1.Alif, Lom, Ro. Ushbu oyatlar ochiq-oydin Kitob oyatlaridir.
Сура Yusuf
Ниспослана в Makka.
12-й джуз,12-я сура,111 аятов2.Albatta, Biz u kitobni aqllaringizni yurgizishingiz uchun arabiy tildagi Qurʼon tarzida nozil qildik.
3.Ey Muhammad, Biz sizga ushbu Qurʼon surasini vahiy qilishimiz bilan birga eng chiroyli qissani aytib beramiz. Holbuki, siz uning vahiy boʻlishidan oldin bexabar kishilardan biri edingiz.
4.Ey Rasulim, “Yusuf oʻz otasi Yaʼqub payg‘ambarga: “Ey otajon, men tushimda oʻn bitta yulduz, quyosh va oyning menga sajda qilayotgan hollarida koʻrdim”, – deb aytganini eslang.
5.Oʻshanda Yaʼqub payg‘ambar oʻg‘liga: “Ey oʻg‘ilcham, tushingni akalaringga aytib berma. Aks holda, senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir”, – dedi.
6.Shunday ulug‘ tush koʻrishni nasib etgani kabi Robbing seni payg‘ambarlik uchun tanlab oladi va senga barcha tushlarning taʼbirini oʻrgatadi. Hamda xuddi ilgari ikki ajdodlaring Ibrohim va Ishoqqa komil qilib berganidek, senga va Yaʼqubning boshqa nasllariga ham, Oʻzining payg‘ambarlik neʼmatini toʻliq qilib beradi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
7.Haqiqatan, Yusuf va uning akalari qissasida ibrat olib soʻrovchilar uchun alomatlar bor edi.
8.Oʻshanda akalar Yusuf uchun: “Yusuf va uning ukasi Binyamin otamizga bizdan koʻra sevimliroqdir. Vaholanki, biz bir toʻp koʻpchilikmiz. Haqiqatan, otamiz aniq adashishda”, – dedilar.
9.Keyin ular bir-birlariga: “Yusufni oʻldiringlar yoki uni biron yerga olib borib tashlanglar, shundagina otangizning yuzi sizga boqib balki mehr qoʻyar. Undan keyin esa tavba qilib solih kishilar qavmidan boʻlib olasizlar”, – dedilar.
10.Oralaridan ozgina insofli boʻlgan bir soʻzlovchi: “Yoʻq, Yusufni oʻldirmanglar, agar shu ishni qilmoqchi boʻlsangiz, uni quduq qaʼriga tashlanglar, shunda uni baʼzi yoʻlovchilar olib ketadi”, – dedi.
11.Ular shunday qarorga kelganlaridan soʻng otalariga: “Ey otamiz, nima uchun sen Yusufni bizga ishonmaysan? Axir, albatta, biz uni xolis yaxshi koʻruvchilarmiz-ku!” – dedilar.
12.Ertaga uni biz bilan birga yaylovga aylanishga joʻnat, yayrasin va oʻynasin. Xavotir olma, albatta, biz uni turli falokatlardan muhofaza qiluvchilarmiz.
13.Shunda otalari Yaʼqub: “Uni oʻzingiz bilan olib ketishingiz meni juda tashvishlantiradi, sizlar undan bexabar qolgan paytingizda uni boʻri yeb ketishidan qoʻrqaman”, – dedi.
14.Bu gapdan keyin oʻg‘illari: “Biz bir toʻda jamoa boʻla turib agar uni boʻri yeb ketsa, unda biz rosa ziyon koʻruvchilar boʻlib qolamiz-ku”, – dedilar.
15.Bas, otalarini ishontirib uni olib ketishgach, uni quduqning qaʼriga tashlashga kelishib olishdi hamda Yusufni quduqqa tashlab yubordilar. Shu payt Biz unga: “Vaqti kelganda u akalaringga bu qilgan ishlari toʻg‘risida, albatta, xabar berasan. Lekin ular asl haqiqatni sezmaydilar”, – deb vahiy qildik.
16.Ular kechki payt otalari huzuriga yig‘lab kelishdi.
17.Otalariga yolg‘ondan: “Ey otamiz, biz Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib quvalashib ketgan edik, keyin uni boʻri yeb ketibdi. Agar rost gapirsak ham, baribir sen bizga ishonuvchi emassan”, – dedilar.
18.Uning koʻylagi ustiga bir chorva hayvonining qonini surib soxta qon bilan keltirdilar. Yaʼqub oʻg‘illariga qarab: “Yoʻq, sizlarga nafsingiz bu yomon ishni qilishga undagan. Bas, mening vazifam chiroyli sabr qilishdir. Nima ham deyman, siz taʼriflayotgan voqealarga chidash uchun Alloh menga madadkordir.
19.Yusuf quduqda qiynalib uch kun yotgach bir karvon keldi. Keyin quduqdan suv tortib keltiruvchini yubordilar va u chelagini quduqqa tashladi shunda: “Xushxabar! Axir bu bola-ku!” – dedi. Darhol uni sotiladigan narsalari qatori berkitib qoʻydilar. Alloh esa ularning qilayotgan ishlarini biluvchi Zotdir.
20.Karvon Misrga yetib kelgach, uni bir necha tanga evaziga, arzimas bahoga sotib yubordilar. Chunki ularning orasida Yusuf haqida qiziqmaydiganlar bor edi.
21.Misrda uni sotib olgan shahar hokimi Qitfir nomli kishi xotini Zulayhoga: “Unga yaxshilab joy ber, zora bizga foydasi tegsa yoki uni oʻg‘il qilib boqib olsak”, – dedi. Ana shunday qilib, Yusufni tushlarning taʼbirini qilishi uchun Misr yeriga joylashtirdik. Alloh Oʻz ishida g‘olibdir, lekin odamlarning koʻpchiligi buni bilmaydilar.
22.Yusuf voyaga yetgach, unga hikmat va ilm berdik. Biz yaxshi ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz.
23.Yusuf yashaydigan uyida boʻlgan ayol undan jinsiy yaqinlik qilishni nafsi xohlab qoldi va eshiklarni berkitib: “Qani, kelaqol”, – dedi. Yusuf Zulayhoga: “Alloh saqlasin, axir, u ering menga turar joyimni yaxshilab bergan xojam-ku?! Zinokor boʻlgan zolimlar, hech qachon najot topmaydilar”, – dedi.
24.Haqiqatan, Zulayho unga moyil boʻldi, Agar Robbisining ogohlantirishi va xiyonatning gunohligi toʻg‘risidagi alomatini eʼtiborsiz qoldirib, koʻrmaganida, Yusufning koʻngli ham bunga moyil boʻlar edi. Shunday qilib, undan yomonlik va fahshni burib yubordik va bundan saqladik. Albatta, u xolis bandalarimizdandir.
25.Yusuf qochdi, Zulayho esa quvdi va ikkisi eshikka qarab chopishdi. Soʻngra Zulayho uning koʻylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Shu payt eshik oldida xojasi Qitfirga yoʻliqdilar. Zulayho unga: “Oilangga yomonlikni istagan kishining jazosi faqat zindonga solinishi yoki alamli azob berishdir”, – dedi.
26.Yusuf Qitfirga: “Yoʻq, U mening nafsimdan jinsiy yaqinlik qilishimni talab qildi”, – dedi. U Zulayhoning qarindoshlaridan biri guvohlik berib: “Agar uning koʻylagi old tomonidan yirtilgan boʻlsa, Zulayho rost aytgan boʻladi, u Yusuf esa yolg‘onchilardan boʻladi”, – dedi.
27.“Agarda uning koʻylagi orqa tomondan yirtilgan boʻlsa, Zulayho yolg‘on aytgan boʻladi, u esa rostgoʻylardan boʻladi”, – dedi.
28.Zulayhoning eri uning koʻylagi orqa tomonidan yirtilganini koʻrgach: “Shubhasiz, bu siz ayollarning makrlaringizdir. Haqiqatan, sizlarning makringiz juda katta”, – dedi.
29.Zulayhoning eri: “Ey Yusuf, bu ishni qoʻygin va hech kimga aytma, sen esa ey Zulayho gunohing uchun istig‘for ayt. Chunki albatta, sen xato qilganlardan boʻlding”, – dedi.
30.Bu voqeadan xabar topgan shahardagi baʼzi ayollar: “Hokimning xotini oʻz xizmatkori bilan oʻynashmoqchi boʻlibdi. Unga qattiq oshiq boʻlib qolgan ekan-da! Albatta, biz u ayolni aniq adashishda deb bilamiz”, – dedilar.
31.Vaqtiki, Zulayho ayollarning ig‘volarini eshitgach, ularning huzuriga odam yubordi va ularga turli mevalarni archish uchun suyanib oʻtiradigan joy tayyorladi hamda ularning har biriga bittadan pichoq berib Yusufga: “Qani, ularning oldiga chiqqin”, – dedi. Ayollar uni koʻrishgach husnining goʻzalligidan beixtiyor Yusufni olqishlab oʻzlari sezmagan hollarida qoʻllarini kesib oldilar. Hamda: “Yo muqaddas Alloh, bu bashar farzandi emas, axir u azizu mukarram farishta-ku!” – deb yubordilar.
32.Shunda Zulayho: “Mana shu yigit haqida sizlar meni malomat qilgan edingiz. Haqiqatan, undan jinsiy yaqinlik uchun nafsini talab qilganimda, u nomusini saqladi. Qasam boʻlsinki, agar u men unga buyurayotgan ishni qilmasa, albatta, u zindonga tashlanadi va xoru zor kimsalardan boʻladi”, – dedi.
33.Buni eshitgan Yusuf: “Ey Robbim, ular taklif qilishayotgan narsadan koʻra menga zindon yaxshiroqdir. Agar ularning makrlarini mendan daf qilmasang, ularga moyil boʻlib, johillardan boʻlib qolaman”, – dedi.
34.Bas, Robbisi Yusufning duosini ijobat qildi va ularning makrlarini undan bartaraf qildi. Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.
35.Keyinroq vazir va uning yonidagilarda Yusufning pokiza va begunoh ekanligini tasdiqlovchi aniq dalillarni koʻrganlaridan keyin ham xalqning g‘iybatini toʻxtatish uchun uni maʼlum bir vaqtgacha zindonga tashlash fikri paydo boʻldi.
36.Zindonga u bilan birga yana ikki yigit ham tushgan edi. Ulardan bungacha podshohga soqiy boʻlgani: “Men tushimda sharob siqib tayyorlayotganimni koʻrdim”, – dedi. Oldin podshohga novvoylik qilgan boshqa biri esa: “Men boshimda non koʻtarib turganimni, qushlar esa undan yeyayotganini koʻrdim”, – dedi. Keyin ikkovlari Yusufga yalinib: “Sen bizga bu tushlarning taʼbirini aytib bersang. Chindan ham biz seni yaxshilik qiluvchilardan ekaningni koʻrib turibmiz”, – dedilar.
37.Yusuf ularga: “Men sizlarga rizq boʻladigan taom oldingizga kelishidan avval uning qandayligi haqida taʼvilini aytib beraman. Bular Robbimning menga bildirgan narsalaridandir. Chindan ham men Allohga iymon keltirmaydigan va oxiratni inkor qiluvchi qavmning dinini tark qilganman”, – dedi.
38.Shuningdek, ota-bobolarim Ibrohim, Ishoq va Yaʼqub payg‘ambarlarning diniga ergashganman. Biz payg‘ambarlar uchun Allohga biror narsani sherik qilish aslo mumkin emasdir. Bu Allohning bizlarga va barcha odamlarga bergan fazlidir, lekin odamlarning koʻpchiligi shukr qilmaydilar.
39.Ey zindondagi ikki doʻstim, turli-tuman “ilohlar” yaxshimi yoki yagona va har narsadan ustun boʻlgan g‘olib Allohmi?
40.Sizlar Undan boshqa, oʻzingiz va ota-bobolaringiz uni nomlab olgan, Alloh ular haqida hech qanday dalil tushirmagan but ismlariga ibodat qilyapsizlar. Hukm faqat Allohning Oʻziga xosdir, U faqat Oʻzigagina ibodat qilishingizni buyurgan. Eng toʻg‘ri din mana shudir. Lekin odamlarning koʻplari buni bilmaydilar.
41.Ey zindondagi ikki doʻstim, endi sizlardan birinchingizning koʻrgan tushiga kelsak, u zindondan ozod qilinib yana xoʻjayiniga soqiylik qiladi. Lekin boshqa ikkinchingiz esa dorga osiladi va uning boshidan qushlar choʻqib yeydi. Sizlar u haqida javobini soʻragan ish bitib boʻldi, endi bu taʼbirim oʻzgarmaydi.
42.Yusuf ulardan birining qamoqdan qutulib ketuvchi deb hisoblagan kishiga: “Xojang huzurida meni eslagin”, – dedi. Lekin shayton xojasiga Yusufni eslatishni yodidan chiqartirdi. Natijada, Yusuf yana bir necha yil zindonda qolib ketdi.
43.Oradan yillar oʻtib kunlarning birida Misr mamlakatining podshohi: “Men tushimda yettita ozg‘in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga yana boshqa yettita qurigan boshoqlarni koʻrdim. Qani, ey aʼyonlar, agar tush taʼbirini qiladigan boʻlsangiz, koʻrgan tushim toʻg‘risida fatvo beringlar-chi!” – dedi.
44.Aʼyonlar podshohga: “Bular aralash-quralash tushlardir. Biz bunday tushlarning taʼbirini biluvchilar emasmiz”, – dedilar.
45.U ikki mahbuslardan ozod boʻlgani ancha muddat oʻtgandan keyin Yusuf yodiga tushdi va: “U tushning taʼbirini men aytib beraman. Bas, meni darhol Yusufning yoniga yuboringlar”, – dedi.
46.U Yusufning oldiga borib: “Yusuf, ey rostgoʻy odam! Bizga yettita ozg‘in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga yana boshqa yettita qurigan boshoqlar toʻg‘risida koʻrilgan tush taʼbirini aytib fatvo bergin. Shoyad, men odamlar oldiga qaytib borgach buni ularga aytib bersam, ular ham seni rostgoʻy va dono ekanligingni hamda tush taʼbirini bilib olishsa”, – dedi.
47.Yusuf unga: “Odatdagidek ketma-ket yetti yil ekin ekasizlar. Keyin oʻrib olgan hosilingizni buzilmasligi uchun oʻz boshog‘ida qoldiringlar, faqat undan yeydiganingizni ozginasini yanchib olinglar”, – dedi.
48.Undan keyin yetti yil davom etadigan qattiq qahatchilik davri keladi va moʻl-koʻlchilikdan soʻng bu ocharchilik siz toʻplagan barcha hosilingizni yutib yuboradi. Faqat ozgina urug‘lik uchun asrab qoʻygan donlaringizgina qoladi.
49.Ana undan keyin shunday bir yil keladiki, unda odamlar yomg‘irga serob boʻladilar va turli mevalardan unda sharbat siqib oladilar.
50.Soqiy podshohning yoniga qaytib, Yusuf tushni qanday taʼbir qilganini aytgach podshoh: “Uni darhol mening huzurimga olib keling”, – dedi. Qachonki unga podshohning elchisi kelgach Yusuf: “Xojangning yoniga qaytib borib, oldin undan qoʻllarini kesib olgan ayolarning holi nima boʻlganini soʻra. Albatta, Robbim ularning makrlarini biluvchidir”, – dedi.
51.Shunda podshoh u ayollarni toʻplab: “Yusufning nafsidan shahvoniy istak talab qilganingizda nima boʻlgan, u ham sizlarga mayl koʻrsatganmidi”, – dedi. Ayollar: “Alloh saqlasin! Bizlar undan biron yomonlikni sezmadik”, – dedilar. Hokimning xotini Zulayho: “Mana endi haqiqat roʻyobga chiqdi. Men uning nafsidan jinsiy mayllik talab qilgan edim. U chindan ham rostgoʻylardan edi”, – dedi.
52.Elchi qaytib kelib, boʻlib oʻtgan gaplarni aytib bergach, Yusuf: “Bu begunohligimni isbotlash talabini hokim yoʻqligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh hech qachon xoinlarning hiylasini oʻnglamasligini podshoh ham bilishi uchun qildim”, – dedi.
53.Nafsimni oqlamayapman, chunki ,albatta, nafs agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka buyuruvchidir. Shubhasiz, Robbim gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
54.Bularni eshitgan podshoh: “Uni darhol yonimga olib keling, men uni oʻzimga xos kishilardan qilib olaman”, – dedi. Yusuf keltirilib podshoh u bilan gaplashgach: “Sen, albatta, bugundan boshlab bizning huzurimizda martabali va ishonchli kishilardansan”, – dedi.
55.Yusuf podshohga: “Meni shu yerning xazinaboni qilib tayinla. Chunki albatta, men ularni yaxshi saqlaydigan va toʻg‘ri ishlatishni biladigan odamman”, – dedi.
56.Shunday qilib, Yusufni Misr yerida oʻzi xohlagan joyida yashaydigan imkonni berdik. Biz rahmatimizni xohlagan kishilarga yetkazamiz va yaxshi ish qiluvchilarning mukofotini yoʻqqa chiqarmaymiz.
57.Shubhasiz, oxirat mukofoti, iymon keltirgan va Allohdan qoʻrqadigan kimsalar uchun yaxshiroqdir.
58.Moʻl-koʻlchilikdan keyin qahatchilik yillari boshlanib ketdi. Yusufning akalari yegulik istab Misrga keldilar. Uning oldiga kirishganda Yusuf ularni tanidi, lekin akalari uni tanimagan edilar.
59.Yusuf ularni yegulik jihozlari bilan jihozlagach ularga qarata: “Sizlar endigi safar oʻsha bir ukangizni ham yonimga olib kelinglar. Koʻrmayapsizmi, axir men sizlarga donlarni toʻldirib oʻlchab beryapman hamda men mehmon qiluvchilarning juda yaxshisiman”, – dedi.
60.Bas, bordi-yu agar uni mening oldimga olib kelmasangiz, u holda mening huzurimda sizlar uchun oʻlchab beriladigan hech narsa yoʻq. Shuningdek, mening yaqinimga yoʻlamanglar.
61.Yusufning akalari: “Uni bizga qoʻshib yuborishni otasidan qattiq soʻraymiz. Albatta, bizlar buni qiluvchimiz”, – dedilar.
62.Yusuf tarozibon yigitlariga: “Ularning, donga almashtirish uchun olib kelgan narsalarini yana yuklarining ichiga qaytarib solib qoʻyinglar. Shoyad, ular uylariga qaytib borganlarida bularni tanib, yana qaytib kelsalar”, – dedi.
63.Akalari otalarining oldiga qaytib kelib: “Ey otamiz, bundan keyin bizlarga yegulik tortib berish man qilindi. Biz bilan birga ukamiz Binyaminni ham yuborgin, shundagina don-dun oʻlchab olib kelamiz. Albatta, biz uni turli xatarlardan himoya qiluvchimiz”, – dedilar.
64.Otalari Yaʼqub: “Nima, men uni sizlarga ilgari uning akasini ishonganimdek ishonaymi?. Zero, Alloh eng yaxshi muhofaza qiluvchi va U rahmlilarning eng rahmlisidir”, – dedi
65.Qachonki ular olib kelgan yuklarini ochib koʻrishgach, almashtirib kelish uchun olib borgan narsalarini oʻzlariga qaytarilganini koʻrib: “Ey otamiz, mana qara bu narsalarimiz yana oʻzimizga qaytarilibdi bundan boshqa yana nima xohlaymiz?! Agar ukamiz Binyaminni bizga qoʻshib yuborsang, yana oilamizga yegulik keltiramiz. Ukamizni ham muhofaza qilamiz va uning uchun ham bir tuya yukni koʻproq olamiz. Axir biz olib kelgan narsa bu ozgina oʻlchovdir”, – dedilar.
66.Yaʼqub ularga: “Uni mening oldimga keltirishingiz haqida qasam ichib Allohdan vasiqa keltirmaguningizga qadar Binyaminni aslo sizlar bilan birga yubormayman. Biroq yoʻltoʻsarlarga duch kelib qurshovda qolishingiz bundan mustasno”, – dedi. Yusufning akalari unga vasiqalarini keltirishgach, Yaʼqub ularga: “Qarang, bu aytayotgan
67.Yaʼqub payg‘ambar ularni safarga kuzatayotib: “Ey oʻg‘illarim, Misrga bir darvozadan kirmanglar, balki boshqa-boshqa darvozalardan kiringlar. Men sizlarga Allohdan boʻladigan biror-bir hukmni qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Men, faqat Ungagina suyandim bas, barcha tavakkul qiluvchilar ham Uning Oʻzigagina suyansinlar”, – dedi
68.Ular otalari buyurgan turli darvozalardan Misrga kirdilar. Biroq ularning bu tarzda kirishlari ularga Allohdan keladigan biror narsani qaytaruvchi boʻlmadi. Bu faqat Yaʼqubning koʻnglidagi farzandlariga nisbatan mehridan paydo boʻlgan bir ehtiyoj boʻlib, uni qondirgan edi, xolos. Zotan, u Biz vahiy orqali bergan taʼlimimiz sababli chuqur ilm egasi edi. Lekin odamlarning koʻpchiligi buni bilmas edilar.
69.Ular shaharga yetib kelib Yusufning huzuriga kirganlarida, u ukasi Binyaminni oʻziga tortib: “Men sening akang Yusufman, endi akalaring qilayotgan narsalaridan g‘amgin boʻlmagin”, – dedi.
70.Yusuf ularni yegulik jihozlari bilan jihozlagach ukasining yuki orasiga sezdirmay bir idishni solib qoʻydi. Soʻngra jarchi: “Ey karvon egalari, sizlar oʻg‘ridirsizlar”, – deb hayqirib jar soldi.
71.Akalari darrov yetib kelib: “Nimani yoʻqotdingizlar?” – dedilar.
72.Jarchilardan biri: “Podshohning qadahini yoʻqotdik. Uni topib keltirgan kishiga bir tuya yuk mukofot bor. Men unga mukofot berilishiga kafilman”, – dedi.
73.Ular: “Allohga qasam boʻlsinki, bizlar bu yerga buzg‘unchilik qilish uchun kelmaganimizni aniq bilasizlar-ku. Bizlar oʻg‘ri emasmiz”, – dedilar.
74.Shu payt jarchilar: “Agar yolg‘onchi boʻlsangiz, oʻg‘rining jazosi nima boʻladi”, – dedilar.
75.Yusufning akalari: “Uning jazosi bizning qoidamizga koʻra, oʻg‘irlangan narsa kimning yuki orasidan topilsa, bas, uning oʻziga jazo berib garovga olinadi. Bizlar zulm qiluvchi kimsalarni yurtimizda mana shunday jazolaymiz”, – dedilar.
76.Shundan keyin Yusufning xizmatkori yoʻqolgan narsani axtarishni ukasi Binyaminning idishidan oldin akalarining idishlaridan boshladi. Keyin u qadahni ukasining idishidan topib chiqarib oldi. Biz Yusufga mana shunday hiyla tadbirini qildik. Chunki Misr podshohining dinida ukasi Binyaminni oʻg‘rilik qilgani uchun qul qilib ola olmas edi. Faqat Allohning istagi bilan bu hiyla sababli olib qolar edi. Biz xohlagan kishilarning darajalarini koʻtaramiz. Har bir ilm egasining ustida undan ham bilimdonroq olim bordir.
77.Akalari buni koʻrib: “Agar bu Binyamin oʻg‘rilik qilgan boʻlsa, qilgandir,, chunki oldin uning akasi ham oʻg‘rilik qilgan edi”, – dedilar. Shunda Yusuf bu gapni ichiga yutib, ularga bildirmadi va: “Sizlar yomon maqomdasizlar. Alloh toʻqib chiqarayotgan gaplaringizni juda yaxshi biluvchidir”, – dedi.
78.Keyin ular: “Ey aziz odam, uning bir keksa otasi bor. Sen uning oʻrniga bizlardan birimizni olib qol. Chindan ham biz seni chiroyli ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningni koʻrib turibmiz”, – dedilar.
79.Yusuf ularga: “Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan boshqani olib qolishdan Alloh saqlasin, u holda biz zolim kimsalardan boʻlib qolamiz”, – dedi.
80.Oxiri undan noumid boʻlishgach, bir chetga chiqib, oʻzaro shivirlashib maslahatlashdilar. Ularning kattalari: “Otangiz ustingizda Allohdan vasiqa olib qolganini va bundan oldin Yusuf haqida ham nuqson qilganingizni bilmay qoldingizmi?! Bas, to otam menga ruxsat bermaguncha yoki Alloh men uchun biror hukm qilmaguncha mana shu yerdan aslo qimirlamayman. U Zot hukm qiluvchilarning eng yaxshisidir”, – dedi.
81.Sizlar endi otalaringiz oldiga qaytinglar va: “Ey otamiz, oʻg‘ling Binyamin oʻg‘rilik qildi. Bizlar faqat bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. Axir biz g‘aybga taalluqli boʻlgan yashirin ishlarni biluvchi emasmiz”, – deb aytinglar.
82.Agar bizga ishonmasang, voqea sodir boʻlgan paytda biz unda boʻlgan shahar aholisidan va biz unda kelgan karvondan soʻragin. Biz haqiqatdan ham rost aytuvchilarmiz.
83.Yaʼqub ularga: “Aksincha, sizlarga nafsingiz yomon ishni chiroyli qilib koʻrsatibdi. Endi mening ishim chiroyli sabr qilmoqdir. Shoyad, Alloh ularning ikkovini jamlab yana bag‘rimga keltirsa. Albatta, U hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir”, – dedi.
84.Yaʼqub ulardan yuz oʻgirib: “Eh, esizgina Yusuf!” – dedi. G‘am-g‘ussadan uning koʻzlari oqarib ojiz boʻlib qoldi bas, u dardini ichiga yutuvchi boʻldi.
85.Otasining ayanchli ahvolini koʻrgan oʻg‘illari: “Allohga qasamki, toki holdan toyib kasal boʻlguningcha yoki bir yoʻla halok boʻlguningcha Yusufni esga olaverasanmi?” – dedilar.
86.Shunda Yaʼqub: “Albatta, men g‘am va tashvishlarimni yolg‘iz Allohga shikoyat qilaman va men Allohdan mehribonligi haqida sizlar bilmaydigan narsalarni bilaman”, – dedi.
87.Ey oʻg‘illarim, boringlar, Yusuf va uning ukasi Binyaminni izlanglar va Allohning rahmatidan umidsiz boʻlmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmlar noumid boʻladi.
88.Ular otalaridan bu soʻzlarni eshitgach, yegulikka almashtirish uchun bor bisotlarini yig‘ishtirib, yana Misr tomonga joʻnab ketishdi. Qachonki Misrga yetib kelib Yusufning huzuriga kirishgach: “Ey aziz inson, bizni va ahli oilalarimizni qiyinchilik tutdi. Bizlar bu safar yoningga arzimas mollar bilan keldik. Bas, bizlarga toʻliq oʻlchovda oziq-ovqat bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, shak-shubhasiz, sen kabi sadaqa qiluvchi zotlarni mukofotlaydi”, – dedilar.
89.Nihoyat Yusuf akalarini bunday og‘ir holatda koʻrgach toqat qila olmay: “Johil boʻlgan paytingizda Yusuf va uning ukasiga nima ishlar qilganingizni bilasizlarmi?” – dedi.
90.Ular dahshatga tushib: “Sen oʻsha Yusufmisan?” – deb soʻradilar. Yusuf ularga qarab: “Ha, men Yusufman, bu esa ukamdir. Darhaqiqat, Alloh bizni yana birlashtirib marhamat qildi. Albatta, kimda-kim Allohdan qoʻrqsa va sabr qilsa, shubhasiz, Alloh xayrli ish qiluvchilarning ajrini yoʻqqa chiqarmaydi”, – dedi.
91.Ular Yusufga: “Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan ustun qilibdi. Bizlar esa, haqiqatan, xato ish qilganlardan boʻldik”, – dedilar.
92.Yusuf akalariga: “Bu kun sizlarni qilgan ishlaringiz uchun ayblash yoʻq. Alloh sizlarni mag‘firat qiladi. Shuningdek, U rahm qiluvchilarning eng rahmlisidir”, – dedi.
93.Endi mana bu koʻylagimni olib Kanʼon yurtiga boring va qayg‘udan koʻr boʻlgan otamning yuziga tashlang, Allohning izni bilan yana koʻra boshlaydi. Barcha ahli oilangiz bilan yana huzurimga keling.
94.Karvon Misrdan yoʻlga chiqishi bilan otalari Yaʼqub payg‘ambar yonidagilarga: “Meni aqldan ozgan demanglar-u, lekin shubhasiz, men oʻg‘lim Yusufning hidini sezyapman”, – dedi.
95.Ular: “Allohga qasamki, sen hali ham oʻsha eski adashishingda turibsan”, – dedilar.
96.Vaqtiki xushxabarchi kelib, u koʻylakni Yaʼqubning yuziga tashlagan edi u koʻradigan boʻlib qoldi. Keyin Yaʼqub: “Sizlarga men, Allohdan Uning mehribonligi haqida siz bilmaydigan narsalarni bilaman deb aytmaganmidim!” – dedi.
97.Oʻg‘illari Yaʼqubga: “Ey otamiz, biz uchun Allohdan gunohlarimizni mag‘firat qilishini soʻragin. Albatta, bizlar xato qiluvchilardan boʻldik”, – dedilar.
98.Yaʼqub ularga: “Albatta, tezda Robbimdan sizlarni mag‘firat qilishini soʻrayman. Shubhasiz, U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir”, – dedi.
99.Bas, qachonki manzilga yetib Yusufning huzuridagi chodirga kirganlarida, u oʻzini ota-onasining quchog‘iga otdi va: “Allohning xohishi bilan Misrga omonlikda kiringlar”, – dedi.
100.Yusufning saroyiga kelganlaridan keyin u ota-onasini oʻz taxtiga chiqardi va hammasi unga sajda qilgan hollarida yiqildi. Yusuf otasiga: “Ey otajon, mana shu qirq yil avval koʻrgan tushimning taʼbiridir. Robbim uni haqiqatga chiqardi. Darhaqiqat, U zindondan chiqargan payt menga yaxshilik qildi. Shayton men bilan akalarim orasini buzib ig‘vo qilganidan keyin mana sizlarni sahrodan Misrga eson-omon holingizda keltirdi. Albatta, Robbim xohlagan narsani lutf qiluvchidir. Shubhasiz, U hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir”, – dedi.
101.Ey Robbim, darhaqiqat, menga podshohlikni berding va yana tushlarning taʼvil va taʼbirlaridan taʼlim berding. Ey osmonlar va Yerni yaratuvchi Zot, Sen bu dunyoda ham oxiratda ham mening Egamdirsan. Umrim tugaganda musulmon holimda jonimni olgin va meni solih bandalaring qatoriga qoʻshgin.
102.Ey Muhammad, bu Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Chunki siz Yusufning akalari makr-hiyla qilib oʻzlarining ishlarini tuzayotgan vaqtlarida ularning yonlarida boʻlmagan edingiz.
103.Harchand siz barcha odamlarning iymon keltirishlarini juda xohlasangiz-da, odamlarning koʻpchiligi moʻmin boʻlmaydilar.
104.Siz ulardan bu daʼvatingiz uchun biror ajr soʻramayapsiz. Bu Qurʼon faqatgina butun olamlar uchun bir eslatmadir, xolos.
105.Osmonlar va Yerda Allohning borligi va birligiga dalolat qiluvchi qanchadan-qancha alomatlar bor. Biroq ular bu oyatlardan yuz oʻgirgan hollarida beparvo oʻtib ketaveradilar.
106.Ularning aksariyati esa faqat mushrik boʻlgan hollarida Allohga ishonadilar, xolos.
107.Yoki ular Allohning azobidan bir qurshab oluvchi balo kelib qolishidan yo ularga toʻsatdan oʻzlari sezmagan hollarida qiyomat soati kelib qolishidan xotirjam boʻldilarmi?!
108.Ey Rasulim, ularga: “Mening tutgan yoʻlim shudir. Men va menga ergashganlar aniq hujjatga koʻra Allohga daʼvat qilamiz. Har qanday sherikdan Alloh taolo pokdir. Zero, men mushriklardan emasman”, – deb ayting.
109.Ey Muhammad, Biz sizdan oldin ham faqat shahar va qishloq ahlidan erkak kishilarni rasul qilib yuborib, ularga vahiy qilganmiz, xolos. Axir, odamlar Yer yuzida sayohat qilib, oʻzlaridan avvalgi iymonsiz kimsalarning oqibati qanday boʻlganini koʻrsalar boʻlmaydimi? Allohdan qoʻrqadigan kimsalar uchun, albatta, oxirat diyori bu oʻtkinchi dunyodan yaxshiroqdir. Ey odamlar hali ham aqlni ishlatmaysizlarmi?!
110.Nihoyat oʻsha payg‘ambarlar umidsiz boʻlib: “Bizlar aniq yolg‘onchi qilindik”, – deb oʻylay boshlaganlarida, ularga yordamimiz yetib keldi. Bas, Biz xohlagan kishilarga najot berildi. Lekin Bizning azobimiz jinoyatchi qavmlardan orqaga qaytarilmaydi.
111.Darhaqiqat, ularning oʻtmish qissalarida aql egalari uchun katta ibrat bor edi. Ushbu Qurʼon toʻqib chiqariladigan soʻz emas, balki oʻzidan oldingi samoviy kitoblarni tasdiqlovchi va unga iymon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni batafsil bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat manbai boʻlgan ilohiy kitobdir.

