18 Зу аль-Хиджа 1447 г.х.4 июня 2026, четверг

Сура Muddassir

Ниспослана в Makka.

29-й джуз,74-я сура,56 аятов

1.Ey liboslariga burkanib olgan kishi!

2.Turing-da, insonlarni qiyomat toʻg‘risida ogohlantiring.

3.Robbingizni ulug‘lang.

4.Liboslaringizni poklang.

5.Nopoklikdan yiroq boʻling.

6.Berayotgan narsangizni koʻp sanagan holda ehson qilmang.

7.Robbingiz uchun sabr qiling.

8.Qachonki, qiyomat eʼloni uchun sur chalinganida,

9.Ana oʻsha kun qiyin kundir.

10.U kun kofirlarga oson boʻlmagan kundir.

11.Ey Muhammad, Men yakka qilib yaratgan kimsani Oʻzimga qoʻyib bering!

12.Men unga koʻplab mol-dunyo berdim.

13.Hoziru nozir oʻg‘illarni ham berdim.

14.Yana unga hayot neʼmatlarini oson qilib qoʻydim.

15.Shundan keyin ham u yana ziyoda qilishimni tama qiladi.

16.Yoʻq, uning tamasi behudadir. Chunki, u oyatlarimizga qarshilik qiluvchi edi.

17.Yaqinda Men uni mashaqqatli dovonga mubtalo qilaman.

18.Chunki, u Qurʼon toʻg‘risida yomon fikr yuritdi va hisobga olib qoʻydi.

19.Halokat boʻlsin unga! Qanday hisobga oldi?!

20.Yana halokat boʻlsin, qanday hisobga oldi?!

21.Soʻngra u oʻylagan rejalariga nazar soldi.

22.Soʻngra Qurʼondan ayb topa olmagach, aftini burishtirdi va qovog‘ini soldi.

23.Soʻngra haqdan yuz oʻgirdi va takabburlik qildi.

24.Bas, u: “Bu Qurʼon asar boʻlib kelayotgan sehrning oʻzidir”, dedi.

25.Bu faqat bashar farzandining soʻzidir, dedi.

26.Yaqinda Men uni Saqar nomli jahannamda toblayman.

27.Ey Muhammad, Saqarning nima ekanligini sizga nima bildirdi?!

28.U biror kofirni qoldirmaydi ham, qoʻymaydi ham mudom azob beradi.

29.U terilarni qoraytirib kuydiruvchidir.

30.Uning ustida oʻn toʻqqizta farishta qoʻriqchilik qiladi.

31.Biz doʻzax sohiblarini qoʻriqchi qilib, faqat farishtalardan qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanog‘ini oʻn toʻqqizta qildik. Toki kitob berilgan kimsalar aniq bilsinlar va iymon keltirgan kimsalarning iymonlari yanada ziyoda boʻlsin hamda kitob berilgan kimsalar ham, moʻminlar ham bu xususda shak-shubha qilmasinlar. Yana dillarida munofiqlik illati boʻlgan kimsalar va kofirlar: “Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?” – deyishlari uchun shunday qildik. Alloh Oʻzi xohlagan kimsalarni mana shunday yoʻldan ozdirib qoʻyadi va Oʻzi xohlagan kishilarni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi. Robbingizning qoʻshinlari boʻlgan farishtalarning adadi va sifatini yolg‘iz Uning Oʻzi biladi. U jahannam insoniyat uchun bir eslatmadir.

32.Yoʻq, oyga qasam boʻlsin.

33.Oʻtib ketayotgan tunga qasam boʻlsin.

34.Yorishib kelayotgan tongga qasam boʻlsinki,

35.Albatta, u jahannam katta balolardan biridir.

36.U bashariyat uchun ogohlantiruvchidir.

37.Albatta, sizlardan yaxshilik sari ilgarilayotgan yoki kufr tomon chekinayotgan kishilar uchundir.

38.Har bir jon egasi dunyoda oʻzi kasb qilgani bilan garovlidir.

39.Faqat oʻng tomon egalarigina doʻzaxdan najot topguvchidirlar.

40.Ular jannatlarda bir-birlari bilan savol-javob qiladilar.

41.Jinoyatchi kofirlar haqida savol-javob qiladilar.

42.Ular doʻzax ahliga: “Sizlarni Saqarga nima kiritdi?” – deydilar.

43.Ular: “Bizlar namozxonlardan boʻlmagan edik”, deydilar.

44.Miskinlarga taom beruvchi ham boʻlmadik.

45.Bizlar behuda soʻzlarga shoʻng‘iydiganlar bilan birga shoʻng‘ir edik.

46.Jazo kunini yolg‘onga chiqarar edik.

47.Toki aniq oʻlim kelguncha ishonmas edik.

48.Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermaydi.

49.Ularga nima boʻldiki, eslatmadan yuz oʻgiruvchidirlar?!

50.Xuddi choʻchigan eshaklarga oʻxshab.

51.Sherdan qoʻrqib qochgan eshaklar kabi.

52.Yoʻq, ulardan har bir kimsa oʻziga ochiq sahifalar berilishini istaydi.

53.Yoʻq, aksincha, ular oxiratdan qoʻrqmas edilar.

54.Yoʻq, bu Qurʼon bir eslatmadir.

55.Bas, xohlagan kishi undan eslatma oladi.

56.Ular faqat Alloh xohlaganida Qurʼondan eslatma oladilar. U Oʻzidan qoʻrqilishga loyiq va bandalari uchun mag‘firat Egasidir.