17 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.3 июня 2026, среда

Сура Luqmon

Ниспослана в Makka.

21-й джуз,31-я сура,34 аятов

1.Alif, Lom, Mim.

2.Ushbular hikmatli kitobning oyatlaridir.

3.Chiroyli amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat manbaidir.

4.Ular namozni toʻliq ado etadigan, zakotni oʻz joyiga beradigan va oxirat kuniga aniq ishonadigan kimsalardir.

5.Robbilari tarafidan hidoyat topganlar ham ana oʻshalardir va najot topuvchilar ham ularning oʻzidir.

6.Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan boshqalarni Alloh yoʻlidan adashtirish uchun va u yoʻlni masxara qilish uchun bekorchi gaplarni sotib oladilar. Ana ular uchun oxiratda xor qiluvchi azob bordir.

7.Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, uni eshitmagandek boʻladi, goʻyo quloqlarida og‘irlik bordek, kibrlanib, haqdan yuz oʻgirib ketadi. Bas, unga alamli azob haqidaxushxabarberib qoʻying.

8.Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun neʼmatlanish jannatlari bordir.

9.Ular u joyda mangu qoladilar. Bu Allohning haq vaʼdasidir. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

10.Alloh siz uni koʻrib turgan osmonlarni ustunsiz yaratdi. Sizlarni tebratib yubormasligi uchun yerda mustahkam tog‘larni barpo qildi va unda har turli jonzotlarni tarqatib qoʻydi. Hamda Biz osmondan suv yog‘dirib, yerda turli foydali oʻsimliklarni undirib qoʻydik.

11.Bular Allohning yaratgan maxluqotlaridir. Qani, endi, ey mushriklar, sizlar Menga Undan oʻzgalar yerda nimalarni yaratganini koʻrsatinglar-chi! Yoʻq, zolimlar aniq adashuvdalar!

12.Biz Luqmonga hikmat ato qildik va unga: “Allohga shukr qilgin. Kimki shukr qilsa, faqat oʻzi uchun shukr qiladi. Kimki noshukrlik qilsa, bas, albatta, Alloh barcha narsadan behojat – G‘aniy va hamd egasi boʻlgan – Hamid Zotdir”, – dedik.

13.Luqmon oʻg‘liga nasihat qilib: “Ey oʻg‘ilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk katta zulmdir”, – deganini eslang.

14.Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni amr qildik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan qornida koʻtarib yurdi. Uni koʻkrakdan ajratish muddati ikki yilda tugaydi. Biz insonga: “Menga va ota-onangga shukr qilgin. Oxirida qaytishlik, faqat Mening huzurimgadir!” – dedik.

15.Agar ota-onang seni oʻzing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga majburlasalar, u holda ularga itoat qilma. Lekin ularga garchi kofir boʻlsalar ham, dunyoda chiroyli muomalada boʻlgin va Menga tavba qilib qaytgan kishilarning yoʻliga ergashgin. Soʻngra qiyomat kunida qaytishlik Mening huzurimgadir, bas, sizlarga nima amal qilganingizning xabarini beraman.

16.Luqmon: “Ey oʻg‘ilcham, shubha yoʻqki, agar xardal oʻsimligining urug‘idek yaxshi yoki yomon amal qilinadigan boʻlsa, bas, u amal biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida boʻlsa, oʻshani ham Alloh keltiradi. Shubhasiz, Alloh nozik narsalarni koʻra oluvchi – Latif va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir”, – dedi.

17.Ey oʻg‘ilcham, namozni toʻliq ado et, odamlarni yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda oʻzingga yetgan turli balolarga sabr qil. Albatta, mana shu amallar ishlarning puxtasidandir.

18.Odamlarga katta ketib yuzingni burishtirmagin va yer yuzida kerilib yurmagin. Chunki Alloh hech bir kibrli, maqtanchoq kimsalarni sevmaydi.

19.Yurganingda oʻrtacha yurgin va ovozingni pastroq qilgin. Chunki ovozlarning eng xunugi eshaklarning ovozidir.

20.Ey insonlar, Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizning xizmatingizga boʻysundirib qoʻyganini va sizlarga barcha koʻringan va koʻrinmagan neʼmatlarini mukammal qilib berganini koʻrmadingizmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular ilmsiz boʻla turib, hidoyat topmagan va aniq kitobga ega boʻlmagan hollarida Alloh haqida tortishadilar.

21.Agarda ularga: “Alloh nozil qilgan narsaga ergashinglar”, – deyilsa, ular: “Yoʻq, bizlar ota-bobolarimizni nimani ustida ibodat qilganlarini topgan boʻlsak, ana oʻshanga ergashamiz», – deydilar. Bordi-yu shayton ularni lovullagan olov azobiga chaqirib turgan boʻlsa hammi?!

22.Kimki chiroyli amal qiluvchi boʻlgan holida oʻzini Allohga topshirsa, bas, u mustahkam xalqani ushlabdi. Barcha ishlarning oqibati yolg‘iz Allohga qaytadi.

23.Ey Muhammad kimki kufr keltirsa, bas, sizni uning kufri g‘amgin qilmasin. Ularning qaytar joylari Bizning huzurimizgadir. Bas, yaqinda ularga qilgan amallarining xabarini beramiz. Shubhasiz, Alloh koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

24.Biz ularni bu oʻtkinchi dunyoda ozgina muddat foydalantirib, soʻngra qattiq azob tortishga majbur qilamiz.

25.Qasam boʻlsinki, agar ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan?” – deb soʻrasangiz, ular: “albatta, Alloh”, – deydilar. Siz: “Allohga hamd” – deng. Yoʻq, ularning koʻpchiligi haqiqatni bilmaydilar.

26.Osmonlar va Yerdagi bor narsalar Allohnikidir. Shubhasiz, Alloh hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy va maqtovga sazovar – Hamid Zotdir.

27.Agar yer yuzidagi barcha daraxt qalamlar boʻlib, dengiz siyoh boʻlsa va undan soʻng yana yetti dengiz yozish uchun unga yordamga kelsa ham Allohning soʻzlari tugamaydi. Shubhasiz Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

28.Ey insonlar, sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni yaratish va qayta tiriltirishning oʻzginasi kabi osondir. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

29.Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni esa kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatgacha yuradigan qilib boʻysundirib qoʻyganini koʻrmadingizmi?! Albatta, Alloh qilayotgan barcha ishlaringizdan xabardor Zotdir.

30.Buning boisi Allohning Oʻzigina haq iloh ekani, mushriklarning Undan boshqaga iltijo qilayotgan butlari esa botil narsa ekani va Allohning Oʻzigina eng yuksak va oliy Zot ekanidir.

31.Kemalar Allohning neʼmati bilan sizga Uning moʻʼjizalarini koʻrsatish uchun dengizda suzib yurganini koʻrmadingmi?! Albatta, bunda qiyinchiliklarga sabr qiluvchi va neʼmatlarga shukr qiluvchilar uchun belgilar bordir.

32.Qachonki, odamlarni dengizda ketayotganlarida tog‘lardek toʻlqinlar oʻrab olsa, Allohning diniga ixlos etgan hollarida duo qila boshlaydilar. Bas, qachonki, Alloh ularga najot berib, eson-omon quruqlikka chiqarsa, u holda ulardan ayrimlarigina toʻg‘ri yoʻl tutuvchidir. Bizning oyatlarimizni faqat barcha xoin va noshukr kimsalargina inkor qiladilar.

33.Ey insonlar, Robbingizga taqvo qiling va yana shunday bir kundan qoʻrqingizki, u kunda biror ota oʻz bolasi tomonidan hech narsani oʻtab bera olmaydi va bola ham otasi tomonidan biror narsani oʻtab beruvchi emasdir. Albatta, Allohning qiyomat haqidagi vaʼdasi haqdir. Bas, sizlarni oʻtkinchi dunyo hayoti aslo aldab qoʻymasin va sizlarni oʻta aldoqchi shayton, har qanday gunohni Alloh kechaveradi, degan aldov bilan aldab qoʻymasin.

34.Shak-shubhasiz, Allohning huzuridagina qiyomatning qachon boʻlishi toʻg‘risida maʼlumot bordir. U xoxlagan vaqtda va xoxlagan joyga yomg‘ir yog‘diradi va, faqat U bachadonlardagi narsani oʻg‘ilmi-qizmi, budmi nobudmi, baxtlimi-baxtsizmi ekanini biladi. Biror jon egasi ertaga nima ish qilishini bilmaydi. Biror jon qaerda va qachon oʻlishini bilmaydi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.