18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Moida

Ниспослана в Madina.

6-й джуз,5-я сура,120 аятов

1.Ey iymon keltirganlar, qilingan ahdlarga vafo qilinglar. Keyinida tilovat qilib beriladigan hayvonlardan tashqari, barcha chorva mollari sizlarga halol qilindi. Ehromda boʻlgan paytingizda esa sizlarga ov qilishni halol deb bilish mumkin emas. Albatta, Alloh Oʻzi xohlaganicha hukm qiladi.

2.Ey iymon keltirganlar, Allohning hajga doir belgilarini, jang qilish harom qilingan oylarni, qurbonlik uchun keltirilgan hadyalarni, qurbonlikka atalganini bildirish maqsadida ularga ilib qoʻyilgan taqinchoqlarni hamda Robbilaridan fazlu karam va rozilik istab Bayt ul-Haromga niyat qilib keluvchilar haqini poymol qilishni oʻzingizga halol deb hisoblamanglar. Ehromdan chiqib halol boʻlgach, bemalol ov qilaveringlar. Sizlarni Masjid ul-Haromga borishga qarshilik koʻrsatgan qavmning xusumati ularga dushmanlik qilishingizga jalb qilmasin. Sizlar, faqat ezgulik va taqvo yoʻlida koʻmaklashinglar, gunoh va dushmanlik yoʻlida esa hamkorlik qilmanglar. Allohdan qoʻrqinglar va Alloh azobi qattiq boʻlgan Zotdir.

3.Sizlarga oʻlimtik hayvon, qon, choʻchqa goʻshti, Allohdan oʻzganing nomi bilan soʻyilgan, boʻg‘ilib oʻlgan, urib oʻldirilgan, tepalikdan yiqilib tushib oʻlgan, suzib oʻldirilgan, yirtqich hayvonlar ularning bir boʻlagini parchalab yegan jonivorlar harom qilindi. Biroq jonlari chiqmasdan burun yetib kelib, ularni soʻyib olsangiz, haloldir. Shu bilan birga, but-sanamlarga atab soʻyilgan hayvonlar, fol choʻplariga qarab qismatingizni bilish uchun fol ochish ham harom qilindi. Bugun esa endi kofirlar diningizga zarar yetkaza olishdan umidlarni uzdilar. Shuning uchun ham ulardan aslo qoʻrqmanglar, faqat Mendan qoʻrqinglar. Bugun diningizni kamoliga yetkazdim, neʼmatimni sizlarga toʻliq qilib berdim hamda sizlar uchun Islomni tanlab, din boʻlishiga rozi boʻldim. Agarda kimki qattiq ocharchilikda nochor qolib, gunohga mayl boʻlmagan holda harom qilinganlardan bir miqdor yesa, gunoh boʻlmaydi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

4.Ey Rasulim, sizdan oʻzlariga nimalar halol qilinganini soʻraydilar. Siz ularga: “Sizlarga pokiza narsalar halol qilindi. Allohning sizlarga taʼlim bergan ilmidan foydalanib, qoʻlga oʻrgatgan va ularni ovchi qilib parvarishlaganingiz yirtqich hayvonlarning sizlar uchun tutib kelganlarini ham yeyaveringlar. Ularni ovga qoʻyib yuborayotganingizda Allohning nomini zikr qilib, “Bismilloh” denglar”, – deb ayting. Allohdan qoʻrqinglar, shubhasiz, Alloh hisob kitobni tez qiluvchi Zotdir.

5.Mana bugun sizlarga pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, kitob berilgan yahudiy va nasroniy dinidagilarning taomi sizlar uchun halol hamda sizlarning taomingiz ham ular uchun haloldir. Zino va yashirincha oʻynash qilib olish maqsadida boʻlmay, aksincha, mahrlarini berib, or-nomusli moʻmina ayollardan va sizlardan oldin kitob berilganlardan iffatli ayollarni topib nikohingizga olishingiz halol qilindi.

6.Ey iymon keltirganlar, namoz oʻqishga turmoqchi boʻlsangizlar, oldin yuzlaringizni yuvinglar. Keyin qoʻllaringizni tirsaklarigacha yuvinglar. Soʻngra boshlaringizga mash tortib, oyoqlaringizni toʻpiqlarigacha yuvinglar. Agarda junub holda yuvuqsiz boʻlsangiz, unda g‘usl qilib choʻmilinglar. Agar bemor yo safarda boʻlib yoki sizlardan biringiz hojatxonadan qaytib, yoxud ayollarga yaqinlik qilgandan keyin suv topa olmasangiz, u holda toza tuproq jinsidan boʻlgan narsalarni niyat qilib, tayammum qilinglar. U tuproq bilan yuzlaringiz va qoʻllaringizga surtib mash tortinglar. Alloh sizlarga qiyinchilik qilishni xohlamaydi, aksincha, sizlarni poklash va shukr qilishingiz uchun sizlarga Oʻz neʼmatini toʻla-toʻkis qilib berishni istaydi.

7.Allohning sizlarga bergan neʼmatlarini hamdaEshitdik va itoat qildik”, – deganingizda sizlardan olgan ahdini yodga olinglar. Allohdan qoʻrqinglar, albatta, Alloh koʻngillardagi sirlarni biluvchi Zotdir.

8.Ey iymon keltirganlar, Alloh uchun haqda sobit turib, guvohlik qilishda adolatli boʻlinglar. Biror bir qavmga boʻlgan xusumatingiz sizlarni ularga qarshi adolatsiz boʻlishga chorlamasin. Adolat qilinglar, mana shu taqvoga eng yaqin jihatdir. Hamda Allohdan qoʻrqinglar, shubhasiz, Alloh barcha qilayotgan ishlaringizdan xabardor Zotdir.

9.Alloh iymon keltirgan va ezgu amallarni qilgan kimsalar uchun mag‘firat va ulkan ajr-mukofotlar vaʼda qildi.

10.Kufr keltirgan va oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalar esa, ana ular doʻzax egalaridir.

11.Ey iymon keltirganlar, Allohning sizlarga bergan neʼmatini eslanglar. Bir guruh sizga qoʻl uzatib, hamla qilmoqchi boʻlgan paytda, Alloh qoʻllarini sizdan qaytargan edi. Allohdan qoʻrqinglar, moʻminlar, faqat Allohga tavakkul qilib suyansinlar.

12.Haqiqatan, Alloh bani Isroil avlodlarining qatʼiy ahdu paymonini oldi. Biz ularning orasidan oʻn ikki boshliqni tanlab yubordik. Shunda Alloh ularga: “Shubhasiz, Men sizlar bilan birgaman. Agarda namozlarni toʻla toʻkis ado etsangiz, zakot bersangiz, Rasullarimga iymon keltirsangiz, ularga yordam bersangiz, Alloh yoʻliga chiroyli qarz bersangiz, shunda sizlarning gunohlaringizdan oʻtaman va tagidan anhorlar oqib turuvchi jannatlarga kirgizaman. Shundan keyin ham kimki kufr keltirsa, shubhasiz, toʻg‘ri yoʻldan adashgan boʻladi.

13.Shundan keyin bergan ahdlarini buzganliklari tufayli ularni laʼnatladik va qalblarini qattiq qilib qoʻydik. Ular Tavrotdagi soʻzlarning joyini oʻzgartirardilar hamda oʻzlariga eslatilgan hukmlarning bir hissasini unutdilar. Ichlaridan ozgina toifadan boshqalarini doimo xiyonat qilayotgan holda ustidan chiqaverasiz. Shunday boʻlsa ham, ularni afv etib, kechirib turavering. Chunki, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchi muhsinlarni sevadi.

14.Shuningdek, yana “Bizlar nasroniylarmiz”, – deb aytgan kimsalardan ham ahdu paymonlarini olganmiz. Ular ham oʻzlariga eslatilgan hukmlarning bir hissasini unutdilar. Shu sababdan to qiyomat kunigacha ular orasiga adovat va nafratni solib qoʻydik. Yaqinda Alloh ularga qilmishlari haqida xabar beradi.

15.Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Sizlarga yuborgan Rasulimiz qoʻlingizdagi kitobda berkitganlaringizning koʻpini bayon qilish uchun keldi. Shu bilan birga, baʼzi xatolaringizni koʻpini kechirmoqda. Haqiqatan, sizlarga Allohdan Islom nuri va ochiq-oydin Qurʼon kitobi kelgan.

16.U tufayli Oʻzining rizosiga ergashgan kishilarni omonlik yoʻliga yetaklaydi. Hamda Oʻz izni irodasi bilan ularni zulmatlardan nurga chiqaradi va toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi.

17.Maryam oʻg‘li Masih Allohdir, deb aytgan kimsalar aniq kofir boʻldilar. Ey Rasulim, ularga: “Agar Alloh Maryam oʻg‘li Masihni, uning onasini hamda Yer yuzidagi barchani halok etishni xohlasa, kim Undan biror narsani qaytarib qolishga qodir boʻla oladi”, – deb ayting. Axir osmonlaru Yer va ular orasidagi barcha borliqning hukmronligi, shubhasiz, Allohga oiddir. U nimani qanday xohlasa, yaratadi. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

18.Yahudiylar va nasroniylar: “Biz Allohning bolalari va suyukli bandalarimiz”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Unday boʻlsa, nega sizlarni gunohlaringiz tufayli azoblaydi?” – deb ayting. Yoʻq, aslo, sizlar ham U yaratgan bashariyat kabisizlar. Alloh istagan kishisini mag‘firat qiladi va istaganini azoblaydi. Osmonlaru Yer va ular orasidagi barcha borliqning hukmronligi, shubhasiz, Allohga oiddir. Oxir-oqibat qaytib boriladigan joy yolg‘iz Uning Oʻzigadir.

19.Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Payg‘ambarlar kelishi kamaygan vaqtdan keyin: “Bizga hech qanday jannat bilan xushxabar beruvchi ham, oxirat azobidan ogohlantiruvchi ham kelmagan”, – deb bahona aytmasligingiz uchun sizlarga elchimiz Muhammad haqiqatni bayon qiluvchi boʻlib keldi. Darhaqiqat, u sizlarga jannatdan xushxabar beruvchi va jahannamdan ogohlantiruvchi boʻlib kelgan. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

20.Bir vaqtlar Muso oʻz qavmiga qarata: “Ey qavmim, Allohning sizlarga ato etgan neʼmatlarini eslanglar. U sizning orangizdan payg‘ambarlar chiqardi va sizlarni podshohlar qildi. Shuningdek, olamlardan hech bir kimsaga bermaganini sizlarga berdi”, – deganini xotirlang.

21.Muso oʻz qavmiga: “Ey qavmim, Alloh sizlarga bitib qoʻygan muqaddas zaminga kiringlar. Itoatsizlik qilib ortlaringizga oʻgirilib ketmanglar, aks holda, ziyon koʻruvchilarga aylanib qolasiz”, – deb aytgan.

22.Qavmi unga: “Ey Muso, u yerda juda bahaybat odamlar bor. Ular u yerdan chiqib ketmagunlaricha biz u yerga aslo kirib bormaymiz. Agar u yerdan chiqsalar shunda biz, albatta, unga kirib boruvchimiz”, – dedilar.

23.Shunda itoatsizlikdan qoʻrqadigan hamda Alloh ularga inʼom qilgan ikki kishi: “Ularning ustiga shahar darvozasidan toʻg‘ri bostirib kiringlar. Unga kirib olgach, albatta, g‘olib keluvchi boʻlasizlar. Agarda chin moʻmin boʻlsangiz, u holda yolg‘iz Allohga suyaninglar”, – deb aytdi.

24.Yana ular: “Ey Muso, modomiki ular u yerda bor ekan, biz hech qachon aslo u yerga kirmaymiz. Sen va Robbing borib, ular bilan jang qilaveringlar. Biz esa mana bu yerda kutib oʻtiruvchilarmiz”, – dedilar.

25.Shunda Muso: “Ey Robbim, men faqat oʻzim va birodarim Horundan boshqaga soʻz uqtirishga qodir emasman. Oʻzing biz bilan bu fosiq qavmlarning orasini ayirgin”, – dedi.

26.Alloh ularga: “Shubhasiz, endi ular muqaddas zaminga kirishdan qirq yilga mahrum boʻldilar. Shuningdek, ular u yerdagi choʻllarda sarsonu sargardon boʻlib adashib yuradilar. Sen bu fosiq qavmlarning holi uchun g‘am yemagin”, – dedi.

27.Ey Muhammad, Ularga Odamning ikki oʻg‘li boʻlgan Qobil va Hobil toʻg‘risidagi xabarni haqiqati bilan tilovat qilib bering. Oʻshanda ikkalasi Alloh uchun qurbonlik qildilar. Ulardan birining qurbonligi qabul qilindi, boshqasiniki esa qabul qilinmadi. Qurbonligi qabul qilinmagani hasad qilib: “Seni, albatta, oʻldiraman”, – dedi. Qurbonligi qabul qilingani esa: “Shubhasiz, Alloh taqvodor kimsalardan qurbonlikni qabul qiladi”, – deb aytdi.

28.Agar meni oʻldirish uchun qoʻlingni menga uzatsang ham, men seni oʻldirish uchun senga qoʻl uzatuvchi emasman. Men gunoh qilishga olamlar Robbisidan qoʻrqaman.

29.Albatta, men gunohimni va gunohingni ustingga olib, oqibatda jahannam ahlidan boʻlib ketishingni xohlayman. Ha, zolimlarning jazosi shudir.

30.Nihoyat nafsi unga birodarini oʻldirishga undadi va uni oʻldirdi. Shu sababdan ikki dunyoda ham ziyon koʻruvchilardan boʻlib qoldi.

31.Shundan keyin nima qilishni bilmay turganda, Alloh unga birodarining murdasini qanday koʻmishni koʻrsatish uchun yerni titayotgan bir qarg‘ani yubordi. Bu holni koʻrib: “Holimga voy boʻlsin, shu qarg‘achalik boʻlishdan ham ojiz qolib, birodarimning murdasini koʻma olmadim-a?!” – deb, qilgan ishiga nadomat qiluvchilardan boʻldi.

32.Mana shu hodisa tufayli bani Isroil avlodlariga shu hukmni yozib qoʻydik. Unga koʻra, agar kimda-kim biror odamni nohaq oʻldirmagan, Yer yuzida buzg‘inchilik qilmagan begunoh kimsani oʻldirsa, goʻyo u hamma insonlarni oʻldirgandek boʻladi. Shuningdek, kimki begunohlarni oʻldirmay hayotini qutqarsa, xuddi u barcha insonlarning hayotini qutqargandek boʻladi. Darhaqiqat, ularga Rasullarimiz ochiq-oydin dalillarni keltirganlar. Soʻngra shundan keyin ham, ulardan aksariyati Yer yuzida haddidan oshib, isrof qiluvchilardir.

33.Allohga va Uning Rasuliga qarshi urush qiladiganlarning va Yer yuzida buzg‘unchilik qilish harakatida yuradigan kimsalarning jazosi – ularni qatl qilinishlari, dorga osilishlari, qoʻl-oyoqlarining qarama-qarshi tomonga kesilishlari va oʻz yerlaridan surgun qilinishlaridan iboratdir. Mana shu jazolar ularga bu dunyoda sharmandalikdir. Shuningdek, oxiratda esa ularga ulkan azob bordir.

34.Biroq qoʻlga olishingizdan oldin qilmishlariga tavba qilgan kimsalargina jazolanmaydi. Bilib qoʻyinglar, shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan – Rahim Zotdir.

35.Ey iymon keltirganlar, Allohdan qoʻrqinglar va Unga yaqinlashish uchun yoʻl axtaringlar. Hamda Uning yoʻlida jihod qilinglar. Shoyad, shunda najot topsangizlar.

36.Darhaqiqat, kufr keltirgan kimsalar bordi-yu Yer yuzidagi barcha narsaga hatto yana shunchasiga ega boʻlib, uni qiyomat kunining azobidan qutulish uchun toʻlab bersalar ham, ulardan qabul qilinmaydi. Ularga oxiratda alamli azob bordir.

37.Ular doʻzaxdan chiqishni xohlaydilar, biroq undan chiquvchi emaslar, Ularga doimiy azob bordir.

38.Oʻg‘rilik qilgan erkakni ham ayolni ham qilgan ishlariga yarasha bir jazo va Allohdan bir ibrat boʻlishi uchun qoʻllarini kesinglar. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

39.Kimki, qilgan bu zulmidan keyin tavba qilsa va oʻzini oʻnglab tuzatib olsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

40.Osmonlar va Yerning boshqaruvi, shubhasiz, Allohga oid ekanini, Oʻzi istagan kishini azoblashi hamda istagan kishini kechirishini bilmadingizmi?! Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

41.Ey Rasul, og‘izlaridaIymon keltirdik”, – deydigan, lekin qalblari iymon keltirmagan munofiqlar va yahudiy boʻlgan kimsalardan kufr sari harakat qilayotganlari sizni xafa qilmasin. Ular doimo yolg‘onga quloq osuvchilardir, sizning oldingizga kelmagan boshqa bir yahudiy qavm nomidan josuslik qilib quloq tutib turuvchidirlar. Ular kalimalarni Alloh tarafidan qoʻyilganidan keyin joylarini oʻzgartiradilar. Yahudiylar: “Agar Muhammad tomonidan sizlarga mana bu oʻzgartirilgan hukm berilsa, uni olinglar. Bordi-yu unday hukm berilmasa, uni tark qilinglar”, – deydilar. Alloh kimni fitnaga mubtalo boʻlishini xohlasa, Allohning irodasiga qarshi siz u uchun hech narsa qilishga qodir emassiz. Alloh ana shunday kimsalarning qalblarini tozalashni istamagan. Ular uchun bu dunyoda sharmisorlik, oxiratda esa alamli azob bordir.

42.Ular doimo yolg‘onga quloq osuvchilar va harom yeydiganlardir. Agarda sizning huzuringizga hukm soʻrab kelsalar, istasangiz, oʻrtalarida hukm chiqaring yoki ulardan voz keching. Agar ulardan voz kechsangiz ham, zinhor sizga biror zarar keltira olmaydilar. Bordi-yu hukm qilsangiz ham, oʻrtalarida adolat bilan hukm qiling. Albatta, Alloh adolatli boʻlganlarni sevadi.

43.Ichida Allohning hukmlari boʻlgan Tavrot oʻzlarining oldilarida boʻla turib, qanday qilib sizdan hukm soʻraydilar? Haqiqatni eshitganlaridan keyin esa sizdan yuz oʻgirib ketadilar. Ular hech ham iymon keltirgan emaslar.

44.Haqiqatan, Biz ichida hidoyat va nur boʻlgan Tavrotni nozil qildik. Allohga taslim boʻlgan payg‘ambarlar u kitob bilan yahudiylarga hukm qilar edilar. Allohning kitobini muhofaza etishga masʼul qilingan ilohiy bilim egalari boʻlgan Robboniylar va yahudiy ulamolar ham shunday hukm qilib, oʻzlari unga guvoh boʻlganlar. Shunday ekan, hukm chiqarishda odamlardan qoʻrqmanglar. Faqat Mendan qoʻrqinglar hamda oyatlarimni oʻtkinchi dunyo manfaati uchun arzimas bahoga sotib yubormanglar. Kimki Alloh nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilmas ekan, ana oʻshalar aynan kofir kimsalardir.

45.Biz ularga Tavrotda jonga jon, koʻzga koʻz, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va boshqa jarohatlar uchun qasos olinadi, deb, yozib qoʻydik. Kimki u qasosni sadaqa qilib kechib yuborsa, u oʻz gunohlarini oʻchiruvchi kafforatdir. Kimki Alloh nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilmas ekan, ana oʻshalar aynan zolim kimsalardir.

46.Payg‘ambarlarning izlaridan esa oʻzidan oldin nozil qilingan Tavrotni tasdiqlovchi qilib, ortidan Maryam oʻg‘li Isoni yubordik. Unga ichida nur va hidoyat boʻlgan, oʻzidan oldingi Tavrotni tasdiqlaydigan hamda Allohdan qoʻrqadigan kimsalar uchun hidoyat manbai va pandu nasihat boʻlgan Injilni berdik.

47.Injil egalari boʻlgan nasroniylar undagi Alloh nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilsinlar. Kimki Alloh nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilmas ekan, ana oʻshalar aynan fosiq kimsalardir.

48.Ey Rasulim, sizga esa oʻzidan oldingi kitoblarni tasdiq qiluvchi va ular ustiga guvoh boʻluvchi Qurʼon kitobni barhaq nozil qildik. Shunday ekan, ular orasida Alloh nozil qilgan oyatlar bilan hukm qiling. Sizga kelgan haqiqatdan ayrilib, ularning havoyi nafslariga ergashmang. Sizlardan har biringiz uchun alohida shariat va yoʻl qilib qoʻyganmiz. Agar Alloh xohlaganda edi sizlarni bir ummat qilib qoʻyar edi. Lekin sizlarga berganlari bilan imtihon qilishi uchun har bir ummatga alohida yoʻl qilib qoʻydi. Shunday ekan, yaxshi amallarni qilishga shoshilinglar. Barchangizning qaytar joyingiz Allohning huzurigadir. Ana oʻshanda sizlarga tortishayotgan narsalaringiz haqida xabar beradi.

49.Ey Rasulim, ular orasida Alloh nozil qilganiga koʻra hukm qiling. Hamda ularning havoyi nafslariga ergashmang va Alloh sizga nozil qilgan hukmlarning ayrimlaridan sizni chalg‘itib, fitnaga solib qoʻyishlaridan ehtiyot boʻling. Agar chaqirig‘ingizdan yuz oʻgirsalar, bilingki, Alloh ularga baʼzi gunohlari sababidan musibatga mubtalo qilishni istamoqda.

50.Yoki johiliyat davrining hukmlarini xohlaydilarmi? Chindan ham ishongan qavmlar uchun Allohdan koʻra kimning hukmi yaxshiroqdir?!

51.Ey iymon keltirganlar, yahudiylar va nasroniylarni doʻst qilib olmanglar. Ularning baʼzilari baʼzilariga doʻstdirlar. Sizdan kimki ularni doʻst tutsa, demak, u, albatta, ulardan biridir. Albatta, Alloh zolim qavmlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlamaydi.

52.Ey Rasulim, qalblarida munofiqlik kasali bor kimsalarning ular tomonga oshiqayotganlarini koʻrasiz. Munofiqlar: “Davr kelib bizlarga ulardan bir balo yetib qolishidan qoʻrqamiz”, – deydilar. Shoyad, Alloh musulmonlarga g‘alaba yoki Oʻz huzuridan xayrli bir ish berib qolsa, ana oʻshanda ichlarida saqlab yurganlari uchun pushaymon qiluvchi boʻlib qoladilar.

53.Keyin iymon keltirganlar: “Jon-jahdlari bilan, albatta, sizlar bilan birgamiz deb, qasam ichganlar manavilarmi?” – deydilar. U munofiqlarning qilgan amallari behuda ketdi va ziyon koʻrganlardan boʻlib qoldilar.

54.Ey iymon keltirganlar, sizlardan kim dinidan qaytsa, uning oʻrniga Alloh ularni sevadigan va ular ham Allohni sevadigan bir qavmni keltiradi. Ular moʻminlarga yumshoq koʻngilli, kofirlarga esa viqorlidirlar hamda Allohning yoʻlida molu jonlari bilan jihod qiladilar, malomatgoʻyning malomatidan qoʻrqmaydilar. Mana bu Allohning Oʻzi xohlaganiga beradigan fazlu karamidir. Alloh fazlu karami keng – Vosiʼ va barcha narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

55.Shubhasiz, sizlarning doʻstingiz Alloh va uning Rasulidir. Hamda Robbilariga boʻyinlarini egib namozlarini toʻliq ado qiladigan va zakot beradigan moʻminlardir.

56.Kim Allohni, Uning Rasulini va iymon keltirganlarni oʻziga doʻst deb tutsa, shubhasiz, Allohning lashkarlari jamoasi doimo g‘olib keluvchilardir.

57.Ey iymon keltirganlar, sizlardan oldingi kitob berilganlar ichidan diningizni masxara va oʻyin qilib olgan kimsalarni va kofirlarni doʻst qilib olmanglar. Agar haqiqiy moʻmin boʻlsangiz, yolg‘iz Allohdan qoʻrqinglar.

58.Qachonki sizlar bir-biringizni namozga chaqirsangizlar, ular namozni masxara va oʻyin qiladilar. Mana bu qiliqlari ularning aql ishlata olmaydigan qavm ekanligidir.

59.Ey Rasulim, ularga: “Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Bizlar Allohga, oʻzimizga nozil qilingan Qurʼonga, bundan oldin nozil qilingan kitoblarga iymon keltirganimiz hamda sizlarning aksariyatingiz esa buzg‘unchilardan boʻlganingiz uchun bizni yoqtirmaysizlar”, – deb ayting.

60.Ey Rasulim, ularga: “Sizlarga Allohning nazdida bundan ham yomonroq jazosi boʻlgan kimsaning xabarini beraymi? Ular Alloh laʼnatlagan, ularga g‘azab qilgan, ulardan baʼzilarini maymun va choʻchqalarga aylantirib qoʻygan va shaytonga sig‘ingan kimsalardir”, – deb ayting. Ana oʻshalar eng yomon makonda boʻlgan va toʻg‘ri yoʻldan tamoman adashgan kimsalardir.

61.Qachonki, yahudiy va munofiqlar oldingizga kelganlarida: “Iymon keltirdik”, – deydilar. Lekin aslida ular kufr bilan kirib, yana u kufr bilan chiqib ketadilar. Alloh ularning pinhon tutib yurgan nifoqlarini juda yaxshi biluvchidir.

62.Ulardan koʻpchiligini gunoh ishlarda, dushmanlik qilishda va harom yeyishga oshiqayotganlarni koʻrasiz. Qilayotgan bu ishlari naqadar yomon ishdir.

63.Ahli kitob boʻlgan ruhoniylar va ulamolar ularni gunoh gaplarni aytishlaridan va harom topib yeyishlaridan man qilsalar edi?! Ularning bu qilayotgan xatti-harakatlari naqadar yomondir.

64.Yahudiylar: “Allohning qoʻli bog‘langandir”, – dedilar. Baxillik qilganlari tufayli oʻzlarining qoʻllari bog‘liq boʻlib qolar va bu aytgan soʻzlari sababli laʼnatlanadilar. Aksincha, Allohning ikki qoʻli ochiqdir. Oʻzi qanday istasa shunday beraveradi. Robbingizdan sizga nozil qilingan Qurʼon ulardan koʻpchiligining tug‘yon va kufrini yanada orttiradi. Ularning oralariga qiyomat kunigacha adovat va nafrat oʻtini solib qoʻyganmiz. Qachonki ular sizlarga qarshi urush olovini yoqsalar, Alloh uni darhol soʻndirib qoʻyadi. Yer yuzida buzg‘unchilik qilishga harakat qiladilar. Alloh fasod tarqatuvchilarni sevmaydi.

65.Agar ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar iymon keltirib Allohdan qoʻrqqanlarida edi, albatta, ularning xatolarini kechirgan va neʼmatlar bilan toʻla jannatga kirgizgan boʻlar edik.

66.Agar ular Tavrotga, Injilga va Robbilari tomonidan ularga nozil qilingan Qurʼon hukmlariga toʻg‘ri amal qilganlarida edi, tepalaridan ham, oyoq ostilaridan ham rizq yegan boʻlar edilar. Shu bilan birga, ularning orasida haddan oshmagan adolatli toifa ham bor. Lekin ulardan aksariyatining qilayotgan ishlari juda yomondir.

67.Ey Rasul, Robbingizdan sizga nozil qilingan oyatlarni odamlarga toʻliq yetkazing. Agar shunday qilmasangiz, unda Allohning risolatini yetkazmagan boʻlasiz. Alloh sizni odamlarning zararidan himoya qiladi. Albatta, Alloh kofir qavmlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlamaydi.

68.Ey Rasulim, ularga: “Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Tavrotga, Injilga va Robbingiz tomonidan sizlarga nozil qilingan Qurʼon hukmlariga toʻg‘ri amal qilmaguningizgacha aniq bir din ustida emassizlar”, – deb ayting. Robbingizdan sizga nozil qilingan Qurʼon ulardan koʻpchiligining tug‘yon va kufrini yanada orttiradi. Shunday ekan, kofir qavmlar uchun qayg‘urmang.

69.Shubhasiz, iymon keltirgan kimsalar, yahudiy dinida boʻlganlar, sobiiylar, nasroniy dinida boʻlganlardan kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan boʻlsalar, unday zotlar uchun oxiratda hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

70.Darhaqiqat, bani Isroil avlodlarining ahd-paymonini oldik hamda ularga Rasullar yubordik. Har gal ularga bir payg‘ambar nafslari istamagan amrlarni olib kelsa, bir qismini yolg‘onchiga chiqardilar va bir qismini esa oʻldirardilar.

71.Qilmishlari tufayli boshlariga balo boʻlmaydi deb oʻylab, koʻr va kar boʻlib oldilar. Shundan keyin ham Alloh ularning tavbasini qabul qildi. Soʻngra ularning koʻpchiligi yana haqni koʻrmaydigan va eshitmaydigan boʻlib qoldilar. Alloh ularning barcha qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchi Zotdir.

72.Alloh bu Maryam oʻg‘li Masihdir, degan kimsalar aniq kofir boʻldilar. Vaholanki, Masih ularga: “Ey bani Isroil avlodlari, mening ham Robbim sizlarning ham Robbingiz boʻlgan Allohga ibodat qilinglar”, – degan edi. Kimki Allohga shirk keltirsa, albatta, Alloh unga jannatni harom qilgandir va joyi doʻzaxdir. Zolimlar uchun azobdan qutqaruvchi yordamchilar yoʻqdir.

73.Alloh uch ilohning biridir, deb aytgan kimsalar aniq kofir boʻldilar. Yolg‘iz Ilohdan boshqa iloh yoʻqdir. Agar bu aytayotgan gaplaridan tiyilmasalar, ulardan kofir boʻlgan kimsalarni qiyomatda alamli azob tutishi shubhasizdir.

74.Axir, Allohga tavba qilib, Undan mag‘firat soʻramaydilarmi?! Zero, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

75.Maryam oʻg‘li Iso Masih faqat bir payg‘ambardir. Undan oldin ham qanchadan-qancha Rasullar oʻtgan. Shuningdek, uning onasi Maryam esa iymonda sodiq ayoldir. U ikkovi ham boshqalar kabi taom yer edilar. Ey Rasulim, ularga oyatlarimizni qay yoʻsinda aniq bayon qilib berayotganimizga nazar soling. Shundan keyin ham ularning haqdan qay tomonga yuz oʻgirib ketayotganlarni koʻring.

76.Ey Rasulim, ularga: “Allohni qoʻyib, sizlarga zarar ham, foyda ham berishga qodir boʻlmaganga ibodat qilasizlarmi?” – deb ayting. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

77.Ey Rasulim, ularga: “Ey ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylar! Haqsiz ravishda diningiz xususida haddingizdan oshmanglar. Hamda avvalari haq yoʻldan adashgan va koʻplab insonlarni adashtirgan hamda toʻg‘ri yoʻldan toygan qavmning havoyi nafslariga ergashmanglar”, – deb ayting.

78.Bani Isroil avlodlaridan kufr keltirgan kimsalar Dovud payg‘ambar va Maryam oʻg‘li Iso tili bilan laʼnatlanganlar. Bu ularning isyon qilib hadlaridan oshganlari sababidandir.

79.Ular bir-birlarini qilgan nomaqbul ishlaridan qaytarmas edilar. Ularning qilib yurgan ishlari naqadar yomon edi.

80.Ulardan aksariyatini kufr keltirgan kimsalar bilan doʻst boʻlganlarini koʻrasiz. Nafslari oʻzlari uchun taqdim qilgan narsa naqadar yomondir. Alloh ularga g‘azab qilgan va ular jahannam azobida mangu qoluvchidirlar.

81.Agar ular Allohga, payg‘ambarga va unga nozil qilingan kitobga iymon keltirganlarida edi, ularni oʻzlariga doʻst qilib olmas edilar. Lekin ularning orasidan koʻpchiligi fosiq kimsalardir.

82.Ey Muhammad, insonlar orasida moʻminlarga eng qattiq dushman deb, yahudiylar va mushriklarni koʻrasiz. Moʻminlarga doʻstlikda yaqinrog‘i esa “Biz nasroniylarmiz”, – deganlarni koʻrasiz. Buning sababi esa ular orasida ruhoniy va rohiblarning borligi hamda ularning kibr qilmasliklaridir.

83.Ular Elchimiz Muhammadga nozil qilingan Qurʼonni eshitgan paytlarida, uning haq ekanini bilganlari uchun koʻzlaridan yosh toʻlib oqayotganini koʻrasiz. Hamda ular: “Ey Robbimiz, iymon keltirdik va bizlarni haqiqatga guvohlik beruvchilardan qilib yozgin”, – deydilar.

84.Ular: “Robbimiz bizlarni solih qavmlar qatoriga qoʻshishini orzu qilamiz-u, nima uchun endi bizlar Haqdan kelganga iymon keltirmasligimiz kerak?!” – deydilar.

85.Shu aytgan gaplari uchun Alloh ularni tagidan anhorlar oqib turuvchi, u yerda abadiy qolinadigan jannatlar bilan mukofotlaydi. Mana bu yaxshilik qiluvchi muhsin zotlarning mukofotidir.

86.Kufr keltirgan va oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalar esa ana ular doʻzax egalaridir.

87.Ey iymon keltirganlar, Alloh sizlar uchun halol qilib qoʻygan pokiza narsalarni oʻzingizga harom qilmanglar va haddan oshmanglar. Shubhasiz, Alloh haddan oshuvchilarni sevmaydi.

88.Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halol va poklarini yeb-ichinglar. Oʻzingiz Unga iymon keltirgan Allohdan qoʻrqinglar.

89.Alloh sizlarni til uchida aytgan behuda qasamlaringiz uchun javobgar tutmaydi. Lekin sizlarni qalbdan qattiq tugib va xohlab ichgan qasamlar buzilgani uchun javobgar qiladi. Uning kafforoti esa, oʻz oilangizga beradigan oʻrtacha taom miqdorini oʻnta miskinga yedirish yoki ularning kiyimini qilib berish yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki bularni qilishga imkon topa olmasa u holda uch kun roʻza tutishi kerak boʻladi. Mana bular ichgan va keyin buzgan qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni buzishdan saqlanglar. Shukr qilishingiz uchun Alloh sizlarga oyatlarini mana shunday qilib bayon qilmoqda.

90.Ey iymon keltirganlar, aroq va sharob kabi mast qiluvchi ichimliklar, qimor oʻynash, but-sanamlar, fol ochadigan choʻplar shaytonning amalidan boʻlgan iflos ishdir. Bas, undan uzoqlashing shoyad, shunday qilib najot topsangiz.

91.Shayton sizlarni mast qiluvchi ichkilik va qimor oʻynash tufayli oralaringizga adovat va nafrat solishni, Allohning zikrini qilishdan hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Boʻldi endi undan tiyilasizlarmi?

92.Allohga itoat qilinglar va Payg‘ambarga itoat qilinglar hamda harom ishlardan hazar qilinglar. Agar itoatdan yuz oʻgirsangiz, bilib qoʻyinglarki, shubhasiz, Rasulimiz zimmasida, faqat aniq qilib yetkazib qoʻyish bordir.

93.Allohdan qoʻrqqan, iymon keltirgan, ezgu amallarni qilgan, man qilinganidan keyin taqvo qilib haromligiga ishongan, keyin barcha haromlardan saqlanib, yaxshilik qilgan moʻmin va solih ishlarni amalga oshirgan kimsalarga taqiqlanmasdan oldingi yeb ichganlarida gunoh yoʻqdir. Alloh yaxshilik qiluvchi muhsin bandalarni sevadi.

94.Ey iymon keltirganlar, Alloh g‘oyibona, koʻrmagan holda Oʻzidan qoʻrqadigan kishilarni bilish uchun ehromda ekanligingizda qoʻllaringiz va nayzalaringiz uni osonlikcha tutib oladigan baʼzi bir ov oʻljalari bilan sizlarni, albatta, sinab koʻradi. Kimki shu hukmdan keyin haddidan oshib ov qilsa, unga alamli azob bordir.

95.Ey iymon keltirganlar, ehromda boʻlgan holingizda ovni oʻldirmanglar. Sizlardan kimda-kim uni qasddan oʻldirsa uning gardaniga oʻldirgan ovining qiymati barobaricha xonaki hayvonlardan jazo boʻladi. U ham boʻlsa, Kaʼbaga yuborilib, yetib boradigan qurbonlik hadyasidir, uni tayinlashda orangizdan ikki adolatli zot hakamlik qiladi. Yoki boʻlmasa uning miqdoricha miskinlarga taom ulashish yo, shu barobarida roʻza tutish kafforoti bordir. Bu hukmlarning bari qilmishining mashaqqatini totib koʻrish uchundir. Alloh oʻtmishda boʻlib oʻtganlarni kechirdi. Shundan keyin ham kim bu ishni takrorlasa u holda Alloh undan intiqom oladi. Alloh izzati buyuk – Aziz va zolimlar uchun intiqom Sohibidir.

96.Ehromda boʻlsangizlar, ham sizlar va yoʻlovchilar uchun foyda boʻlishi uchun dengiz mahsulotlarining ovi va yeguliklari halol qilindi. Biroq sizlar ehromdalik chog‘ingizda quruqlikdagi ov harom qilindi. Uning huzuriga toʻplanadigan Allohdan qoʻrqinglar.

97.Alloh Bayt ul-Harom boʻlgan Kaʼbani, jang qilish harom qilingan oylarni, qurbonlik uchun keltirilgan hadyani, qurbonlikka atalganini bildirish maqsadida ularga ilib qoʻyilgan taqinchoqli qurbonliklarni insonlarning hayot manbai uchun asos qilib qoʻydi. Bular Allohning osmonlar va Yerdagi barcha narsalardan xabardor ekanini bilishingiz uchundir. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi Zotdir.

98.Yana shuni bilib qoʻyinglarki, Allohning azobi qattiqdir. Hamda, albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

99.Rasulning zimmasida faqat Allohning buyruqlarini yetkazib qoʻyish bordir. Alloh sizlarning pinhona qilgan va oshkora qilgan barcha ishlaringizni biladi.

100.Ey Rasulim, ularga: “Agar nopok narsalarning koʻpligi seni hayron qoldirsa ham, iflos va pokiza narsalar barobar boʻlmaydi”, – deb ayting. Ey aql egalari, Allohdan qoʻrqinglar, shoyad, shunda najot topsangizlar.

101.Ey iymon keltirganlar, javobi bayon qilinganda sizlarni yomon ahvolga soladigan narsalar haqida savol soʻramanglar. Agarda Qurʼon oyatlari nozil qilinayotgan paytda ular haqida soʻrasangizlar, sizlarga u haqda ochib beriladi keyin uni qilish majburiyati yuklatiladi. Alloh undan oldin qilgan xatolaringizni kechirdi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zotdir.

102.Sizdan avvalgi qavmlar ham bu kabi savollarni soʻrashgan edi. Keyin u savollarni inkor qiluvchilarga aylanganlar.

103.Allohbahiyra, soiba, vasiyla, hom”, – deb atalgan hayvonlar xususida biror amr qilmagan. Lekin kufr keltirgan kimsalar Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqiyaptilar. Chunki ularning koʻpchiligi aql ishlatmaydilar.

104.Agarda ularga: “Alloh nozil qilganga va Rasulning yoʻliga kelinglar”, – deyilsa, ular: “Ota-bobolarimizni qaysi yoʻl ustida topgan boʻlsak, oʻsha bizga yetarlidir”, – deydilar. Agar ota-bobolari hech narsani bilmaydigan va toʻg‘ri yoʻlni topa olmaydigan boʻlsa ham, ergashaverasizlarmi?

105.Ey iymon keltirganlar, sizlar oʻzingizga diqqat qilinglar. Modomiki, hidoyat yoʻlini topgan ekansiz, adashgan kimsalar sizlarga zarar keltira olmaydilar. Barchangizning qaytar joyingiz Allohning huzurigadir. Oʻshanda Alloh sizlarga qilgan amallaringiz xabarini beradi.

106.Ey iymon keltirganlar, agar sizlardan biringizga oʻlim holati yaqinlashib qolsa, vasiyat chog‘ida orangizdan ikki nafar adolatli kishini guvoh qilinglar. Agarda boshqa yerlarda safarda boʻlib oʻlim musibati sizlarga yetib qolsa, unda, oʻzingizdan boʻlmagan boshqa ikki nafar kimsani guvoh qilinglar. U ikki guvohni namozdan keyin ushlab turasizlar. Agarda ular haqida gumon qilsangizlar, unda ular: “Qarindosh boʻlsa ham, u qasamni arzimas bahoga sotmaymiz. Allohning guvohligini yashirmaymiz. Agar bunday qilsak, bizlar, albatta, gunohkorlardan boʻlib qolamiz”, – deb Alloh nomiga qasam ichsinlar.

107.Agar u ikki shohidning gunoh ish qilib xiyonat qilganligi fosh boʻlib qolsa, unda ularning oʻrinlariga meros olishga haqi boʻlgan kimsalardan boshqa ikki nafar munosibroq kishi guvohlikka turadi. Ular ham: “Bizning guvohligimiz shohidlik uchun u ikkovining guvohligidan koʻra toʻg‘riroqdir. Biz haddimizdan oshmaganmiz aks holda, biz beshak zolimlardan boʻlib qolamiz”, – deb Alloh nomiga qasam ichsinlar.

108.Mana bu guvohlikni asl talab qilinganiga koʻra qilishlari yoki qasam ichganlaridan keyin bu qasamlarini rad etilishidan qoʻrqib odil boʻlishlari uchun qilingan eng toʻg‘ri usuldir.

109.Alloh barcha payg‘ambarlarni jamlaydigan kunda ularga: “Daʼvatingizga sizlarga qanday javob berildi?” – deydi. Shunda ular: “Bizlar bilmaymiz, albatta, Sen Oʻzing g‘ayblarni yaxshi biluvchisan”, – deydilar.

110.Alloh oʻsha kunda: “Ey Maryam oʻg‘li Iso, senga va volidangga bergan neʼmatlarimni xotirlagin. Oʻshanda seni Ruh ul-Qudus boʻlgan Jabroil bilan qoʻllagan edim. Odamlarga beshikda ekaningda ham, navqiron chog‘ingda ham gapirarding. Hamda senga yozish va hikmat ilmini hamda Tavrot va Injilni oʻrgatdim. Mening iznim bilan loydan qush shaklini oʻxshatib yasar, keyin unga puflarding va u Mening iznim bilan haqiqiy bir qush boʻlib qolar edi. Mening iznim bilan tug‘ma koʻr va pes kasalligini tuzatar eding. Mening iznim bilan oʻliklarni ham tiriltira olar eding. Ularga ochiq-oydin dalillar bilan kelganingda ular orasidagi kufr keltirgan kimsalar: “Bu aniq sehrdir”, – degan edilar. Oʻshanda bani Isroil avlodlarining yomonligidan seni toʻsib qolganimni ham yodga ol”, – deydi.

111.Oʻshanda havoriylarga: “Menga va elchim Isoga iymon keltiringlar”, – deb vahiy qilgan edim. Havoriylar esa: “Iymon keltirdik va bizlarni, albatta, Allohga taslim boʻlganlardan ekanimizga shohid boʻl”, – degan edilar.

112.Havoriylar: “Ey Maryam oʻg‘li Iso, Robbing bizga samodan bir dasturxon tushira olishga qodirmi?” – deb soʻraganlar. Iso ularga qarata: “Agar haqiqiy moʻmin boʻlsangizlar, Allohdan qoʻrqinglar”, – deb javob bergan.

113.Keyin ular: “Biz u dasturxondagi neʼmatlardan yeyishni va qalblarimiz xotirjam boʻlishni hamda bizlarga rost gapirganingni bilishni va bu hodisaga guvohlik beruvchilardan boʻlishni istaymiz”, – dedilar.

114.Shunda Maryam oʻg‘li Iso: “Ey Robbimiz boʻlgan Allohim, bizlarga osmondan bir dasturxon tushirginki, u avvalgi va oxirgilarimiz uchun bizlarga bir bayram va sendan bir moʻʼjiza boʻlib qolsin. Hamda bizlarni undan rizqlantirgin. Sen eng yaxshi rizq beruvchidirsan”, – dedi.

115.Shunda Alloh: “Men uni, albatta, sizlarga tushiruvchiman. Lekin sizlardan kimki shundan keyin ham kufr keltirsa, olamlardan hech kimni azoblamagan azob bilan uni azoblayman”, – dedi.

116.Alloh oʻshanda: “Ey Maryam oʻg‘li Iso, odamlarga Allohni qoʻyib, meni va onamni ikki xudo qilib olinglar deb sen aytdingmi?” – dedi. Iso esa: “Subhanalloh, men haqim boʻlmagan narsani ayta olmayman-ku. Bordi-yu uni aytgan boʻlsam ham, albatta, Sen uni bilar eding. Chunki Sen mening ichimdagilarni bilasan, men esa Zotingdagini bilmayman. Sen Oʻzing g‘ayblarni yaxshi biluvchisan”, – deb javob berdi.

117.Men ularga faqat Oʻzing menga amr qilganlaringni aytdim. U esa, “Robbim va Robbingiz boʻlgan Allohga ibodat qilinglar”, – deganim edi. Ularning orasida boʻlgan onlarimda qilayotgan ishlarida ularga guvoh boʻlib turdim. Meni huzuringga olganingda Sen Oʻzing ularning ustidan kuzatuvchi boʻlding. Sen barcha boʻlib oʻtgan narsalarga guvohdirsan.

118.Agar ularni azoblasang, shubhasiz, ular Sening bandalaringdir. Bordi-yu ularni mag‘firat qilsang, albatta, Sen izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotsan.

119.Shunda Alloh: “Bu kun iymonlariga sodiq qolganlarning rostgoʻyligi foyda beradigan kundir. Ular uchun tagidan anhorlar oqib turuvchi va u yerda abadiy qolinadigan jannatlar bordir. Alloh ulardan rozi va ular ham Allohdan rozi boʻldilar. Mana bu eng katta yutuqdir.

120.Osmonlaru Yerdagi va ulardagi barcha mavjudotning boshqaruvi Allohga oiddir. Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.