1.Botayotgan yulduzga qasam boʻlsin.
Сура Najm
Ниспослана в Makka.
27-й джуз,53-я сура,62 аятов2.Sizlarning sohibingiz Muhammad adashgani ham yoʻq, yoʻldan ozgani ham yoʻq.
3.Qurʼonni u oʻz xohishi bilan soʻzlamaydi.
4.U Qurʼon faqat Alloh tomonidan vahiy qilinayotgan bir vahiydir.
5.Unga tilovatni shiddatli quvvatga ega boʻlgan Jabroil taʼlim bergan.
6.U iqtidorli farishtadir. Bas, u koʻtarildi.
7.U avval oliy ufqda edi.
8.Soʻngra yaqinlashdi va pastladi.
9.Bas, Muhammadga ikki kamon oralig‘idek yoki undan ham yaqinroq boʻldi.
10.Bandasi Muhammadga Alloh tushirgan vahiyni keltirdi.
11.Payg‘ambar koʻngli koʻrgan narsasini yolg‘onga chiqarmadi.
12.Ey mushriklar, Payg‘ambar koʻrib turgan narsasi ustida u bilan tortishasizlarmi?!
13.Qasam boʻlsinki, Muhammad Jabroilni ikkinchi bor koʻrdi.
14.Jannat chekkasidagi tugash daraxti oldida.
15.Uning yonida Maʼvo jannati bor.
16.Oʻshanda tugash daraxtini oʻragan Allohning fayzi oʻrab olgan edi.
17.Payg‘ambarning nigohi chetga og‘gani ham yoʻq, haddidan oshgani ham yoʻq.
18.Darhaqiqat, u oʻsha payt Robbisining qudratiga dalolat qiluvchi buyuk alomatlarni koʻrdi.
19.Ey mushriklar, “Lot va Uzzo”, – deb nomlagan butlaringizni koʻrdingizmi?
20.Yana uchinchilari boʻlgan Manot nomli butni ham oʻylab koʻrdingizmi?
21.Erkak jinsi sizlarniki-yu, ayol jinsi U Zotnikimi?!
22.Unday boʻlsa bu adolatsiz taqsim-ku?!
23.U nomlar faqat sizlar oʻzingiz va ota-bobolaringiz qoʻyib olgan nomlardir. Alloh ularning maʼbudaligi haqida biror hujjat tushirmagan. U mushriklarga Robbilari tomonidan hidoyat boʻlgan Qurʼon kelib turgan holda ular faqat gumonga va havoyi nafslarigagina ergashmoqdalar.
24.Yoki insonga orzu qilgan hamma narsasi boʻlaveradimi?!
25.Bas, oxirat ham, dunyo ham faqat Allohnikidir.
26.Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar boʻlib, ularning shafoatlari ham Alloh Oʻzi xohlagan va rozi boʻlgan kishilarga shafoat uchun izn bermaguncha foyda bermaydi.
27.Shubhasiz, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar farishtalarni ayol nomi bilan ataydilar.
28.Holbuki, ular uchun bu haqda biror maʼlumot yoʻqdir. Ular faqat gumonga ergashadilar, xolos. Gumon esa, aslo haqiqat oʻrniga oʻtmaydi.
29.Bas, ey Muhammad, Bizning eslatmamizdan yuz oʻgirib ketgan va faqatgina oʻtkinchi dunyo hayotini istagan kimsalardan voz keching.
30.Ularning ilmdan yetgan joylari mana shu dunyo manfaatini istashdir. Albatta, Robbingizning Oʻzi yoʻlidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topganni ham yaxshi biluvchidir.
31.Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar yolg‘iz Allohnikidir! U yomonlik qilib oʻtgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolaydi va chiroyli amal qilgan zotlarni goʻzal jannat bilan mukofotlaydi.
32.Jannat ahli kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan ham yiroq yuradigan kimsalardir. Albatta, Robbingiz mag‘firati keng boʻlgan Zotdir. U Odamni yer tuprog‘idan paydo qilgan paytidanoq va sizlar onalaringiz qornida homila boʻlgan vaqtdayoq sizlarni yaxshi biluvchidir. Bas, sizlar oʻzlaringizni oqlamay qoʻyaqolinglar! U taqvodor kishilarni yaxshi biluvchidir.
33.Ey Muhammad, yuz oʻgirib ketgan kimsani koʻrdingizmi?!
34.Ozgina mol berib, keyin shart qilingan molni berishni toʻxtatdi?!
35.Uning huzurida g‘ayb ilmi bormidiki, u kelajakni koʻra olsa?!
36.Yoki unga Muso sahifalaridagi narsalardan xabar berilmadimi?!
37.Yoki vafodor zot boʻlgan Ibrohimning sahifalaridan ham bexabarmi?!
38.Ularda: “hech bir gunoh yukini koʻtaruvchi oʻzga jonning yukini koʻtarmaydi”, – deb yozilgan.
39.Insonga faqat oʻzi qilgan harakatiga koʻra natija boʻladi.
40.Uning qilgan saʼy-harakati yaqinda koʻrinadi.
41.Soʻngra u amali uchun toʻla jazo yoki mukofot oladi.
42.Albatta, oxirgi manzil yolg‘iz Robbingiz oldiga bormoqlikdir.
43.Albatta, kuldirgan ham, yig‘latgan ham Uning Oʻzidir.
44.Albatta, oʻldirgan ham, tiriltirgan ham Uning Oʻzidir.
45.Shubhasiz, erkak va ayol juftlarni ham yaratgan Uning Oʻzidir.
46.Shitob bilan otilib chiqadigan nutfadan.
47.Albatta, barchani oʻlganidan keyin ikkinchi bor paydo qilish ham faqat Uning zimmasidadir.
48.Albatta, bandalarini behojat qilgan ham, badavlat qilgan ham Uning Oʻzidir.
49.Albatta, Sheʼro yulduzining Robbisi ham Uning Oʻzidir.
50.Haqiqatan, U avvalgi Od qabilasini halok qildi.
51.Yana Samud qabilasini ham halok qildi. Bas, ulardan birortasini tirik qoldirmadi.
52.Yana U ilgari Nuh qavmini ham halok qilgan edi. Chunki ularning oʻzlari oʻta zolim va juda tug‘yonga ketgan kimsalar edilar.
53.Yana U ostin-ustin boʻlgan Lut qavmining qishlog‘ini ham halok qilgandir.
54.Uni osmondan yog‘ilgan toshlar bilan oʻrab tashladi.
55.Bas, ey inson, Robbingning qaysi neʼmatlari haqida shubha qilasan?!
56.Bu Muhammad ham avvalgi ogohlantiruvchilardan bir ogohlantiruvchidir.
57.Yaqin boʻluvchi qiyomat yaqin qoldi.
58.Uning uchun Allohdan oʻzga sirlarini ochuvchi yoʻqdir.
59.Ey mushriklar, hali sizlar mana shu soʻzdan ajablanyapsizlarmi?!
60.Yana oyatlarni masxara qilib kulasizlar-u, Allohdan qoʻrqib yig‘lamaysizlar?!
61.Holbuki, sizlar bu ibratlardan beparvosizlar!
62.Bas, yagona Allohga sajda qilinglar va ibodat qilinglar!

