, biz ham eʼtiqodimizga koʻra oʻz ishimizni qiluvchilarmiz”, – deb ayting.

122.Hamda qilayotgan ishlaringizning oqibatini kutib turaveringlar, biz ham kutib turuvchilarmiz.

123.Osmonlar va Yerning maxfiy g‘ayblari, faqat Allohga xosdir. Barcha ishlar Unga qaytariladi. Shunday ekan, Unga ibodat qiling va Unga suyaning. Hamda Robbing qilayotgan ishlaringizdan bexabar emasdir.