18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Tahrim

Ниспослана в Madina.

28-й джуз,66-я сура,12 аятов

1.Ey siz Payg‘ambar, nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olyapsiz. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan Rahim Zotdir.

2.Darvoqe, Alloh sizlar uchun maʼlum miqdorda kafforat toʻlab qasamlaringizdan qutulib chiqishni buyurgan. Alloh sizlarning Xojangizdir. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

3.Payg‘ambar xotinlaridan biri Hafsaga choʻrisi Moriyaning talog‘i haqidagi bir gapni xufyona aytganini eslang. Bas, qachonki, Hafsa u sir haqida Oishaga xabar bergach, Alloh Payg‘ambarni bundan voqif qildi va u Hafsaga oʻzi bilgan narsaning baʼzisini bildirdi va baʼzisidan voz kechdi. Bas, qachonki, Payg‘ambar Hafsaga xabarni aytgach, u: “Kim sizga bu xabarni berdi?” – dedi. Shunda payg‘ambar: “Menga barcha narsani biluvchi Aʼlim va hamma narsadan xabardor boʻlgan Xobir Zot xabar berdi”, – dedi.

4.Ey Hafsa va Oisha, agar sizlar bu qilmishlaringiz uchun Allohga tavba qilsangizlar oʻzlaringiz uchun yaxshidir. Chunki dillaringiz biroz haq yoʻldan toyib ketdi. Agar sizlar Payg‘ambarning zarariga hamkorlik qilsangizlar, u holda, shubhasiz, Allohning Oʻzi ham, Jabroil ham, solih moʻminlar ham uning himoyachisidir. Yana, bulardan keyin farishtalar ham Payg‘ambarga yordamchidir.

5.Uning Robbisi agar u sizlarni taloq qilsa unga sizlardan yaxshiroq juftlarni muslima, moʻmina Alloh va Uning payg‘ambariga itoat qiluvchi, tavba qiluvchi, ibodat qiluvchi, mudom Allohning yoʻlida yuruvchi juvon va qizlarni almashtirib berishi mumkin.

6.Ey iymon keltirganlar, oʻzlaringizni va oila aʼzolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar boʻlgan doʻzaxdan saqlanglar. U yerda qattiqqoʻl va darg‘azab, Alloh buyurgan narsaga osiylik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar turadilar.

7.Ey kufr keltirgan kimsalar, Bugungi kunda uzr aytmay qoʻya qolinglar. Sizlar faqat oʻzlaringiz qilib oʻtgan amallaringiz sababli jazolanyapsiz.

8.Ey iymon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilinglar, shoyadki, Robbingiz yomonliklaringizni oʻchirib, sizlarni tagidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritsa! U kunda Alloh payg‘ambarni va u bilan birga iymon keltirganlarni sharmanda qilmaydi. Ularning nurlari oldilarida va oʻng tomonlarida yuradi. Ular: “Ey Robbimiz, Oʻzing bizlarga nurimizni batamom qilib bergin va bizlarni mag‘firat qilgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan”, – deydilar.

9.Ey Payg‘ambar, kofir va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiq turing. Ularning joylari jahannamdir. U qanday yomon borar joy!

10.Alloh kufr keltirgan kimsalar haqida Nuh payg‘ambarning xotini va Lut payg‘ambarning xotinini misol keltirdi. U ikki ayol ham Bizning bandalarimizdan ikki solih bandaning qoʻl ostida edilar. Bas, u ayollar ularga xiyonat qildilar. Nuh va Lut Allohning azobidan biror narsani u ikkisidan qaytara olmadilar. Ularga: “Doʻzaxga kiruvchilar bilan birga unga kiringlar!” – deyildi.

11.Alloh iymon keltirgan kimsalar haqida firʼavnning xotinini misol keltirdi. Oʻshanda u: “Ey Robbim, Oʻzing men uchun huzuringdagi jannatda bir uy bino qilgin, menga firʼavn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos qilgin!” – dedi.

12.Yana nomusini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ham misol keltirdi. Bas, Biz Oʻz ruhimizdan unga pufladik va u Isoga homilador boʻldi. U Parvordigorining soʻzlarini va kitoblarini tasdiq qildi hamda Allohning amriga itoat qiluvchilardan boʻldi.